O‘zbekiston | 11:53 / 31.01.2022
3197
2 daqiqa o‘qiladi

Inspeksiyalar faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish choralari ko‘riladi

Davlat dasturida “Davlat nazorati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

2022 yilgi davlat dasturining 14-bandiga ko‘ra, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish choralari ko‘riladi.

Bunda, barcha turdagi davlat nazoratini tizimlashtirish va ularni amalga oshirishning aniq mexanizm va tartib-taomillarini belgilash maqsadida “Davlat nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, dasturda davlat boshqaruvi organlari huzuridagi inspeksiyalar faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish choralarini ko‘rish nazarda tutilgan.

Avvalroq, adliya vaziri Ruslanbek Davletov inspeksiyalar faoliyatini tanqid qilgandi.

Mana yaqinda inspeksiyalarni tahlil qildik. 18ta inspeksiya bor, kerak bo‘lsa, bir-biri bilan vazifalari takrorlanayotganlari bor. Umuman, inspeksiyalar bugungi kunda davlat boshqaruvida jamoatchilikning ham e’tiboridan chetda qolyapti. Qanday tekshirishyapti, tadbirkor va fuqarolar bilan qanday munosabatga kirishyapti – ularning faoliyati juda ham shaffof emas.

Masalan, birgina qurilish, uy-joy nazorati sohasida 4ta davlat organi mas’ul. Yoki mahsulotlarning sifati va xavfsizligiga 8ta alohida tashkilot mas’ul bo‘lyapti. Demak, buni qaytadan ko‘rib chiqib, optimallashtirish masalasi ko‘ndalang turibdi”, degandi Ruslanbek Davletov.

Аббос Салайдинов
Tayyorlagan Аббос Салайдинов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid