O‘zbekiston | 08:53 / 10.02.2022
7941
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar uylar va savdo nuqtalarida mashinalardan yechib olingan yaroqsiz gaz ballonlaridan foydalana boshladi

Foto: AiF

O‘zbekistonda transport vositalaridan yechib olingan foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan gaz ballonlaridan turar joylar hamda maishiy va savdo obektlarida foydalanish holatlari uchramoqda. Bu haqda AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev ishtirokidagi brifingda aytib o‘tildi.

Respublika hududida 2021 yilda is gazi bilan bog‘liq jami 74 ta holat aniqlanib, ushbu holatlarda 67 nafar fuqaro zaharlangan va 128 nafar fuqaro vafot etgan bo‘lsa, joriy yilning 9 fevral holatiga ko‘ra, 21 holatda 19 nafar fuqaro zaharlangan va 36 nafar fuqaro vafot etgan.

Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

  • fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
  • nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
  • isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
  • gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
  • havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
  • havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish.

2021 yil mobaynida respublika hududida jami 10 667 ta yong‘inlar sodir bo‘lib, ularda 240 nafar fuqaro tan jarohati olgan va 112 nafari halok bo‘lgan. Yong‘inlarning 83 tasi gaz ballonlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarining buzilishi natijasida yuzaga kelgan bo‘lib, shulardan 2 tasi avtomobillarda, 81 tasi bino-inshootlarda sodir bo‘lgan. Natijada, 5 nafar fuqaro vafot etgan va 22 nafar fuqaro tan jarohati olgan. 

“Eng achinarlisi, transport vositalaridan yechib olingan foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan gaz ballonlaridan turar joylar hamda maishiy va savdo obektlarida foydalanish holatlari uchramoqda”, deyiladi ma’lumotda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid