Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi keng nishonlanadi - Prezident qarori

Usmon Nosir
Prezident “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda jamoatchilik vakillarining 2022 yilda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.
Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi. Tashkiliy qo‘mita bir oy muddatda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi dasturni, uni moliyalashtirishning aniq manbalarini belgilagan holda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi:
- Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini mamlakatda adabiyot va san’at bayrami sifatida keng nishonlash;
- Usmon Nosirning hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatag‘on davrida kechgan yillarini o‘rganish, hozirga qadar noma’lum bo‘lib kelayotgan qo‘lyozma asarlarining taqdiri haqida ma’lumotlar to‘plash maqsadida tarixchi olimlar va ijodkorlardan iborat ishchi guruhi tuzish hamda uning Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Rossiyadagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishi uchun sharoit yaratish;
- Namangan shahrida Usmon Nosir haykalini o‘rnatish;
- Toshkent va Namangan shaharlaridagi ko‘chalarga Usmon Nosir nomini berish;
- Usmon Nosirning “Tanlangan asarlar” to‘plami hamda “Usmon Nosir zamondoshlari xotirasida” kitobini nashr etish;
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda “Zamonaviy o‘zbek adabiyoti rivojida Usmon Nosir ijodiy merosining o‘rni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish;
- Usmon Nosirning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film suratga olish, spektakllar sahnalashtirish, musiqa asarlari va qo‘shiqlar, internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun mo‘ljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallar e’lon qilish;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Unutmas meni bog‘im” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish;
- mamlakatdagi ta’lim tashkilotlari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida Usmon Nosir ijodiga bag‘ishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda kitobxonlik kechalarini tashkil etish;
- 2022 yil noyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida Milliy akademik drama teatrida Usmon Nosir tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy xotira kechasini o‘tkazish.
Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi va “Shahidlar xotirasi” jamg‘armasi bilan birgalikda belgilangan tartibda Kemerovo viloyati Mariinsk shahrida Usmon Nosir xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatish va uning tantanali ochilish marosimini o‘tkazish yuzasidan Rossiya tegishli idoralari bilan muzokaralar o‘tkazadi hamda natijasi bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga taklif kiritadi.
Mavzuga oid

12:49 / 31.03.2025
O‘zbekiston prezidenti uchta xalqaro shartnomani tasdiqladi

11:20 / 27.03.2025
Nega qabul komissiyasi qarorlari yopiq saqlanadi? – mas’ullar izohi

13:51 / 28.02.2025
2025 yilda xizmatlar sohasini rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari belgilandi

15:26 / 01.02.2025