Jamiyat | 11:52 / 08.02.2022
7676
15 daqiqa o‘qiladi

Sudya: Qonun sirtdan qo‘llanmagani kabi sud qarori ham sirtdan chiqarilmasligi kerak

Sudya Nuriddin Murodov Kun.uz’ga taqdim etgan maqolasida nizolarni sudgacha hal etish mexanizmini takomillashtirish orqali sudlarda “sirtdan ish yuritish tartibi”ga barham berish hamda bu sohadagi noqulayliklar haqida so‘z yuritadi.

Ko‘pchilik, ayniqsa sudga ishi tushgan kishilar yaxshi biladiki, Fuqarolik kodeksining 26-bobiga asosan, sudda ishlar “sirtdan ish yuritish tartibida” ko‘rilishi mumkin. Ko‘riladi ham va bu toifa ishlar afsuski fuqarolik sudlarida ko‘rilayotgan ishlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda.

Chunki FPKning 280-moddasiga muvofiq, sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmagan, kelmaganining uzrli sabablari borligi haqida xabar bermagan va ishni uning ishtirokisiz ko‘rish to‘g‘risida so‘ramagan taqdirda, agar da’vogar bunga e’tiroz bildirmasa, ish sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilishi mumkin.

Shu asosda, ko‘p e’tibor, talab yoki bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan “sirtdan ish yuritish tartibi” belgilangan — FPKning 26-bobi va undagi ayrim normalar hamda sud amaliyotidan kelib chiqayotgan shaxsiy fikrlarim haqida to‘xtalsam...

Sud amaliyotiga muvofiq bo‘lgan tahlillarga tayansak, sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarorlarining 1 foizi, balki undan sal ko‘proqdir, lekin taxminan shuncha qismiga nisbatan “sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi ariza” beriladi.

Bunday arizalarning ko‘rib chiqilishi natijasida, ya’ni sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish mazmunan javobgar ishtirokida qayta ko‘rib chiqilganda ham katta ehtimol bilan ularning 98 foiz qismida dastlabki, ya’ni sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori mazmuni o‘zgarmay qoladi yoki xuddi sirtdan qabul qilingan qaror mazmunidagi kabi yangi qaror qabul qilinayotganini ko‘rish mumkin.

Demak, FPKda belgilanganidek, agar sud majlisiga kelgan da’vogar ishni javobgar ishtirokisiz, sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishga rozi bo‘lmasa, sud ishning muhokamasini keyinga qoldiradi va kelmagan javobgarga qaytadan sud muhokamasining vaqti va joyi haqida takroran xabar yuboradi.

Tegishli tarzda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga takroran kelmasa, sud da’vogarning fikridan qat’i nazar, ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘radi.

Ish sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilganida sud undagi mavjud dalillarni tekshirish bilan kifoyalanadi, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vajlari va iltimoslarini e’tiborga olib, hal qiluv qarori chiqaradi, bu hal qiluv qarori sirtdan chiqarilgan deb ataladi.

Da’vogar tomonidan da’voning predmeti yoki asosi, da’vo talablari miqdori o‘zgartirilganda sud mazkur sud majlisida ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rishga haqli emas. Bu holda ishni ko‘rish da’vo arizasini da’vo predmeti yoki asosi, talablari miqdori o‘zgartirilgan holda javobgarga topshirish uchun keyinga qoldiriladi.

Agar sud majlisiga kelmagan javobgardan ishni uning ishtirokisiz ko‘rish haqida ariza kelib tushsa, ish sirtdan ish yuritish tartibida emas, umumiy tartibda ko‘rilishi lozim.

Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxasi taraflarga ushbu qaror chiqarilgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay topshirilgani ma’lum qilinadigan buyurtma xat orqali jo‘natiladi yoki tilxat olib topshiriladi, ushbu shaxslarning elektron manzillari mavjud bo‘lgan taqdirda, elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.

Javobgar sirtdan hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga shu hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin o‘n besh kun ichida uni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida ariza berishga haqli.

Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi ariza u kelib tushgan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Sud majlisi vaqti va joyi haqida xabar berilgan shaxslar kelmagani, arizani ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.

Shu o‘rinda, “Sirtdan ish yuritish tartibi” belgilangan FPKning 26-bobi va unda belgilangan normalar hamda sud amaliyoti tahliliga ko‘ra, menda “qaror ham sirtdan bo‘lama, javobgar ko‘ngli to‘lama, javobgar ko‘ngli to‘lmasa, da’vogardan qochib yurama yoki javobgar sud sirtdan qaror chiqarishini kutib, nizoni cho‘zib yurama”, — degan kabi quyidagicha mantiqiy, adolatli, qonuniy, xolis, AKT zamoniga mos va xos bir qancha savollar va mushohadalar paydo bo‘libdirki, ushbularni sizlar bilan bugun bir o‘rtoqlashmasak bo‘lmaydi:

Xolis savol:

— Aslida “Sirtdan ish yuritish tartibi” ko‘rilgan ishlarda taraflar e’tirozlari nimada?

Gapning po‘skallasi — da’vogar ishni javobgar kelmasa ham, uning ishtirokisiz ko‘rib chiqishni so‘rasa, buning natijasida da’vogar tezroq qaror kuchga kirishi va buzilgan huquqini tiklashni istaydi.

Javobgar esa ko‘p hollarda sudda ishtirok etmagani asosida sirtdan chiqarilgan qarorni bekor qilib, vaqtni cho‘zish orqali o‘zida to‘lov imkoniyatlarini qidiradi. Ayrim hollarda sirtdan chiqarilgan qarorni bekor qilish va ishni mazmunan qayta ko‘rish jarayonida, da’vogar bilan mediativ kelishuvga yoki da’vogarni da’voni ko‘rmasdan qoldirishga undash orqali ortiqcha yuk bo‘layotgan davlat bojini to‘lamaslikka erishishni maqsad qiladi. 

Mantiqiy savol:

 Qaror ham sirtdan chiqariladimi?

Ha, qaror sirtdan chiqariladi. FPKning 26-bobida belgilangan. Shu bilan birga yo‘q, qarorga kelishga sabab bo‘lgan xulosa sirtdan yoki yuzaki, bor ma’lumotlar asosida deb talqin etilmasligi kerak.

 Javobgar sirtdan chiqarilgan qarordan rozi bo‘ladimi?

Albatta rozi bo‘lmaydi-da, chunki ish javobgarning ishtirokida ko‘rilmaydi-ku, hurmatini bilgan har bir kishi sudga taklifnoma olmaganidan xafa bo‘ladi.

— Unda nega sirtdan chiqarilgan qarorlarning faqat 1 foizini bekor qilish to‘g‘risida javobgarlar sudga ariza berishadi, qolganlari-chi?

Chunki javobgarlarning katta qismi da’vo kiritilganini bilgach, kreditorlar oldida majburiyati borligini, shuningdek, ariza bergan taqdirda ham baribir majburiyatni bajarish lozimligini tushunib yetishadi... 1 foiz holatlarda davlat bojini to‘lamaslik yoki haqiqatda ham kreditor oldida hech qanday majburiyati bo‘lmagan shaxslarga ham da’vo kiritilgan bo‘lib chiqadi yoki fors-major...

 Adolat va qonun ham sirtdan qo‘llanadimi?

Aynan sirtdan ish yuritish tartibida ishlarni ko‘rishda, bir qarashda shunday tuyuladi, lekin adolat va qonun sirtdan qo‘llanmaydi. Faqatgina ish javobgarga nisbatan sirtdan ko‘rilgani va sud chiqargan hal qiluv qarorida ham, qarorning nomida ham ish sirtdan ko‘rilgani qayd etiladi.

Adolatli va qonuniy savol:

— Sirtdan degan hal qiluv qarorini yoki bunday sirtdan ish yuritish tartibini ishni “javobgarning ishtirokisiz ko‘rib chiqish” deb atasa bo‘lmaydimi?

Yo‘q, aslo unday deya ko‘rmang, chunki birinchidan ko‘pchilik mashoyixlarimizning fikrlaricha, normani bunday yozish g‘alizlikni keltirib chiqaradi, norma aniq, tushunarli bo‘lmog‘i lozim deyishadi ular. Ikkinchidan, bu norma MDH va boshqa davlatlarda ham bor, axir ular ham bir baloni bilmasa shunday deb yozmaydi-ku, bu normani so‘zma-so‘z, to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib qo‘yganmiz, shunisi ma’qul bo‘lgan. Baribir ushbu normani biz yaratmaganmiz, ijod qilmaganimizdan so‘ng, shu uchun kodeksni hadeb o‘zgartirish ham maqsadga muvofiq emas, — deb ta’kidlashadi ular qat’iy ohangda.

 Nega ish qo‘zg‘atilib, chaqirtirilgan javobgar bir oy, 40–45 kun muddatda sudga kelmasa-da, unga yana 15 kun sirtdan qabul qilingan qarorni bekor qilishga imkon yaratilishi kerak, buning o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri apellyatsiya tartibida shikoyat berilsa bo‘lmaydimi?

“Endi bu hozirgacha o‘rnatilgan amaliyot, odamlar ovora bo‘lmasin, birinchi instansiya o‘zi ko‘rib chiqqani yaxshida, apellyatsiya shikoyatlari ham ko‘paymaydi. Agar javobgarning e’tirozlari asosli bo‘lsa, sud o‘z qarorini o‘zi bekor qilgani, qolaversa, sudning hurmati hadeb shu sirtdan ish yuritish tartibiga taqalib qolmagan-ku, to‘g‘rimi?..”

— Ma’lumotlarga ko‘ra, sirtdan ko‘rilayotgan fuqarolik ishlarining 90 foizdan ortig‘ini kredit, qarz va boshqa xizmat ko‘rsatishga oid shartnomalardan kelib chiqqan nizolar yoki majburiy to‘lovlarni undirish haqidagi da’volar tashkil etmaydimi?

Albatta, shunday nikoh, ayrim oilaviy va boshqa nizolar sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shunday ekan kredit, qarz va boshqa shu kabi xizmat ko‘rsatishga oid shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqqan nizolarda kreditor tomon manfaatlarini ko‘p o‘ylayverish kerakmas, axir ijtimoiy gumanitar qarashlar ham bor-da, biz qarzdor va javobgarlarning manfaatini himoya qilishimiz muhim, kreditor yana biroz huquqi tiklanishini kutib qolsa, kamayib qolmaydi, penya, sud qarori ijro bo‘lmagani uchun yana penya undirib olaveradi. Bizdan nima ketdi?..

— Nega qarzdorga kreditor oldidagi majburiyatini cho‘zishga yana 45 kun (ariza berish+ariza qanoatlantirib, ishni ko‘rishni boshqa kunga tiklash + 10 kun + qaytadan qabul qilingan qaror kuchga kirishi+1 oy) qo‘shimcha rasmiyatchilik uchun vaqt berilishi kerak?

“Chunki javobgar huquqini ham tiklash lozim, u ham sudda, aynan sud majlislarida huquq va manfaatlarini o‘zi yoki vakili orqali himoya qilishi kerak, garchi yutqazsa ham vaqt bu borada juda muhim masala emas va hokazo”.

AKT zamonasiga mos va xos savol:

Bugungi AKT taraqqiy etgan zamonda, rivojlangan davlatlar kabi javobgarni sudga chaqirishning mukammal tizimini yaratish yoki uyidan turib suddagi ishtirokini ta’minlashning video-konferens-aloqaga o‘xshash boshqa muqobil vositalari orqali sud yuritish asosida ishni sirtdan ko‘rish tartibini tugatsa bo‘lmaydimi?

"Bo‘ladi, albatta sud-huquq sohasidagi islohotlarimizda ham AKT texnologiyalaridan keng foydalanish, masofaviy sud va hokazolar izchillik bilan implementatsiya qilinmoqda, lekin vaqt kerak, yuqorida ta’kidlaganimiz kabi javobgar bo‘lgan ikkinchi tomonning huquqi ham muhim-da, buning muhimligi bugun paydo bo‘lgani yo‘q, 50–60 yildan beri shunday, bozor talablariga asoslangan huquqiy demokratik tamoyillar: adolat huquqi va qonun so‘zsiz ustuvorligi tamoyilini mukammal qo‘llash ham mumkindir, balki".

Ya’ni asosiy e’tiborni protsessual normalarni takomillashtirishga, sudda taraflar ishtirok etgan-etmaganiga emas, balki moddiy huquqni — har qanday sharoitda  adolat va qonunni so‘zsiz qo‘llashning yaxlit, taraflarning hech biriga hech qanday imtiyoz bermasdan nizoni hal etadigan tizimni hayotga, amaliyotga tezroq tatbiq etishga qaratish zarur.

Alqissa mushohada shundan iboratki, sudlarda “sirtdan ish yuritish tartibi” kreditor — bu bank, boshqa moliya muassasasi yoki qarz bergan oddiy bir fuqaro yoki majburiy va boshqa to‘lovlar undiruvchisi tomonidan majburiyat, qarzni sud orqali tezroq undirib olish vositasiga aylanib qolgan hamda bu tartib hech qachon aholi o‘rtasida sudga nisbatan hurmatni, sudlarga bo‘lgan ishonchni oshirmaydi.

Sudlarda “sirtdan ish yuritish tartibi” javobgarga imkon yaratish uchun xizmat qilishi zarur yoki nizo cho‘zilmasligiga xizmat qiladi deya fikrlaydiganlar bugunga kelib adashadi yo bu fikr o‘zini oqlamaydi.

Negaki, AKT zamoni juda tez o‘zgarmoqda, taraqqiy etmoqda, dunyo aqllar bellashuvi davri sharoitlarida yashamoqda, har bir ish yoki har bir o‘rnatilgan tartib-tamoyil o‘zining berayotgan natijasiga qarab baholanishi kerak. Shuningdek, balandparvoz va samarasiz tartib-tamoyillardan xoli bo‘lish shiddatli davr va zamon talabiga aylandi.

Demak, shunday xulosa qilish mumkin:

Birinchidan, yurtimizda nizolarni sudgacha hal etish mexanizmini takomillashtirish orqali sudlarda “sirtdan ish yuritish tartibi”ni tugatish bu sohadagi ko‘plab tushunmovchilik, noqulayliklarga va asosiysi mantiqsizlikka barham beradi;

Ikkinchidan, sudlar faoliyatiga AKT, aynan taraflarning sudda ishtirokini ta’minlash, ularni sud majlisi haqida xabardor qilish yo masofaviy sud tizimining kengroq va mukammal texnik tizimini yaratish orqali, sudlarda “sirtdan ish yuritish tartibi”ni umumiy tartibga o‘zgartirish ham sirtdan ish yuritish degan g‘aliz bir tartib-tamoyilni tugatib, qaror qonuniy bo‘ladi, qonuniy qaror esa, aslo sirtdan deb nomlanmaydi, sirtdan chiqarilmagan har qanday qarorga o‘z-o‘zidan odil sudlov atamasi yopishib ketaveradi desak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Zero, odil sudlovning maqsad va vazifalaridan biri ham qonun va sudga nisbatan hurmat munosabatini shakllantirishdan iborat.

Bu mavzu doirasida sudga hurmat munosabatini shakllantirishda masalaning tub mohiyati shundan iboratki, sudlarda “sirtdan ish yuritish tartibi” odil sudlovni ta’minlash hamda bu tartibda ishlarni sudda mazmunan ko‘rish jarayonida sud hokimiyatining odil sudlov pozitsiyasi va uning qonun ustuvorligi tamoyiliga salbiy ta’sir o‘tkazmasligiga erishiladi.

Nuriddin Murodov,

FIB Uchtepa tumanlararo sudi rais o‘rinbosari 

Mavzuga oid