O‘zbekiston | 21:41 / 12.02.2022
16080
6 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi portlash: shifoxonada skotch ballon va gaz so‘rg‘ichlardan foydalanilgan bo‘lishi mumkin

Kun.uz muxbiri Shahrixondagi jiddiy portlash oqibatlarini tasvirga oldi, mas’ullar va jabrlanuvchilar bilan suhbatlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea joyidan avtomobillarga o‘rnatiladigan skotch (kompozit) ballon va gaz so‘rg‘ichlar topilgan.

11 fevral kuni Andijon viloyati Shahrixon shahridagi xususiy davolash va diagnostika maskanida yuz bergan portlash oqibatida bir nafar fuqaro vafot etib, o‘n nafari og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

Hodisa “Ziteriya” MChJ diagnostika va davolash maskanining 1-qavatida havo-gaz aralashmasining chaqnashi oqibatida sodir bo‘lgan. Yuzaga kelgan zarba natijasida bino devorlariga shikast yetgan.

Hozircha davolash maskanidagi portlash hodisasi sabablari haqida tegishli soha vakillari tomonidan aniq ma’lumotlar berilgani yo‘q. Biroq jurnalistlar portlashdan so‘ng voqea joyidan avtomobillarga o‘rnatiladigan skotch (kompozit) ballon va gaz so‘rg‘ichlar topilganini tasvirga olishgan. Kun.uz muxbiri guruhi voqea joyida bo‘ldi.

Shahrixon tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Ortiqov bilan portlagan binoni ko‘zdan kechirdik.

“Gaz va havo aralashmasidan hosil bo‘lgan chaqnash oqibatidagi portlash shu darajada kuchli bo‘lganki, uning kinetik zarbasidan ikkinchi va uchinchi qavatlarning beton qoplamalari “podval”ga bosib tushgan. Ikkinchi qavatdagi bemorlar beton pol bilan birga pastga qulagan.

Bo‘limimizga mazkur holat bo‘yicha soat 11:30da xabar kelib tushgach, zudlik bilan yetib kelganmiz. Bino qulab tushganini ko‘rgach, boshqa kuchlarni yordamga chaqirdik. Qidiruv-qutqaruv ishlari olib borildi.

Bino ichida 6 nafar ishchilar va bemorlar bo‘lgan. Tan jarohati olganlar kasalxonaga yotqizildi. Binoning 424 kub metr qismi zarar ko‘rgan. Hodisa bo‘yicha maxsus komissiya ish olib bormoqda.

Portlash sabablariga to‘xtaladigan bo‘lsak, havo-gaz aralashmasi oqibatida chaqnash yuzaga kelganmi yoki yo‘qligini maxsus ekspertiza o‘rganib chiqmoqda”, – deydi Ilhomjon Ortiqov.

Hodisa guvohlaridan biri Farruhbek Ortiqov shifoxona qarshisidagi “Milliy taomlar” oshxonasida oshpaz bo‘lib ishlar ekan. Uning izohiga quloq tutdik.

“Kuchli portlash bo‘lib, deraza oynalari qarsillab sinib ketdi. U yerdagi odamlar “yordam beringlar” deb baqira boshlashdi. Avval bir ayolga yordam ko‘rsatdik. Ichkaridagi odamlarni tashqariga olib chiqdik. Ular karaxt holatda edi. So‘ng betonlar orasida qolib ketgan ayollarni tortib oldik. Odamlar kelib yordam berishdi”.

Shahrixon tuman markaziy shifoxonasiga borib, hodisa oqibatida jarohat olgan bemorlar bilan suhbatlashdik.

“Portlash bo‘lgan paytda sherigim bilan birga o‘tirgan edik. Nimadandir uchqun chiqdi va portlab ketdi. Qulagan betonni nimadir ushlab qoldi va shuning natijasida tirik qoldim. Sochlarim biroz kuydi. Og‘riqlar bor. Lekin hozir yaxshiman”, – deydi Yorqinoy Yo‘ldosheva.

“Biz portlagan joyning tepasida edik. Tepa qavatdan pastga tushib ketdik. Uyog‘ini bilmayman. Xuddi chuqurga qulagandek bo‘ldim. Ko‘zlarim qumga to‘lib ketgan ekan. Tozalashdi. Keyin ko‘rdim. Hozir belimni ko‘tara olmayapman. Boshimda ham og‘riq bor. Shifokorlar juda katta yordam berishdi”, – deydi yana bir jabrlanuvchi Muqaddamxon Jarqinova.

“11 fevral kuni soat 11:45 larda “Tez yordam” orqali bizga bemorlar kela boshladi. Jami 11 nafar bemor keldi. Ulardan biri qo‘rqib ketgan xolos, unga ambulator yordam ko‘rsatildi. Uch nafar bemorni holatiga qarab viloyat shoshilinch bo‘limiga o‘tkazdik. Hozir bo‘limimizda uch nafar bemor qoldi. Ularning holati yaxshi”, – deydi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i Baxtiyorjon Jalolov.

Shahrixon tuman gaz ta’minoti korxonasi boshlig‘i Umidjon Rasulovning aytishicha, portlash ro‘y bergan shifoxona bir hafta avval texnik tekshiruvdan o‘tkazilgan.

“Mazkur davolash maskani qonuniy texnik xulosalarga asosan gazlashtirilgan. Bir hafta avval tuman favqulodda vaziyatlar xodimlari bilan birga kelib, dalolatnomalar rasmiylashtirib ketganmiz. Maskan xodimlari tabiiy gazdan foydalanish qoidalari bo‘yicha ogohlantirilgan. Ayni paytda mas’ul mutaxassislar tomonidan hodisa sabablari bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilyapti. Aniq xulosalar chiqqach, qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi”, – deydi mutasaddi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddisi va tuman gaz korxonasi izohiga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, portlashdan so‘ng o‘sha joyga yetib borgan jurnalistlar shifoxona avtomobillarga qo‘yiladigan kompozitli, xalqona aytganda, skotch ballonlar orqali isitilgani, gaz so‘rg‘ichlar ham bo‘lganini tasvirga olishgan. Portlashga mazkur omillar sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.

O‘ylaymizki, ekspertiza natijalari voqeaga yanada oydinlik kiritadi.

Elmurod Ermatov,

Azizbek Ismoilov

Элмурод Эрматов
Muallif Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid