O‘zbekiston | 09:04 / 08.02.2022
8215
3 daqiqa o‘qiladi

«Tadbirkor mulkini buzish, unga zarar yetkazish bizning maqsadimiz emas». Ortiqxo‘jayev murojaat bilan chiqdi

Joylarda hanuzgacha yer maydonlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilmalarni qurish, yengil qurilmalarni o‘rnatish, avtobus bekatlari o‘rnida hech bir ruxsatsiz savdo do‘konlarini qurish kabi salbiy holatlar ko‘plab uchramoqda.  

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tadbirkorlarga murojaatida aytilgan. Murojaat matni poytaxt hokimligi tomonidan e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, bunday qurilmalarning aholi yashash massivlari ichida, yo‘lning himoya hududlarida, katta bosim ostida bo‘lgan suv, gaz quvurlari o‘tkazilgan himoya hududlarida barpo etilishi holatlari aholi tinchligi va xavfsizligiga, tashqi muhandislik tarmoqlarini qisqa muddatlarda ta’mirlashga salbiy ta’sir qilmoqda. 

“So‘nggi vaqtlarda o‘zining tanishlari orqali yer olib berishni va’da qilayotgan yoki turli soxta “qarorlarni” ko‘rsatib, kadastr hujjatini keyin hal qilib berishga ishontirib, yer sotib olishni taklif etayotgan shaxslar ko‘payib ketdi. Ularga ishonmang”, deyiladi hokim murojaatida. 

Jahongir Ortiqxo‘jayevning ta’kidlashicha, “tadbirkor mulkini buzish, unga zarar yetkazish bizning maqsadimiz emas”.  

Ammo, amaldagi qonunchilikka muvofiq, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerda qurilgan bino va inshootlarning mulk huquqi e’tirof etilmaydi. Aksincha, ushbu yerni davlat zaxirasiga qaytarish uchun qurilgan binolar hech qanday kompensatsiya to‘lanmasdan buziladi hamda aybdor shaxslar jazoga tortiladi. 

Bunda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini davlatga qaytarish Yer kodeksiga muvofiq, hokimlarning qaroriga yoki sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi. 

“Albatta, turli qonunga xilof yo‘llar va hujjatlarsiz olingan yerlar noqonuniy bo‘lib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrar hisoblanadi. Poytaxtimiz aholisi va deputatlarimizdan ham o‘zlari yashayotgan hududlarda noqonuniy ravishda o‘rnatilayotgan yengil qurilma do‘konlar, fast-fud shoxobchalari va avtobus bekatlari o‘rnida qurilayotgan do‘konlar haqida o‘z vaqtida vakolatli idoralarga xabar berishlarini, atrofdagi voqeliklarga befarq bo‘lmasliklarini iltimos qilardim”, deydi hokim. 

Uning ma’lum qilishicha, tadbirkorlik insondan katta jasorat, aql, mehnat va mablag‘ talab qiladi. 

“Tadbirkorlik bilan shug‘ullanar ekansiz, o‘z mablag‘ingizni ehtiyot qilib, yer olish uchun auksionda ishtirok etib, yerning qonuniy egasi bo‘ling. Noqonuniy harakatlarga aralashib mablag‘ingizga kuyib qolmang, aldanmang, sarmoyangizni to‘g‘ri sarflang! O‘z biznesingiz uchun bino yoki yer uchastkasini sotib olishdan oldin vakolatli organlarning mutaxassislari, malakali huquqshunoslar va advokatlardan maslahat olishingizni iltimos qilaman!” deyiladi murojaatda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid