O‘zbekiston | 18:27 / 28.01.2022
29124
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident dars o‘tish mahorati past bo‘lgan pedagoglarni tanqid qildi

O‘zbekistonda 2021 yilda 84 ta maktabning birorta o‘quvchisi OTMga kirmagan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, yig‘ilishda maktablardagi ta’lim sifati va mazmuniga keskin baho berilgan.

Ta’lim-tarbiya — kelajak, hayot-mamot masalasi ekani qayd etilgan.

«Shu bois, bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, maktab ta’limida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak. Chunki biz ko‘p vaqt yo‘qotganmiz», deydi prezident.

Davlat rahbari maktab faqat Xalq ta’limi vazirligi zimmasidagi mas’uliyat emasligini ta’kidladi.

«Agar kimda-kim maktab bu faqat Xalq ta’limi vazirligining ishi, deb o‘ylasa, mutlaqo yanglishadi.

Maktab ta’limi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin», degan Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, foydalanib kelinayotgan ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari faqatgina nazariy bilim berishga yo‘naltirilgan bo‘lib, o‘quvchilarni mantiqiy fikrlashga, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, bir so‘z bilan aytganda, ularni hayotga tayyorlashga o‘rgatmaydi.

Bugungi kunda 504 ming pedagogdan 12 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli, 38 foizida esa umuman malaka toifasi yo‘q hisoblanadi.

«Bu pedagoglarning dars o‘tish mahorati yetarli emas. Ular o‘quvchilarga faqatgina o‘zi chala bilgan narsalarni o‘rgata oladi, xolos. Sababi o‘qituvchilarning o‘zining ustida mustaqil ishlash va rag‘batlantirishning samarali tizimi yaratilmagan. O‘qituvchi sifatli dars o‘tishga emas, ko‘proq soat olishga intiladi», degan prezident.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, maktablarda hanuzgacha 200 dan ortiq hisobot mavjud, o‘qitish, tadbirlar o‘tkazish kabi barcha jarayonlar haddan tashqari qolipga solingan.

Yig‘ilishda maktab ta’lim tizimidagi kamchilik va muammolar sanab o‘tilgan.

Bugungi kunda respublika bo‘yicha 1 695 ta maktab mukammal ta’mirga muhtojligi, 179 ta paxsadan qurilgan maktab mavjudligi, 3 mingdan ziyod maktab uchun qo‘shimcha o‘quv binolari zarurligi tanqid qilingan.

Bundan tashqari, yangi massivlar barpo etilishi, qishloq infratuzilmasi kengayishi va aholi o‘sishi natijasida yana 270 ta maktab qurishga ehtiyoj bor. Hozirda 2,3 mingta maktabning sport zali mavjud emas.

Ta’lim sifati past bo‘lgan 84 ta maktabning birorta o‘quvchisi o‘tgan yili oliygohga kirmagan. Maktab kutubxonalaridagi kitob fondi yillar davomida yangilanmagan. Milliy musiqa anjomlari atigi 615 ta maktabda mavjud hisoblanadi.

Mavzuga oid