O‘zbekiston | 11:00 / 01.02.2022
345
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston maktablarida Keytering tizimi joriy qilinadi

Foto: O‘zA

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1—4-sinf o‘quvchilarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlash belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, respublikada 726 ta umumta’lim maktabining 406 tasida oshxona va bufetlar mavjud, 326 tasida esa yo‘q.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga oshxona yoki bufetlari yo‘q umumta’lim maktablarini bosqichma-bosqich yangidan qurish va ta’mirlash ishlariga muhtojlarini ta’mirlash va uskunalash ishlari bo‘yicha taklif berilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1—4-sinf o‘quvchilarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlash maqsadida 2022 yil 1 apreldan boshlab Keytering (tadbirkorlar tomonidan tayin oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish) tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ayni paytda tanlovda ishtirok etuvchi tadbirkorlik sub’yektlari ro‘yxatini shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, hozirgi vaqtda oshxona bilan ta’minlanmagan umumta’lim maktablarining o‘quv xonalarining o‘zida sanitariya talablari va me’yorlariga amal qilgan holda tushlik tashkil qilish nazarda tutilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktablarida 1—4-sinflarda jami 139 ming 363 o‘quvchi ta’lim oladi.

Bundan oldin Qoraqalpog‘iston va Xorazmda o‘quvchilarni bepul ovqat bilan ta’minlash uchun budjetdan 200 milliard so‘m pul ajratilgandi.

Шуҳрат Саидаҳматов
Tayyorlagan Шуҳрат Саидаҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid