Sport | 11:04 / 04.02.2022
23499
20 daqiqa o‘qiladi

«Fri yoki burger boylarning farzandlari uchun edi». Jorjinoning hayajonli hikoyasi

Foto: UEFA

O‘tgan yilda «Oltin to‘p» uchun kurash asosan Messi yoki Levandovski kabi yulduzlar orasida kechgan bo‘lsa-da, yana bir nom borki, uning nomzodi hech kimda kamida e’tiroz uyg‘otmadi. «Chelsi»ning YeChLdagi g‘alabasida qahramonlar ko‘p bo‘lsa-da, Jorjino Italiya terma jamoasida ham asosiy figuralardan biri edi. Manchini uni final kuni, hatto jarohat bilan ham maydonda saqlab turgani, futbolchining jamoada naqadar muhim o‘rin tutganini bildiradi. Yilning har ikki buyuk g‘alabasini umumlashtiruvchi yagona futbolchi – Jorjino.

Uni payqash oson emas. Lekin rad ham eta olmaysiz. Bunga yo‘l qo‘ymaydi. Futbolchining hayot hikoyasini tinglasangiz, yanada amin bo‘lasiz.

Xonalarimiz iflos edi. Ayni ovqatni kunda uch mahal yer edik. Yuvinish xonalarida issiq suv bo‘lmasdi. Hatto qishda ham. Tashqarida esa mahalliy bezorilar bizni to‘nash payida bo‘lishardi. Bu - Braziliyada, Guabirubedagi futbol lagerim. Oilamdan yuz mil uzoqlikda yashaganman. U paytlarda yoshim atigi o‘n uchda edi, do‘stim.

Bu xuddi armiyaga o‘xshardi. Kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot, keyin esa o‘qish. Bu yerga kelishimdan oldin San-Pauludagi uch klubda sinovdan o‘tdim, ammo barchasi meni rad qilgach, ona shahrim bo‘lmish Imbitubuga qaytgandim. O‘sha yerda bir italiyalik agent meni o‘zi boshqaradigan lagerga taklif qildi. Uning aytishicha, o‘zini yaxshi ko‘rsata olgan bolalarda Italiyaga borish uchun kichik imkoniyat paydo bo‘lar ekan. Qaysi bolakay Yevropaga borishni istamaydi?

Balki hayron qolishingiz mumkin, lekin lagerdagi qiyin hayot men uchun normaga aylanib ham qolgandi. O‘zim uchun kashf qildim-ki, sharoit har qancha og‘ir bo‘lmasin, inson unga moslasha olar ekan. Agar boshqa tanlov imkoniyati bo‘lmas ekan, har qanday holatga chiday olasan.

Bilasizmi, besh yoshimda otam mendan katta bo‘lganimda kim bo‘lishimni so‘raganida, «futbolchi» deb javob berganman.

«Ammo futbolchi bo‘lish sen televizorda ko‘rganingdek, oson ish emas» – degandi u, - «Juda ko‘p qiynalasan, yig‘laysan, hayotingni olib qo‘yishadi. Uyga ketging keladi, mag‘lub bo‘lishni tan olishga majbur bo‘lishing mumkin. Xo‘sh, katta bo‘lganingda kim bo‘lasan?»

«Futbolchi» – dedim men yana bir marta.

Men hammasiga tayyor edim. Bir kuni lagerga onam ko‘rgani keldi. Yuvinish xonamizga kirib chiqqach, menga narsalarimni yig‘ishtirishni, uyga ketishimizni aytdi.

«Oyi, men hech qayerga ketmayman», – dedim.

«Bilaman, bu sening orzung. Lekin mening o‘g‘lim bunday sharoitda yashamaydi».

Men unga agar uyga majburan olib ketilsam, keyin futbolchi bo‘la olmasligimni va kelajakda uning vijdoni qiynalishini aytdim. Oyim yig‘lab yubordi.

«Bu men uchun imkoniyat. Qiyinchiliklarga duch kelishim meni xavotirga solmaydi. Bir ovqatni o‘n kunlab yeyishim mumkin, har kuni iflos hojatxonaga borishim mumkin. Hech narsa qilmaydi».

Onam jiddiyligimga amin bo‘ldi, lekin yig‘lab lagerni tark etdi. Bu hayotimdagi eng og‘ir holatlardan biri bo‘lgandi. Bilasizmi, bu onam uchun qanday ekanini tushunaman – u futbolga qiziqmaydigan boshqa onalardan emas. Yo‘q, do‘stim. Butun iste’dodim undan o‘tgan. To‘g‘ri, hozir otam xafa bo‘lishi mumkin, lekin, dada, bilasan-ku, bu haqiqat! Onam futbolchilar oilasi vakili va haligacha o‘ynaydi. Besh yoshimdan u men bilan plyajda to‘p tepgan. Biz shunchaki ko‘ngilxushlik qilardik, lekin biror narsani noto‘g‘ri amalga oshirsam, darhol to‘g‘rilardi.

U juda qattiqqo‘l edi. Agar bir necha bor oddiy paslarni bera olmasam, tashlanib ham qolardi. Ey, Xudo, men atigi besh yoshdaman, sekinroq, derdim o‘zimga, ha-ha-ha!

Ammo u menga eng yaxshi narsalarni istardi, tushunyapsizmi? Shuning uchun uyga qaytmasligimni aytganimda, qattiq aziyat chekkandi. Juda ko‘p iqtidorli bolalar taslim bo‘lib, lagerni tark etganini ko‘rgandim.

U yerda ikki yil o‘tkazdim. Xayriyatki, hammasi bejiz ketmadi va 15 yoshimda «Verona» men bilan shartnoma imzoladi. Bizni eski bir ibodatxonaga joylashtirishdi. Olti nafar o‘smirlar edik, kichikkina xonaga uchta ikki qavatli karavot olib kirishdi. Bu hali hech narsa emas, lekin qattiq hayajonda edim.

Italiya! Endi hammasining imkoni bor.

Dastlabki uch oy zo‘r o‘tdi. Ammo keyin qiynala boshladim, chunki, qachon uyga qaytishim mumkinligi haqida hech narsa bilmasdim. Meni lagerga taklif qilgan agent haftasiga 20 yevro berar va shu pulni yetkazishim kerak edi. Bu pullarni deyarli bir xil sarflardim: besh yevroni Braziliyaga qo‘ng‘iroq qilish, oyim bilan gaplashishga ishlataman, shampun, dezodorant va tish pastasi uchun bir necha yevro, qolganini esa, dam olish kunlari internet kafega to‘lab, do‘stlarim va oilam bilan MSN orqali gaplashib o‘tirardim.

Ba’zida o‘zimni mehmon qilgim kelar va Veronadagi asosiy ko‘chaga borib, McDonald’s’ning sutli kokteylidan sotib olardim. Narxi bir yevro turardi. Frimi? Burger? Eh, unut bularni, do‘stim. Happy Meals faqat boylarning farzandlari uchun edi. O‘shanda men ko‘cha burchagidagi zinaga o‘tirib olardim va shunchaki... tomosha qilardim. Odamlarning u yoqdan bu yoqqa o‘tishini, qushlarni, turistlarni... Shunchaki xayollarimga erk berardim. Shanba oqshomlarini odatda mana shunday o‘tkazardim.

Aslida bu yolg‘izlik edi. Shu tariqa, bir yarim yil yashadim va 17 yoshimda Veronada professionallar bilan shug‘ullanishni boshlagan paytlarda agentim bilan urishib qoldim. Bu haqda ko‘p gapirishni istamayman, lekin hammasi yomon edi. Men deyarli bo‘laklarga bo‘linib ketdim.

Braziliyadagi iflos futbol lageridagi ikki yil qiyinchiliklar, bir yarim yil Italiyada haftasiga 20 yevroga yashash, oqibati shumi?

Yig‘lab onamga telefon qildim.

«Oyi, barchasi tugadi. Jonimga tegdi. Seni sog‘indim, uyga qaytaman». Imbitubu haqida o‘ylay ham boshlagandim.

«Eshik yopiq bo‘ladi» – qat’iy javob qildi u.

«Nima?»

«Uyga qaytmaysan. Agar eshim oldida paydo bo‘lsang, ochmayman»

Shokka tushib qoldim. O‘z onangiz mana shunday deyishini tasavvur qila olasizmi? Keyin otam bilan gaplashdim. Ular ajrashgan edi va balki ma’lum vaqt otam bilan yashash haqida o‘yladim. Ammo u ham ayni javobni berdi.

Keyin ular birgalikda menga telefon qilib, hammasini tushuntirishga harakat qilishdi.

«Xorxe, sen professionallar bilan shug‘ullanyapsan va hammasini hozir tashlamoqchimisan? Shuncha qiyinchiliklardan keyin-a? Bunda ma’no yo‘q. Harakat qilishda davom et va orzingga yetasan!»

Opamning aytishicha, o‘sha suhbatdan keyin trubkani qo‘ygach, onam yig‘lab yuborgan ekan.

Xudoga shukrki, ota-onam kerak bo‘lganda kuchli bo‘la olishgandi. Xayriyatki, ularga quloq solganman. Yangi agent Juan Santosni topdim va u hozirgacha men bilan birga. Shuningdek, jamoa darvozaboni, akamdek bo‘lib qolgan Rafaelga ham minnatdorchilik bildirishim kerak. O‘sha 20 yevroga yashab yurgan paytlarimda, u meni uyiga olib borib, yegulik va kiyimlar olib bergandi. Juan va Rafael 2011 yilda «Verona»ning asosiy tarkibiga kirib olishimda muhim ahamiyat kasb etishgan. Hech qachon unutmayman.

2014 yilning yanvarida Neapolga keldim – umuman boshqacha shahar. Neapolliklarning qanday odamlar ekanini juda yaxshi bilamiz-ku, to‘g‘rimi? Ehtiros! Ular o‘z futbolchilariga xuddi ma’budlardek muomala qilishadi. U yerda men supermarketga bora olmasdim. Parkda aylanishning iloji yo‘q. Imkonsiz! Ko‘zimga kepkani tushirib, tolstovka kiyib olardim. Otamning aytishicha, qochqinlarga o‘xshab qolardim. 

Bir kuni do‘stim ko‘rgani keldi. Odatda yakshanba kunlari o‘ynardik, o‘shanda o‘yinimiz shanbaga belgilangani uchun kunlarni adashtirib yubordim. Men do‘stimni shahar markaziga olib bordim. U yerdagi odamlarni, harakatni ko‘rib, hayron qoldim. Nega dushanba kuni bunaqa?

Kimdandir qanday kun ekanini so‘radim – «Yakshanba». Yo‘o‘o‘o‘o‘o‘o‘q!!! Endi nima bo‘ladi? Meni ko‘rib qolishsa-chi?

Ehtiyotkorlik bilan harakat qila boshladik. Kepkani bostirdim va tor yo‘lak bo‘ylab do‘stimning orqasidan keta boshladim. Pyatssa del Plebissito maydoniga eson-omon kelib oldik va bir barning orqa tarafiga o‘tirdik. Hech kim sezmadi.

Biroz o‘tib, kelgan yo‘limizdan qaytayotganimizda, bardan chiqishimiz hamono, taxmin qiling-chi, bizni kim sezib qolib, rasmga tushmoqchi bo‘ldi? Ofisiant!

Ey, Xudo, deyarli qutulgandik, bardan chiqib ham bo‘lgandik. Tavba, ichkarida shuni aytsa, bo‘lmasmidi?

«Nega shu dardingni ichkarida aytmading, bro» – deyman men.

«Agar ichkarida so‘raganimda, ishdan haydab yuborishardi»

Xullas, ko‘cha odamlar bilan to‘la, lekin qorong‘i tusha boshlagani uchun o‘zimni xavfsiz his qila boshladim. Mayli, birgina ofitsiant sezib qoldi, rasmga tushamiz va ketamiz. Keyin nima bo‘ldi, deng! Ofisiantning rasmga olish chirog‘i yoniq ekan. Knopka bosildi, butun yorug‘lik mening yuzimga tushdi. Tamom! Butun maydon o‘girildi va baqirib yuborishdi: «Jorjino!!!». Dahshat!

Hamma mening ismimni ayta boshladi. Hatto kimligimni bilmaganlar ham rasmga tushishga oshiqardi. Masalan, bunday – «Foto! Foto! Ey, kim o‘zi bu?!». Xa-xa-xa!

Ishonavering, har qadamda kamida uch martalab rasmga tushdim. Kimdirdan «Iltimos» yoki «Rasmga tushsak maylimi?» degan gaplar kutishni unuting. Neapol London emas, do‘stim. Ular meni itarishar, o‘zlariga tortishar, men hech qachon uyimga yetib bormaydigandek edim. Yarim soatda ko‘chaning yarmini bosib o‘tdik.

Nihoyat kimdir meni qutqarib qoldi. Baquvvat bir yigit, adashmasam, Neapoldagi uyushgan fan-guruhning a’zosi edi. «Uni uyiga qo‘yib yuboringlar» dedi va meni to‘polondan olib chiqib ketdi.

«Sizga katta rahmat» – dedim men.

«Ammo endi mening navbatim, kel, birga rasmga tushib qo‘yaylik» – deb tirjayib turibdi.

«Akaxon, meni qutqarib qolding, kerak bo‘lsa, o‘nta rasmga tushamiz».

Neapol – tentak shahar. Lekin men uni sevdim. Neapolliklarni sevdim. To‘rt yarim yil o‘tib, ketish juda qiyin bo‘lgandi.

«Chelsi»dagi ilk davrlarimda u shaharni ko‘proq sog‘indim. Men haqimda nimalar deyishgani esingizdadir? Men juda sekin o‘ynar ekanman. Haddan tashqari nimjonman. Men Sarrining erkatoyi ekanman. Bularning barchasi jahlimni chiqarardi.

Lekin, bilasizmi, ular meni to‘g‘ri baholay olishmagan. Umuman, har doim , har bir klubda men yomon boshlaganman. Qiziq. Veronaga kelganimda, meni hech kim xohlamadi va to‘rtinchi divizionga ijaraga berishdi. Lekin mehnat qilishda davom etdim va e’tirof qozondim. Veronaga qaytib, A Seriyaga yo‘llanma oldik. «Napoli»da ham dastlabki yil qiyin o‘tdi, keyin Sarri kelgach, hammasini o‘zgartirgan. «Chelsi»da-chi? Bu tanqidlar menga yordam berdi. O‘zimga aytardimki, «Bu odamlar hali uyalib qolishadi».

Endi esa, bu yerda Yevropa Ligasi va Chempionlar Ligasi kubogi bilan o‘tiribman. Barcha tanqidchilarga bir narsa deyishim mumkin – Rahmat. Rostan ham, barchasi uchun rahmat!

Yevropa Ligasi sovrinini yutishimiz juda hayajonli bo‘lgandi. Bokudagi mehmonxonalardan birida, hamma o‘z oilasi bilan bayram qildik. Bir payt oyimni yo‘qotib qo‘ydim. Qarasam, dengiz va shahar ko‘rinib turgan balkonga chiqib olgandi. Tonggi soat besh, quyosh endi chiqa boshlagandi.

«Oyi, yig‘layapsanmi?» – so‘radim men.

«Bu shunchaki, quvonch ko‘z yoshlari».

Shundan so‘ng, u gapira boshladi. Qay darajaga yetib kelganim, oilam mendan faxrlanishi, Imbitubadagi bir bolakayning bu narsalarga erishishi ajoyib ekani haqida. U doim juda hissiyotli edi. Uni zo‘rg‘a to‘xtatdim, agar davom etganida men ham yig‘lab yuborardim. Rostdan ham, bularning hammasiga ishonish qiyin edi.

Chempionlar Ligasi finali kuni hech narsa yemadim. Qattiq hayajonda edim. Har soniya soatlardek o‘tardi. Hayotimdagi eng uzun davom etgan kun. Lekin o‘yin boshlanganida faqat nima qilish kerakligini o‘ylaysiz, tamom. Keyin Kay gol uradi, hakam final hushtagini chaladi va miyada bir savol aylanadi: nimalar bo‘lyapti?

Buni tushuntirish qiyin. Birdaniga bir necha hissiyotni boshdan kechirasiz. Men yig‘lab yubordim. Xuddi onam kabi. Bunisi endi ortiqcha... Ochig‘i, hammasini o‘ylab ko‘rishga vaqt ham bo‘lmadi keyin, chunki bizni Yevro kutib turardi.

Italiya uchun o‘ynash men uchun alohida tuyg‘u. Italiyani tanlash qiyin bo‘lmagan. Braziliyada orzularim amalga oshmadi, Italiya esa, u yerda tug‘ilmagan bo‘lsam-da, ular uchun o‘ynashimni istadi. Buning ustiga, katta buvam italiyalik bo‘lgan. Men hayotimning yarmini shu yerda o‘tkazganman, bu mamlakatni kundan kunga yanada yaxshi ko‘rib boryapman. Menga yordam kerak bo‘lganida Italiya qo‘llaganini hech qachon unutmayman. Nega Italiyaga yordamim kerak bo‘lganda, rad qilishim kerak?

Xayriyatki, mundialga chiqa olmaganimizdan so‘ng, Manchinining yordami bilan qayta oyoqqa tura oldik. Ba’zi murabbiylar futbolchilarni o‘z uslubi va qarashlariga moslashtirishga urinadi, Manchini esa, o‘z uslubini futbolchilardan kelib chiqib tanladi. U bizning jismoniy tomondan u qadar kuchli emasligimizni sezdi, ammo ko‘proq harakat va o‘yin yordamida kuchaya olishimizni ko‘ra oldi. Aytishim mumkinki, hammasi yaxshi uddalandi. 

Finalda penaltini ura olishimga ishonardim. O‘z uslubim bor edi, to‘g‘rimi? Buni men «Napoli»da, Enrike bilan mashg‘ulotlarda qo‘llay boshlagandim. Lekin Pikford meni yaxshi o‘rgangan ekan, qoyil qolish kerak. Butun millatga pand berish nima ekanini tushuntirish qiyin. Men duo qildim faqat. Jijio meni qutqardi. O‘shanda men o‘zimni yerga tashladim. Biz Yevropa chempionimiz, ishonish qiyin.

Tabiiy, yutganimizdan so‘ng, mening xatom mazmunini yo‘qotdi. Lekin, rostini aytsam, o‘zim hech qachon unuta olmayman. Penaltini ura olmaslik yomon, agar bu finalda sodir bo‘lsa-chi? Ishoning, kimdir bunday xatoni unutganini aytsa, yolg‘on.

Nima bo‘lgandayam, juda baxtli edim. Tabiiyki, onam yana yig‘ladi. Albatta, hammayam orzu qiladi, lekin bu qadar uzoqlarga yetib kelishni o‘ylamaysiz ham. Nihoyat, yetib kelganingizda, hammasi g‘aroyib tuyuladi. Qayerdan kelganingiz, qanday qiyin yo‘lni bosib o‘tganingiz ko‘zingiz oldidan o‘ta boshlaydi.

Futbol lageri.

Ibodatxona.

Onaga qo‘ng‘iroq.

Endi esa, Yevropa zabt etildi? Ikki marta?

Fantastika. Bechora otam. Finaldan keyin menga «Xorxe, bunday qilishga haqqing yo‘q, kardiologga uchrashim kerak» dedi. Umid qilamanki, u hazillashgan. Albatta, u va onamsiz u yerda bo‘lmas edim, tushunaman. Balki Imbitubuga qaytib, futbolni televizorda ko‘rardim. Albatta, bu orzular yo‘lida oxirigacha harakat qilish hikoyasi, ammo atrofingizda siz uchun eng yaxshisini tilovchi yaxshi insonlar bo‘lishi ham muhim. Har qanday darajada zo‘r bo‘lishing mumkin, lekin futbolda ham, hayotda ham yakka holda cho‘qqiga chiqa olmaysan. Bu imkonsiz!

Yevrodan keyingi haftalar ajoyib o‘tdi. Ma’lum vaqtga Veronaga bordim, o‘zim yashagan ibodatxonani ziyorat qildim. Afsuski, hamma ta’tilda ekan, lekin 14 yil avvalgi uyimni ko‘rish o‘zgacha hissiyotlarni taqdim etdi.

So‘ng markaziy ko‘chaga bordim, «Makdonalds»ga kirib, sutli kokteyl sotib oldim. O‘smirlik paytida juda ko‘p kunlarimni o‘tkazgan burchakdagi zinaga borib o‘tirdim va... shunchaki kuzatdim.

Ko‘zlarimni yumib, o‘sha kunlarga qaytdim. Bu xuddiki, yonimda o‘zimning o‘n besh yoshdagi o‘smirligimni uchratib qolgandek edi. Yonginamda o‘tirardi. Unga hech kim e’tibor bermas, hech kim uning uy sog‘inchi yoki onasi bilan telefon suhbatlarini bilmasdi ham.

U shunchaki, bir yevroga sutli kokteylni sotib olgan uyatchan va nozik bola...

Ammo men uning barcha qiyinchiliklarini va oldinda kutib turgan sinovlarni bilar edim. Shuning uchun egildim-da, quloqlariga go‘yoki o‘z orzulari ketidan quvayotgan har qanday bolakayga aytishim mumkin bo‘lgan so‘zlarni pichirladim:

«Taslim bo‘lma, yigitcha»

Har ne bo‘lganda ham, taslim bo‘lmang!

Jorjino

ThePlayersTribune

Mavzuga oid