Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ma’lumotlar o‘ta maxfiy hisoblanadi” - 50 ming so‘mlik banknotdagi xato qanchaga tushgani ochiqlanmadi
2021 yilning 16 dekabr kuni Markaziy bank yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 50 ming so‘m va 100 ming so‘m bo‘lgan banknotalar dizaynini e’lon qildi. Rasmiy xabarda 22 dekabrdan muomalaga chiqariladigan 50 ming so‘mlik pul birligining old tomonida Surxondaryo viloyatida joylashgan XI-XII asrlarga tegishli Abu Iso Termiziy maqbarasi me’moriy yodgorligi tasvirlangani ta’kidlangan edi.
Ko‘p o‘tmay, Azon.uz saytida yangi 50 ming so‘mlik banknot dizaynida chalkashlikka yo‘l qo‘yilgani to‘g‘risida xabar tarqaldi. 17 dekabr kuni esa Markaziy bank xatolikka yo‘l qo‘yilganini tasdiqladi va banknotlar muomalaga chiqarilishidan oldin texnik xatolik bartaraf etilishini bildirdi.
Natijada 22 dekabrdan muomalaga chiqishi kerak bo‘lgan banknotlar 5 kun kechikib, 27 dekabrdan muomalaga chiqarildi.
Dizayn xatoligi aniqlagunga qadar qancha miqdordagi banknot chop qilib bo‘lingani, ularni chop etish xarajatlari qanchaga tushgani ko‘pchilikni qiziqtirgani shubhasiz. Shu bois Kun.uz mas’ul idoraga bu boradagi ma’lumotlarni ochiqlashni so‘rab, so‘rov yubordi.
Tahririyat so‘rovida, shuningdek, banknot dizaynidan foydalanilgan maqbara surati nima uchun soha mutaxassislari ekspertizasidan o‘tkazilmagani, xatoga yo‘l qo‘yilgani aniqlanganidan so‘ng bu bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lsa, tekshiruv natijasi bo‘yicha qanday qaror qabul qilingani ham so‘ralgandi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev imzosi bilan taqdim etilgan javob xatida tahririyat savollari javobsiz qoldirilgan.
“Ta’kidlash joizki, yangi dizayndagi 50 ming so‘mlik banknot namunasidagi texnologik nuqson emissiya qilinmasdan oldin aniqlangan bo‘lib, mazkur xatolikni bartaraf etish va banknotlarni ishlab chiqarish jarayonini tayyorlash uchun qo‘shimcha vaqt talab qilingani sababli 2021 yilning 27 dekabridan muomalaga chiqarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi o‘ta muhim obektlar sirasiga kiritilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxfiylikni ta’minlashga doir maxsus qaroriga muvofiq, banknotlarning texnologik ishlab chiqarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘ta maxfiy hisoblanadi.
2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonining 2-bandiga ko‘ra, davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar ochiqlanmaydi”, deyiladi rasmiy javob xatida.
Mavzuga oid
17:27 / 16.05.2025
O‘zbekistonliklar go‘sht, sut va yonilg‘i narxlari oshishini ko‘proq sezishyapti
10:11 / 04.05.2025
Muddatli to‘lov bozorini tartibga solish boshlanadi
20:43 / 30.04.2025
Kartadan kartaga katta miqdorda pul o‘tkazishda qo‘shimcha himoya choralari kiritiladi
12:24 / 24.04.2025