Sport | 15:53 / 03.02.2022
31549
15 daqiqa o‘qiladi

«Futbolimiz – tizimli yolg‘on». Baxtiyor Hamidullayev bilan ochiq intervyu

«Andijon» klubi sobiq futbolchi va murabbiyi, O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq a’zosi Baxtiyor Hamidullayev Tribuna.uz saytiga intervyu berib, o‘zbek futbolida siz eshitmagan voqealar va muammolarni ochiqladi. U futbolimiz, undagi muammolar, kechasi va buguni haqida gapirdi.

90-yillar oxiri, yangi mingyillik boshlarida O‘zbekiston futbolida yaxshi hujumchilar bisyor edi. Voha-yu vodiy, poytaxt-u shimolgacha barcha hududlar – Oliy ligada qatnashadigan deyarli barcha klublarda o‘zining to‘purar hujumchilari bor edi. Tabiiyki, milliy jamoada ham bu borada muammo yo‘q, hujum chizig‘ida raqobat yetarli edi. To‘purarlar bahsida goh u, goh bu goleodorning ismi yetakchilar qatorida bo‘lar, kim o‘zarga gol urish avjiga chiqqan mahallar. O‘sha davrning o‘ziga xos straykerlaridan biri, o‘z ampluasida yorqin o‘yinlar namoyish etgan, Andijonning faxri bo‘lgan hujumchi Baxtiyor Hamidullayev futbolimizda yorqin iz qoldirgan, tarix sahifalariga o‘z nomini yozdirib qo‘ygan iqtidorli hujumchi – bu daf’a Tribuna.uz suhbatdoshi.

«Futbolsiz zerikdim»

– Hozirgi kunda futboldan uzoqdaman. Murabbiylik «B» litsenziyam bor, endi «A» litsenziyaga o‘qishim kerak. Bor e’tiborim shunga qaratilgan. Futbolsiz qiyin ekan. Boshqa sohani eplash ham qiyin bo‘larkan. Men faqat futbolga intilyapman. Bir vaqtlar Yuriy Sarkisyan aytgandi: eslab qol, bir kun kelib futboldan haydashadi sizlarni, hozir qadriga yetgin, hozirdan kelajaging uchun zamin hozirla, deb. Boshqa ishlarim ham bor edi-ku, ammo baribir futboldan tashqarida bir ish qilolmasam kerak.

«Futbolchilarni aldash oddiy hol edi»

– To‘g‘risini aytaman: «Andijon»da deyarli 13 mavsum o‘tkazgan bo‘lsam, yarmini rahmat uchun o‘tkazganman. O‘sha paytlarda klubda futbolchilarni aldash avjiga chiqqandi. Hozirgi kunni bilmayman, lekin biz o‘ynagan davrda faoliyatimizning yarmida tekinga o‘ynagan edik. Aslida, futbolchi va klub o‘rtasidagi shartnoma 3 nusxada bo‘ladi. Biz esa 4ta qog‘ozga shartnoma imzolardik. Birinchisiga futbolchi o‘z talablarini yozadi, klub esa imzo chekib, muhr bosib beradi. Lekin bu hujjat hech narsaga yaramaydi. Qolgan 3ta shartnomani klub to‘ldiradi va siz qo‘l qo‘yasiz. Futbolchilar aldanishardi, rahbariyat shu qadar tovlamachi bo‘lib ketgandiki, tasavvur qila olmaysiz.

Foto: Andijon FK

Misol uchun, mening ukam bilan ham shunday voqea sodir bo‘lgan. Mashg‘ulotlardan qaytayotganida uni ushlab, akang bilan gaplashdik, mana bu hujjatlarga qo‘l qo‘yishing kerak, deb hujjatlarga imzo qo‘ydirishgan. Men hech kim bilan hech narsa haqida gaplashmagandim. Keyin bilsak, ukamga 5 yillik ko‘tarma pulini klub to‘lab bergani haqidagi hujjatga imzo chekdirib olishgan ekan. Taxminan, 5 yil uchun 50 ming dollar miqdoridagi pul edi. U pulni esa, tabiiyki, rahbarning o‘zi «yeb yuboradi».

O‘sha mavsumning so‘nggi 4 o‘yinida ukam 6 gol urgandi. Bunday ishlardan so‘ng, u boshqa futbol o‘ynamadi, ruhan sinib qoldi. Aslida, u Rauf Inileyev nazariga tushib, milliy jamoa bilan Taylandga ham borib kelgandi.

«Ro‘ziqul Berdiyev 25 ming berishga tayyorligini aytgandi, Andijon hokimi Qashqadaryo hokimiga qo‘ng‘iroq qilgan ekan»

– 30 yoshdan o‘tganingizdan so‘ng, klubdagilarning sizga munosabati yana ham o‘zgarib qoladi. Klub uchun kim qanday xizmatlar qilgani ma’lum-ku! Ular o‘z o‘rinlarini berib qo‘ymaslik uchun bizni jamoadan chetlashtirishga harakat qilishar edi. O‘sha vaqtda «Andijon»da 15 ming atrofida ko‘tarma puli olardim, «Nasaf»dan Ro‘ziqul Berdiyev aloqaga chiqib, 25 ming berishga tayyorligini aytgandi. Shunda men Andijon hokimi Ahmadjon Usmonovning oldiga kirganman, klubga sig‘may qoldim, Qarshidan taklif tushyapti, deb aytganimda shu yerda kerakligimni aytgandi va biroz jahli ham chiqqan. Keyin esa Qashqadaryo hokimi Nuriddin Zayniyevga qo‘ng‘iroq qilgan ekan va shu tariqa Andijonda qolib ketganman.

Shundan keyin yarim yilcha futbol o‘ynamadim. Hokimning aytgani aytgan, degani degan – qo‘limdan hech narsa kelmasdi. Yarim yildan so‘ng, yana meni chaqirib, go‘yoki yarashib oldi, meni yana futbol o‘ynashga ko‘ndirdi. Ikkinchi davradan yana «Andijon»da o‘ynay boshlaganman.

«Paxtakor»da Agamurodov menga imkon bermadi»

– Turkmanistonlik Yozgeldi Qutdonov Tachmurod Agamurodov o‘zi orqali meni «Paxtakor»ga chaqirayotgani haqida gapirib qoldi. Barcha sharoitlarni yaratib bermoqchiligini aytgandi. O‘ylab qarasam, O‘zbekiston chempionatida qiladigan ishim qolmagan ekan. Chempionlar ligasida o‘ynamoqchi bo‘ldim.

Borib gaplashdik, kelishuvga erishdik. Qish davomida Turkiya va BAAda yig‘inlar bo‘lib o‘tdi. O‘rtoqlik o‘yinlarida tinimsiz gol urgandim. O‘sha vaqtda 2002 yilgi jahon chempionatida Ispaniya va Italiyani yutgan koreys futbolchilaridan 4tasi o‘ynaydigan klubni ham 3:2 hisobida yutgandik, men 2ta gol urganman. Bir qarashda asosiy tarkibda o‘ynashim aniqdek edi. Shamakovich meni milliy chempionatda maydonga tushirar edi, biroq Chempionlar ligasida o‘ynamas edim. Birinchi turda maydonga tushirishganida gol urgandim-ku! Keyin umuman o‘ynatmay qo‘yishdi. Adolatsizlik bo‘ldi. Mening pozitsiyamda turkmanistonlik Aleksandr Kroxmal bor edi-da. U esa Agamurodovning hamyurti. Kroxmal jarohati bilan ham o‘ynardi. Lekin o‘sha vaqtda mashg‘ulotlarda ham sezardim — men undan ustunroq edim.  

Toshkentda o‘tgan «BeK Tero» (Tayland) bilan o‘yinni eslasangiz kerak. Birinchi o‘yin 1:3 hisobida yutqazganmiz. Bizga kamida 2:0 hisobidagi g‘alaba kerak. Bunday vaziyatda jamoada hujumchi bo‘lishi shart. Bu paytgacha murabbiy bilan aloqalarimiz biroz yomonlashib qolgandi. O‘yin vaqtida Andrey Vlasichev bilan zaxirada o‘tirgandik va u ushbu o‘yin o‘zaro munosabatlarni o‘ylaydigan bellashuv emasligini, murabbiy meni maydonga tushirishi kerakligini aytgandi. Ammo murabbiy meni o‘ynatmadi. O‘yin tugaganidan so‘ng, Bikmayev oldimga keldi. Juda yosh bola edi, ko‘zida yosh bilan bugun men emas, siz maydonga tushishingiz kerak edi, dedi. O‘yin 1:0 hisobida yakunlandi, «Paxtakor» final ostonasida to‘xtadi. O‘yindan keyin bir guruh muxlislar jamoa joylashgan mehmonxonaga kelib, Tachmurod Agamurodovni so‘roqqa tutishgan: nega Hamidullayevni maydonga chiqarmading, qabilida.

Ko‘pchilik mendan so‘raydi: milliy jamoaga ham borib, nega maydonga chiqmasdingiz? Bu – murabbiyning tanlovi! «Andijon»da doim asosiy tarkibda o‘ynaganman, «Paxtakor»da ham raqobatda yutqazmaganimga ishonaman.

Andijonlik futbolchilar nega ketib qolgan?

– Milliy jamoada o‘ynagan bir qator futbolchilar Andijondan: Oleg Zoteyev, Vagiz Galiulin, Shavkat Mullajonov, Otabek Qilichev... Lekin aynan «Andijon» klubidan milliy jamoaga juda kam futbolchi chiqqan. Yuqoridagi futbolchilar Andijondaligida o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynab yurgan, lekin katta futbolga ularni Toshkent tarbiyalagan. Nega ular ketib qolgan? Chunki, jamoa yosh iqtidorlarni ushlab qolmagan.

Nega mahalliy o‘yinchilar qadrlanmagan? Sababi, chetdan qancha futbolchi kelsa, rahbarning cho‘ntagiga shuncha foyda. Bu tizimlashib ketgan Andijon futbolidagi illat. Men kelganimdan so‘ng, mana shu tizimni biroz bo‘lsa-da o‘zgartira oldim, deb o‘ylayman.

Legionerlar va «Andijon»da nega ishlay olmagani haqida

– Ba’zi bir legionerlardan o‘zimizning akademiyalardan chiqqan futbolchilar kuchliligi haqida eshitganmiz. Ularning turishidan ham qanday o‘ynashi ma’lum. Shu futbolchilarga bekordan bekor 3 ming dollar maosh berilar ekan. Aslida esa, o‘sha puldan 500-700 dollar mablag‘ ularning qo‘liga tegar ekan, qolgani esa klub rahbarlariga. Futbolimizda bu oddiy hol, yashiradigan joyi yo‘q.

Foto: Tribuna.uz

O‘tgan mavsum «Andijon»da ishlaganimda jamoada o‘zim xohlagan muhitni yaratishga harakat qilib ko‘rdim. Lekin bir o‘zim qiynaldim, maslakdoshim yo‘q. Ishlashga qo‘yishmaydi, xalal beraverishadi. Dushman ichingizda, tavba. Jamoaning mag‘lubiyatini istaydiganlar bor, chunki muvaffaqiyatsizliklar ortidan ishlab turganlar ketsa, ularning o‘rniga o‘sha odamlar kelib, jamoa boshqaruvini qo‘liga olsa.

«Sho‘rtan» bilan o‘yinga bormasligim uchun 20 ming dollar taklif qilishgandi»

– Bir kuni o‘yindan oldin Arturas Fomenko «feysbuk»dan yozyapti: tarkibni tezda o‘zgartir, bu o‘yinchilar o‘yinni sotishadi, deganga o‘xshash gap qildi. Hayron bo‘ldim, ammo start-listga tegmadim. Keyin bilsam, totalizatorchilar tarkib uchun ham pul tikishar, asosiy tarkibni topganga katta pul tegar ekan. Hozir ham ayrim o‘yinlarda kuzatganmisiz – asosiy tarkib o‘yinga bir necha daqiqa qolganida o‘zgarib qoladi.

Yana bir voqeani aytay: 2006/2007 yillar mavsumining oxirgi turida «Sho‘rtan»ga ligada jon saqlab qolishi uchun 1 ochko kerak edi. Biz ligada qolish masalasini allaqachon hal qilib bo‘lgandik. G‘uzorliklardan menga qo‘ng‘iroq bo‘lgandi: o‘yinga kelmasang, uyingga 20 ming dollar jo‘natamiz. Men rozi bo‘lmadim. Biroz o‘tib, bir do‘stim telefon qildi: «Sen ahmoqmisan? 20 ming dollarni olsang-chi!», — dedi. Meni ko‘ndira olishmagach, murabbiylarga aloqaga chiqib, o‘yinni sotib olishibdi. Men o‘sha o‘yinda ukamga golli pas berdim, ukam gol muallifi, ammo yakunda «Sho‘rtan» g‘alaba qozondi baribir. Pulni olishganda. Maydonda spektakl o‘ynab berishdi futbolchilar.

«Avvalgi futbolchilar kuchliroq edi»

– Biz Igor Shkvirin, Shuhrat Maqsudov, Ravshan Bozorov darajasidagi hujumchi bo‘la olmadik. Bizdan keyingi avlod undan-da sifatsiz. Eldor Shomurodov-chi, deysizmi? Shu birgina, boringki, ikki nafardir yaxshi hujumchi. Yana kimlarni ayta olasiz? Eldor Yevropaga borgan bo‘lsa, o‘z davrida Maksim Shatskix ham shunday yo‘lni bosib o‘tgan-ku.

Murabbiy bo‘lib ishlaganimda qancha futbolchilarni ko‘rdim – elementar ko‘rsatmalarni tushunishmaydi. Ota-onasi pul berib futbolchi bo‘lganlar qancha.

«Kim o‘zi u?» Milliy jamoadagi faoliyati haqida

– Milliy jamoada o‘ynab ketish viloyatlardan borganlarga oson emas edi, ha. Bir misol aytay: Olimpiya jamoasi bilan Goada yig‘indamiz. Men va Ulug‘bek Baqoyev tarkibdamiz, o‘sha yillari Oliy ligada paydar-pay gollar urib yuribmiz, asosiy tarkibda esa boshqa futbolchi o‘ynayapti. Kim o‘zi u? Nega ligada to‘purar bo‘lib turgan biz emas, u o‘ynayapti asosiyda? Shunaqa holatlar ko‘p bo‘lgan-da.

«O‘FAga borsam, o‘qish boshlanishiga 2 oylab vaqt bo‘lsa ham, ro‘yxat to‘lib bo‘lgan deyishadi»

– 43 yoshdaman, futbolchilik faoliyatimni yakunlaganimga qariyb 11 yil bo‘ldi. Hozircha «B» litsenziyam bor. O‘FAga borsam, o‘qish boshlanishiga 2 oylab vaqt bo‘lsa ham, ro‘yxat to‘lib bo‘lgan deyishadi. Keyingisida o‘qiysiz deb, telefon raqamlarimni olib qolishadi, lekin darak yo‘q. Noiloj, Bishkekda o‘qib keldim o‘sha «B» litsenziya uchun. Tojikiston va Qirg‘izistondagi tanishlarimga aytib qo‘yganman: «A» litsenziya uchun Tojikiston yoki Qirg‘izistonda o‘qib kelaman, chunki o‘zimizda tanish-bilishchilik, pul uzatish kerak, shekilli – joy yo‘q. Assotsiatsiyadagilar doim akademiyadagi murabbiylarni o‘qitishni maqsad qilganini aytadi. U holda bizga o‘xshaganlar nima qilsin, qayerda o‘qisin?

Men zavoddan yoki bozordan futbolga kirib kelmayapman-ku! Andijonda qorovul, oshpaz va yana allakimlar murabbiy bo‘lib ishlayapti. Mana shunaqalar futbolga murabbiylik qilganidan so‘ng, qanday futbolchilar yetishib chiqsin? Bu Andijon futbol akademiyalaridagi maynavozchiliklardan biri. Siyosat o‘sha-o‘sha: futbol ichidagi odamlarni siqib chiqarish, faqat o‘z so‘ziga yuradiganlarni atrofiga to‘plab olish.

Foto: Andijon FK

«Andijon» klubining hozirgi rahbari Jur’atbek Quvvatov bilan fikrimiz bir joydan chiqqan. U ham viloyat yoshlaridan klub asosini shakllantirishni asosiy vazifasi, deb biladi. O‘tgan yilda U-21 jamoasini boshqardim, sovrinli o‘rinlar uchun ham kurashdik. Futbolchilarning hammasini o‘zim saralab oldim. Ota-onalar bolam o‘ynasin deb, kelib pul bermoqchi bo‘laverar ekan. Birortasini qabul qilmadim. Kuchlilar o‘ynasin!

«Yuqoridan bo‘lgan topshiriqni bajarmay, futbolchini almashtirmaganim uchun «Andijon»dan ketdim»

– «Surxon»ga qarshi o‘yinda Doniyor Mullajonov qo‘ng‘iroq qilib, 15-daqiqada o‘yinchi almashtirishimi kerakligini yuqoridan so‘rashayotganini aytdi. Iya, qanaqasiga? O‘zi koronavirus va jarohatlar sabab 13 nafar futbolchimiz qolgan. O‘yin boshidayoq almashtirsam, qolgan daqiqalarda nima qilaman? O‘zgarishlarni keyinroq qilish kerak emasmi, shundoq ham zaxiramiz yo‘q-ku. Yuqoridan bo‘lgan topshiriqni bajarmay, futbolchini almashtirmaganim uchun jamoadan ketdim. Bu iste’fo ham emasdi, sababi, so‘nggi 7 o‘yinda atigi 2 bor mag‘lub bo‘ldik. Raqiblar biz bilan hisoblasha boshlagandi, endi avvalgidek ochko ulashadigan jamoa emasdik.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi Azimjon Vohidov.

Mavzuga oid