O‘zbekiston | 10:28 / 28.01.2022
3094
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta’limi tizimidagi barcha maktablarga oid ma’lumotlar yagona platformaga birlashtiriladi

Xalq ta’limi tizimidagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabini ERP’ga ulash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shundan so‘ng maktablarda ishlaydigan 700 mingdan ortiq xodim va 6,2 mln nafardan ziyod o‘quvchiga oid ma’lumotlarning yagona platforma orqali onlayn yuritilishi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Xalq ta’limi tizimida ma’lumotlar almashuvini avtomatlashtirish va boshqarish maqsadida yagona dasturiy kompleks — ERP axborot tizimi ishlab chiqilib, amalda keng joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi.

Enterprise Resource Planning – tashkilot yoki muassasaning mavjud bo‘lgan resurslari hamda jarayonlarni rejalashtirish va boshqarish degan ma’noni anglatadi.

Xalq ta’limi tizimida bu tizim amaldagi jarayonlarni avtomatlashtirish, hujjat almashinuvlarini elektronlashtirish, tizim xodimlariga raqamlashtirish orqali qator yengilliklar yaratish, davlat budjet mablag‘lari ortiqcha sarflanishining oldini olish, inson omilini kamaytirish, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish hamda ma’lumot almashinuvida shaffoflikni ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.

Vazirlikka ko‘ra, ERP platformasi 1-sinfga qabul jarayonida o‘quvchilar ro‘yxatini elektron shakllantirish, o‘quv soatlarini belgilash, pedagoglarga soat biriktirish, malaka toifalarini monitoring qilish, xodimlarga ish haqini belgilash, tabel hisobini olib borish kabi bir qator qulayliklarni taqdim etadi. ERP tizimi boshqa vazirlik va davlat idoralarining axborot tizimlari hamda ma’lumot bazalari bilan ham integratsiya qilinadi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid