O‘zbekiston | 10:51 / 09.02.2022
13414
3 daqiqa o‘qiladi

Boyovut tumani hokimi Xalq deputatlari tuman kengashi raisligidan voz kechdi

Boyovut tuman hokimi Dilfuza Uralova O‘zbekistonda birinchi bo‘lib kengash raisligini deputatlarga topshirdi.

Foto: Boyovut tumani hokimligi

Endilikda Boyovut tumanida Xalq deputatlari tuman kengashiga hokim raislik qilmaydi. Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralova 2022 yil 7 fevral kuni Xalq deputatlari Boyovut tumani kengashining navbatdagi sessiyasida kengash raisligini deputatlarga topshirishini ma’lum qilgan.

«Yana bir yangilikni aytmoqchiman. Bundan buyon kengash rahbari hokim bo‘lmaydi. Tajriba tariqasida Boyovut tumanida mahalliy kengash raisi deputatlar orasidan saylanadi. Bir umrlik orzum shu, endi birinchi sektor rahbari sifatida kengash majlisida sektorlar qatorida pastda o‘tirib, neytral hisobot topshiraman, ya’ni o‘zim kengash raisi vazifasini amalga oshirmayman», – degan u.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda tuman hokimlarining Xalq deputatlari tuman kengashlariga raislik qilishini tugatish haqida rejalar bor. Ammo ushbu ish qachon amalga oshirilishi sanasi haqida aniq gap yo‘q.

Jumladan, 2021 yil 24 fevral kuni Senat raisi Tanzila Norboyeva Xalq deputatlari, viloyat, tuman va shahar kengashlariga hokimlarning boshchilik qilishi amaliyotidan qachon voz kechilishi borasidagi savolga javob bergandi.

«Xudo xohlasa yaqin kelajakda bo‘ladi. Yilini aniq aytolmayman, lekin shunga qarab ketyapmiz. Qanday ketyapmiz? Mana, Xalq deputatlari, viloyat, tuman va shahar kengashlarida kotibiyatlar bekorga tashkil qilinmadi-ku.

Shunday amaliyotda qolar ekanmiz, degan tushuncha bo‘lishi kerak emas. Bunga jamiyat ham tayyor bo‘lishi kerak. Bu jarayonda to‘polon, ur-yiqitlar bo‘lib ketishi kerak emas.

Biz hozir yangi O‘zbekistonga o‘tish davridamiz. Bu jarayonda ziddiyatlar kuchaymoqda. Islohotlar qilishda ziddiyatlar kuchayyapti. Ziddiyat kuchaysa, har xil kuchlar bir-biri bilan nifoqqa boradi.

Shuning uchun bu islohotlar sekin-sekin bo‘ladi. Bu jarayon juda uzoqqa cho‘ziladi, deb ham o‘ylamayman. Balki keyingi saylovlargacha bu to‘liq oxiriga yetar», – degan edi Senat raisi.

Mavzuga oid