O‘zbekiston | 08:40 / 05.02.2022
4429
6 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston shimolida qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlik rivojlantiriladi - Prezident qarori loyihasi

Prezidentning “Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘g‘org‘i Kengesining respublika boshqa hududlaridan tadbirkorlik sub’yektlarini keng jalb qilgan holda, Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlarida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflari ma’qullanadi.

Shunday tartib joriy etiladiki, unga muvofiq 2025 yil 1 yanvarga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida:

a) respublika viloyatlaridan keladigan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan biznes-loyihalarni va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda foydalanishdan chiqib ketgan yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish uchun yer ajratish ochiq elektron tanlovlar o‘tkazmasdan xalq deputatlari kengashi yig‘ilishi qaroriga binoan to‘g‘ridan to‘g‘ri istisno tariqasida Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining qarori bilan amalga oshiriladi;

b) tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yangidan tashkil etiladigan agrobiznes-loyihalari tashabbuskorlariga 2027 yil 1 yanvarga qadar yer, mol-mulk va kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliqlar to‘lashdan ozod etiladigan summaning 50 foizi miqdorida belgilanadi;

v) shimoliy tumanlardagi tuman hokimliklari balansidagi bo‘sh turgan binolar xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratib beriladi;

g) o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yer uchastkalari mahalliy fuqarolarga o‘rmon barpo qilishda manzarali, sanoatbop daraxtzorlar, mevali bog‘ va uzumzorlar tashkil etish uchun to‘lovlarsiz 49 yil muddatga ijaraga beriladi;

d) tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun berilgan ko‘chmas mulk obektlariga kadastr pasportini tayyorlash va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish to‘lovlarsiz amalga oshiriladi;

ye) O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi talabnomalariga muvofiq foydalanishdan chiqqan sug‘oriladigan yerlarni o‘zlashtirish, sug‘oriladigan yerlarda yer tuzish, buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish yuzasidan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining avtomatlashtirilgan yer-axborot tizimini yaratish va yangilab borish ishlariga davlat budjetidan mablag‘lar ajratiladi;

j) qayta foydalanishga kiritiladigan va o‘zlashtiriladigan yer maydonlariga joylashtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekin turlaridan qat’i nazar suv tejovchi texnologiyalar (tomchilatib, diskret, plyonka to‘shab, lazerli tekislash va yomg‘irlatib sug‘orish usullari) joriy etiladi;

z) qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritishda yerlarni to‘qayzorlar, begona o‘t qoldiqlari va butalardan tozalash, ichki ariqlarga beton qoplamalar yotqizish, yopiq ariqlar barpo qilish uchun sarflangan xarajatlari 50 foizidan oshmagan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi;

i) jismoniy shaxslarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasida shamol elektr stansiyalarini qurish va butlovchi qismlarini sotib olish xarajatlari 30 foizi miqdorida kompensatsiyalar taqdim etiladi;

k) tadbirkorlik sub’yektlarining biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida summasi 10 mlrd so‘mdan, foiz stavkasi O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkasi 1,5 baravaridan oshmaydigan milliy valutadagi kreditlar uchun – asosiy stavkadan oshadigan, lekin 5 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya beriladi;

l) 2022-2024 yillar mobaynida amalga oshiriladigan loyihalarga ajratiladigan bank kredit mablag‘larining foiz stavkasi istisno tariqasida 10 foizdan oshirilmaydi;

m) tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan Qoraqalpog‘iston hududida biznes-loyihalarni va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun olinadigan bank kreditlari bo‘yicha garov ta’minoti sifatida mos ravishda Toshkent shahri, viloyatlar hokimlari va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi kafolatlar berishi mumkin. Bunda, kafolatlar bank krediti summasining 50 foizigacha qismiga, biroq 5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda beriladi;

n) qorako‘l va qoraqalpoq sur qo‘ylarini ko‘paytirish maqsadida chet davlatlardan naslli qo‘ylarni olib kelish uchun istisno tariqasida tijorat banklari tomonidan 5 yil muddatga (2 yillik imtiyozli davr bilan) yillik 8 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi;

o) qishloq xo‘jaligi yerlarini foydalanishga kiritgan yerdan foydalanuvchilarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini mustaqil joylashtirish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimoliy tumanlarida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining 100 million dollar miqdorida imtiyozli kreditlarini jalb etish choralarini ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid