O‘zbekiston | 15:10 / 08.02.2022
5312
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalliy kengashlar sessiyalarni jonli efirga uzatish bo‘yicha prezident farmonini bajarmayotgani ma’lum bo‘ldi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2021 yil 1 dekabrdan 2022 yil 10 yanvar oralig‘ida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari sessiyalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri jonli efirga uzatilishi holati bo‘yicha monitoring natijalarini e’lon qildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, eng qoniqarsiz ko‘rsatkich Buxoro viloyatida qayd etilgan. Viloyatda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari tomonidan o‘tkazilgan jami sessiyalarning 81 foizi – 53 ta sessiyadan 43 tasi jonli translatsiya qilinmagan. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida ham ushbu davrda 70 foizdan ortiq sessiyalar jonli efirga uzatilmagan.

Foto: Antikorrupsiya agentligi

Nisbatan yaxshiroq ko‘rsatkich Andijon va Sirdaryo viloyatlarida qayd etilgan: xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan o‘tkazilgan jami sessiyalarning mos ravishda 36 va 42 foizi jonli translatsiya qilinmagan.

"Natijalar faqatgina viloyat Kengashlari kesimida tahlil qilinganda, xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi o‘rganish davridagi barcha sessiyalarni to‘liq jonli efirga uzatgan yagona viloyat Kengashi bo‘ldi. Tuman kengashlari kesimida esa Toshkent viloyatining xalq deputatlari Bekobod va Bo‘stonliq tuman Kengashlari tomonidan o‘tkazilgan barcha sessiyalar to‘liq hajmda jonli efirga uzatilgan", - deyiladi agentlik bayonotida.

Shuningdek, monitoring davomida Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilgan bir qator Kengash sessiyalarining to‘liq bo‘lmagan shaklda qisman (bir necha daqiqagina) translatsiya qilinish holatlari ham kuzatildi.

Aksilkorrupsiya agentligining ma’lum qilishicha, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hududiy Kengashlarga farmon talablaridan kelib chiqib, kelgusida o‘tkaziladigan barcha Kengash sessiyalarining jonli efirga uzatilishi lozimligi to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 16 iyunda qabul qilingan «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmonida 2021 yil 1 dekabrdan boshlab, Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalarini telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatishni ta’minlash belgilangan edi.

Mahalliy kengashlardagiga o‘xshash holat farmon talablari kuchga kirgan o‘tgan yilning dekabr oyida Qonunchilik palatasi majlislari bilan ham sodir bo‘lgan edi.

Xususan, ijro uchun mas’ullardan biri hisoblangan Milliy teleradiokompaniya prezident farmoni talablarini kamida 3 marotaba bajarmagan va bu bo‘yicha izoh ham berib o‘tirmagan. Quyi palata matbuot xizmati esa bir qancha vaqt prezident farmonini «aylanib o‘tib», Telegram'dagi yozma translatsiya ham jarayonni jonli yoritish hisoblanishini bildirgandi.

Jamoatchilikning keskin noroziliklaridan so‘ng, oradan 2 hafta o‘tib, 14 dekabrdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlislarini jonli efirga uzatish boshlandi.

Mavzuga oid