O‘zbekiston | 07:35 / 03.02.2022
13995
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yo‘lning o‘rtasida ovqatlangan yigitning onasiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lning qatnov qismini ajratib turuvchi bordyur ustida yosh yigitning ovqatlanayotgani aks etgan video tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB tomonidan holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi. 

Videodan kadr

Aniqlanishicha, joriy yilning 31 yanvar kuni taxminan soat 10:00 larda voyaga yetmagan, 2004 yilda tug‘ilgan S.O. Shayxontohur tumani “Xadra” MFY hududidagi yo‘lning qatnov qismidagi bordyur ustida ovqatlangani videotasvirga olingan. 

“Voyaga yetmagan S.O. ushbu xatti-harakatlari bilan o‘zi va atrofdagi shaxslarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagan”, deyiladi xabarda. 

Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmagan S.O. bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan, uning onasiga esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (“Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.   

“Hurmatli ota-onalar! Farzandingiz qayerda yurgani va nimalar bilan band ekanidan doimiy ravishda xabardor bo‘lib yuring. Yo‘lning transport vositalari uchun belgilangan qatnov qismi o‘yin maydoni emas. Birgina “layk” ortidan quvish inson o‘limi bilan yakun topishi mumkinligini unutmang”, deyiladi IIBB ma’lumotida. 

Mavzuga oid