O‘zbekiston | 17:31 / 09.02.2022
28601
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat» vakili import avtomobillar uchun boj miqdori qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini tan oldi

«O‘zavtosanoat» rahbari o‘rinbosari Aziz Shukurov iqtisodchi Yuliy Yusupovning O‘zbekistonga avtomobillar olib kirishda bojxona to‘lovlari stavkalari yuqori ekanligi haqidagi fikriga qo‘shildi.

Foto: Kun.uz

Avvalroq iqtisodchi Yuliy Yusupov avtomobilsozlik monopoliyasi tufayli qancha yo‘qotilayotganini aytgan edi. Kuni kecha «O‘zavtosanoat» rahbari o‘rinbosari Azizbek Shukurov ham o‘z fikrini bildirdi.

«Yuqori bojxona to‘lovlaridan tashqari, avtomobillar olib kirishda, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratishda yana bir jiddiy to‘siq mavjud. Gap notarif to‘siqlar haqida bormoqda. Ulardan asosiysi - mahalliy sertifikatlash organlaridan sertifikat olish zarurati. Bunday sertifikatlashdan mamlakatga olib kirilayotgan barcha avtomobillar, jumladan, jahon avtomobil ishlab chiqaruvchilarining tekshirilgan va qayta tekshirilgan, sinovdan o‘tkazilgan va qayta sinovdan o‘tgan hamda barcha zarur tasdiqlovlarga ega bo‘lgan brendlari ham o‘tishi kerak. Ya’ni, gap iste’molchi va budjet manfaatlari nuqtayi nazaridan nafaqat ma’nosiz, balki o‘ta zararli jarayonlar haqida bormoqda, ular avtomobil narxining sezilarli darajada oshishiga olib keladi va ham iste’molchining cho‘ntagiga, ham davlat daromadiga salbiy ta’sir qiladi», degandi avvalroq iqtisodchi.

Shukurov dunyoning avtomobilsozlik sanoati mavjud qaysi davlatida sertifikatlashtirish talablari yo‘qligini so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zstandart» BMT YeIK sertifikatlarini tan oladi, biroq Xitoy va AQSh bunday sertifikatlarni tan olmaydi hamda o‘zining talablari uchun sertifikat talab qiladi. 

Iqtisodchi iqlim bo‘yicha sinovlar haqida gapirdi, biroq «O‘zavtosanoat» kompaniyasi vakili jismoniy shaxslar tomonidan avtomobillar olib kirilayotganda bunday sinovlar o‘tkazilmasligini aytdi. 

Iqtisodchining fikriga ko‘ra, bitta sertifikat o‘rtacha 51 300 yevroga tushadi.

«Avtomobil markasining ommabop bo‘lishi o‘rtacha uch yil davom etadi. Bu davrda, yuqori yakuniy narxlar hisobga olinsa, importyor O‘zbekistonda ko‘p avtomobil sota olmaydi. Aytaylik, bitta sertifikat bo‘yicha (eslatib o‘taman, ma’lum bir dvigatelga ega ma’lum bir markadagi avtomobil uchun berilgan) uch yil ichida o‘rtacha 20 ta mashina sotish mumkin. Bitta o‘rtacha avtomobilning narxi 2 565 yevroga oshishi kerak (51 300/20). Ayni paytda, jismoniy shaxs uchun sertifikatlash har bir avtomobil uchun 3,5-4 million so‘mni tashkil etadi», — dedi Yusupov.

Azizbek Shukurov qaysi ishlab chiqaruvchi/importchi 3 yil ichida 20 ta avtomobil sotish bo‘yicha biznes-reja tuzishi va bunday kichik hajm sertifikatlashtirish talabi bekor qilingan taqdirda ham dilerlik shoxobchasini tashkil etish/saqlash uchun sarflangan sarmoyani qanday qoplashi mumkinligini so‘radi. 

Kompaniya vakili, shuningdek, Rossiyada ishlab chiqarilgan avtomobillar (tegishli sertifikatga ega), masalan, Lada uchun bojxona to‘lovlari olinmasligini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, Uzauto Motors’ning budjet segmentidagi avtomobillari narxlari «General Motors tomonidan boshqa mamlakatlarda ishlab chiqariladigan va bir xil bo‘lgan avtomobillardan past». 

Bundan tashqari, Shukurov Yusupovdan sohadagi korrupsiya faktlari haqida gapirib berishni so‘radi. 

«Shu bilan birga, bojxona to‘lovlari stavkalari yuqori va ularni qayta ko‘rib chiqish mumkin edi, degan fikrga qo‘shilaman», — deya xulosa qildi u. 

Mavzuga oid