O‘zbekiston | 10:29 / 28.01.2022
2050
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda fuqaroga haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘lgan inspektorga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Surxondaryo viloyati Angor tumanida o‘qishga qatnamagan fuqaroga haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan inspektorga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Angor tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda “Vatanparvar” tashkiloti Angor tumani o‘quv sport texnika klubi kadrlar bo‘yicha inspektori S.M. fuqaro A.ga “B” toifadagi haydovchilik guvohnomasini 1 oy muddatda o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan olib berish evaziga 1,9 mln so‘m olgani aniqlangan. Tekshiruv davomida ixtiyoriy ravishda qaytargan 1 mln so‘mi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid