O‘zbekiston | 20:31 / 01.02.2022
5512
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat buyurtmachilari davlat xaridlariga doir qonunchilik talablarini tizimli ravishda buzib kelmoqda – Antikorrupsiya agentligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xaridlari sohasida 2022 yilning yanvar oyida o‘tkazilgan monitoring va tahlil natijalarini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, davlat buyurtmachilarining davlat xaridlarini maxsus axborot portaliga joylashtirilgan e’lonlari orqali masofaviy monitoring tartibida o‘rganishda davlat xaridlarini sun’iy ravishda qismlarga bo‘lish, bir xil ishtirokchilarning takroran g‘olib bo‘lishi kabi bir qancha qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

«Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 46-moddasida davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 fevraldagi 55-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Qurilish sohasida tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi vaqtinchalik Nizomning 3-bandida, davlat buyurtmachilarining hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2500 baravaridan ortiq (675 mln. so‘m) bo‘lgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari «tender.mc.uz» maxsus axborot portali orqali elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan.

Lekin davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridini amalga oshirish jarayonida yuqorida qayd etilgan qonunchilik talablari tizimli ravishda buzib kelinmoqda.

Xususan, Andijon davlat universiteti tomonidan 2021 yilda qurilish sohasida qiymati 5 mlrd. so‘mdan ortiq 15 ta davlat xaridlari o‘tkazilgan bo‘lib, ular qonun talablariga zid ravishda sun’iy tarzda qismlarga bo‘lingan. Natijada 2 ta tender tarzida «tender.mc.uz» maxsus axborot portali orqali elektron shaklda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan xaridlar 10 ta tanlov shaklida hamda 2 ta holatda bir xil mazmundagi 5 ta tanlovlar qismlarga bo‘lingan holda o‘tkazilgan.

Andijon davlat universiteti tomonidan o‘tkazilgan 15 ta qurilish sohasidagi tanlovlarda 7 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar g‘olib bo‘lib, sun’iy ravishda bo‘lingan xaridlarning deyarli barchasida bir xil ishtirokchilar qatnashgan va bir xil ishtirokchi g‘olib bo‘lgan.

Bundan tashqari:

  • «Navoiy savdo kompleks» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2022 yil 5 yanvar kuni jamiyat savdo kompleksini ta’mirlash bo‘yicha qiymati 21,7 mlrd. so‘mlik;
  • «Toshkentdonmahsulotlari» AJ buyurtmachiligidagi 2022 yil 18 yanvar kuni jamiyat ma’muriy binosini joriy ta’mirlash yuzasidan qiymati 1,627 mlrd. so‘mlik;
  • Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida 2021 yil 27 mart kuni «Samarqand shahar markaziy ko‘cha va xiyobonlariga dizayn asosida daraxt ekish ishlari»ni amalga oshirish bo‘yicha 230 mln. so‘mlik;
  • «Paxtasanoat Ilmiy markazi» AJ buyurtmachiligidagi 2022 yil 17 yanvar kuni mehmonxona binosidagi 5 ta xonalarni buzib qayta rejalashtirish va dizayn asosida 8 ta lyuks xonalarga aylantirish yuzasidan qiymati 996 mln. so‘mlik;
  • «Transgazinjiniring» MChJ buyurtmachiligida 2022 yil 21 yanvar kuni «qurilish-ta’mirlash ishlari»ni bajarish yuzasidan qiymati 2,456 mlrd. so‘mlik;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi «Ma’muriy-xo‘jalik xizmati» DUK buyurtmachiligida 2022 yil 24 yanvar kuni vazirlik ma’muriy binosini joriy ta’mirlash yuzasidan qiymati 1,681 mlrd. so‘mlik.

Aksilkorrupsiya agentligi yuqoridagi qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha buyurtmachilarga davlat xaridlarini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish haqida 7 ta taqdimnoma va 1 ta so‘rovnoma kiritilganini, buyurtmachilar taqdimnomalarni ko‘rib chiqayotganini bildirdi. 

Mavzuga oid