Jahon | 21:40 / 03.02.2022
32803
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh harbiylari Suriya shimolida maxsus amaliyot o‘tkazdi. IShIDning navbatdagi rahbari o‘ldirilgan

Amerika maxsus topshiriqli otryadi Suriyaning Idlibida radikal kuchlarga qarshi so‘nggi ikki yillikdagi eng jiddiy amaliyotini o‘tkazdi. AQSh prezidenti Jo Baydenning ma’lum qilishicha, amaliyot davomida IShID yetakchisi Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy o‘ldirilgan.

Foto: US DEPARTMENT OF STATE

«Kecha tunda AQSh harbiylari mening buyrug‘im bilan Suriya shimoli-g‘arbida Amerika xalqi va ittifoqchilarimizni himoya qilishga qaratilgan kontrterror operatsiyasini muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirishdi. [...] biz jang maydonida IShID rahbari Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiyni yo‘q qildik», — deyiladi Jo Baydenning bayonotida.

Bundan tashqari, Bayden tvitter akkauntida o‘zi, vitse-prezident Kamala Harris va prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoasi a’zolari aks ettirilgan fotosuratni joylashtirdi. Suratga izohda ular al-Qurayshiyni yo‘q qilish operatsiyasini kuzatishayotgani aytilgan.

Al-Hoshimiy al-Qurayshiy 2019 yil kuzida, Abubakr al-Bag‘dodiyning o‘limidan keyin (uni ham amerikalik harbiylar yo‘q qilgan) IShID xalifasi sifatida e’lon qilingandi.

Idlibda, Turkiya bilan chegara yaqinidagi Atme shahriga uyushtirilgan reydda, dastlabki xabarlarga ko‘ra, jami 13 kishi o‘ldirilgan.

«Oq kaskalilar» tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Atme yaqinidagi uyga qilingan hujum oqibatida halok bo‘lganlarning olti nafari bolalar, to‘rt nafari ayollar.

Qarorgohi London shahrida joylashgan Suriya inson huquqlari bo‘yicha monitoring markazi esa to‘rt bola va uch ayol o‘ldirilgani haqida ma’lum qilgan.

«Frans-press» agentligi shaxsi sir saqlanishini istagan amerikalik amaldorga tayanib xabar qilishicha, al-Qurayshiy jang vaqtida o‘zini portlatib yuborgan va natijada uning xotinlari va bolalari ham halok bo‘lgan.

Reyd nishoni Atme shahri atrofidagi ikki qavatli uy bo‘lgan - unda Al-Hoshimiy Al-Qurayshiy yashagan. US DEPARTMENT OF STATE

The New York Times nashrining yozishicha, amaliyotda yigirma nafar maxsus xizmat askarlari, harbiy vertolyotlar va dronlar qatnashgan.

Vertolyotlarda kelgan spetsnaz

Voqea joyidan olingan xabarlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi Idlibdagi Atme shahri hududiga amerikaliklarning bir necha vertolyotlari qo‘ngan. Tarqalgan audiolarda amerikalik harbiylar ovoz kuchaytirgichlar orqali arab tilida ayollar va bolalarni xavfli hududni tark etishga chaqirgani eshitiladi, ko‘p o‘tmay jang boshlanib, ikki soatga yaqin davom etadi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar bo‘linmasi qattiq qarshilikka duch kelgan; ularga qarata granatomyotlar va yirik kalibrli pulemyotlardan o‘t ochilgan.

Otishma tingach, vertolyotlar uchib ketgan.

Reyd guvohlari Reuters agentligiga jang maydonida bir necha jasad va juda ko‘p qon ko‘rishganini aytishgan.

«Frans-press» agentligining mahalliy muxbiri jangdan keyin  Atmedagi reyd nishoni bo‘lgan uyga kirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uy devorlari o‘qlardan ilma-teshik bo‘lgan, devorlar qonga belangan, shiftni portlashdan keyin qurum qoplagan, derazalar chil-chil singan, tomning bir qismi qulagan.

Suriya inson huquqlari bo‘yicha monitoring markazi bu reyd - amerikalik harbiylar Suriya shimoli-sharqida 2019 yil oktyabrida IShIDning avvalgi rahnamosi Abubakr al-Bag‘dodiyni o‘ldirish uchun o‘tkazgan amaliyotdan keyingi eng jiddiy amaliyot bo‘ldi.

3 fevralga o‘tar kechasi o‘tkazilgan reyddan keyin uyning ichki ko‘rinishi. Foto: EPA

Muxolifatning so‘nggi tayanchi
Suriya muxolifatining so‘nggi tayanchi bo‘lib qolayotgan Idlib provinsiyasini asosan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi nazorat qiladi. 2017 yilga qadar bu guruh «Al-Qoida»ning filiali hisoblangan va hozirga qadar IShID bilan dushman kayfiyatda bo‘lib keladi.

Suriyaga jang qilish uchun kelgan va Idlibda to‘plangan xorijlik jangarilar «Hay’at Tahrir ash-Shom»dan ajralgan va «Xurras ad-Din» guruhini tuzishgan, endi shu guruh «Al-Qoida»ning Suriyadagi filiali hisoblanadi.

«Hay’at Tahrir ash-Shom» tez-tez «Xurras ad-Din»ga qarshi reydlar o‘tkazib turadi, amerikaliklar esa vaqti vaqti bilan dronlardan raketalar uchirish orqali ushbu ikki guruh yetakchilarini o‘ldirib turadi.

Mavzuga oid