Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqand davlat tibbiyot instituti Turkiya oliygohlari bilan hamkorlikni kuchaytiradi
Samarqandda O‘zbekiston-Turkiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchrashuvi o‘tkazildi. Unda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari va Turkiya Oliy ta’lim kengashi prezidenti hamda Turkiyaning 12 ta oliy o‘quv yurti rektorlari ishtirok etdi.
Tashrif davomida Turkiya delegatsiyasi Samarqand davlat tibbiyot institutida ham bo‘ldi. Turkiya Oliy ta’lim kengashi prezidenti Erol Özvar boshchiligidagi mehmonlarni SamDTI rektori Jasur Rizayev kutib olib, institut faoliyati bilan tanishtirdi.
Mehmonlar SamDTI pedagogik jamoasi va talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, o‘quv va laboratoriya xonalari, ta’lim jarayonlari bilan tanishishdi. Tashrif davomida turkiyalik mehmonlar institut muzeyida bo‘lib, faxriy mehmonlar kitobiga esdalik so‘zlarini qoldirishdi.


"Samarqand davlat tibbiyot instituti rektorining taklifiga ko‘ra, ushbu dargohdagi ta’lim jarayoni hamda infrastruktura bilan tanishdik. Zamonaviy o‘quv korpusi va laboratoriyalar tashkil etilgani tahsinga loyiq.
Samarqand Sharq durdonasidir va bu yerda oliy ta’limni yanada rivojlantirish maqsadida Turkiya oliy ta’lim tizimining ilg‘or tajribasini transfer qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni bajarishga tayyormiz”, dedi Turkiya Oliy ta’lim kengashi prezidenti Erol Özvar.



Tashrif doirasida Samarqand davlat tibbiyot institutining navbatdan tashqari ilmiy kengashi bo‘lib o‘tdi va kengash qaroriga ko‘ra, Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti rektori, professor Cevdet Erdolga SamDTI faxriy professori unvoni topshirildi. Professor Cevdet Erdol institut rahbariyati va butun jamoaga minnatdorchilik bildirib, har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Turkiyalik mehmonlar ushbu uchrashuv tarixiy ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etishdi.

Eslatib o‘tish joiz, Samarqand davlat tibbiyot instituti Sog‘liq bilimlari universiteti bilan akademik mobillik bo‘yicha yuzdan ortiq loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2021 yil SamDTIning ellikdan ortiq professor-o‘qituvchilari hamkor universitetlarda malaka oshirishdi. Shuningdek, joriy yilning 18 yanvar kuni Samarqand davlat tibbiyot instituti Turkiyaning “MILCARE” kompaniyasi bilan institut klinikalarida jigar transplantatsiyasi operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzoladi. Bundan tashqari, SamDTI Istanbul madaniyat universiteti, “MosLab” tibbiyot innovatsion kompaniyasi, Turkiyaning Acibadem tibbiyot markazi, “Yuma Medikal” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
SamDTI matbuot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2021
Samarqand davlat tibbiyot institutining yangi muzeyidan mingdan ortiq eksponat o‘rin oldi
09:00 / 19.10.2021
Samarqand davlat tibbiyot institutining 800 o‘rinli binosi foydalanishga topshirildi
10:29 / 18.10.2021
“Immunologiya – XXI asr tibbiyotining poydevori” – SamDTIda o‘tkazilgan xalqaro konferensiya shu mavzuga bag‘ishlandi
10:16 / 15.09.2021