Sport | 15:24 / 12.02.2022
21613
15 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada «Real» va «Barsa» uchun jiddiy sinov, Italiyada peshqadamlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty Images

Kelasi haftadan yevrokuboklarga start beriladi. Jamoalar endi nafaqat ichki chempionatda, balki xalqaro maydonda ham klub sharafini himoya qiladilar. Ungacha esa ligalardagi kurashlar avj pallasida davom etadi. «Real» va «Barselona»ni navbatdagi jiddiy sinovlar kutib turgan bo‘lsa, Italiyada birato‘la ikki top uchrashuv bor. APLning markaziy o‘yini bo‘lmish London derbisi esa «Chelsi»ning klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashayotgani tufayli boshqa kunga qoldirildi.

La Liga. 12 fevral (shanba)

VILYaRReAL – ReAL MADRID

O‘yin boshlanish vaqti: 20:15

TV-translatsiya: FutbolTV

«Vilyarreal» va «Real» o‘rtasidagi uchrashuv haqida gap borganda, beixtiyor o‘tgan mavsumdagi so‘nggi tur uchrashuvi yodga keladi. O‘shanda «Real» chempionlikdan umid qilishi uchun o‘z maydonida «sariqlar»ni yengishi lozim bo‘lgan, ammo 87-daqiqagacha Pinoning goli mehmonlarga g‘alaba keltirib turgandi. O‘sha paytda «Atletiko» ham o‘z o‘yinida ochko yo‘qotayotgani Zidan shogirdlariga imkoniyat ochgan, o‘yinning ahamiyati yanada oshib ketgandi. Benzema va Modrichning so‘nggi daqiqalardagi gollari evaziga «Real» g‘alabani ilib ketdi, shunday bo‘lsa-da, «Atletiko» ham yakunda ochko yo‘qotmay, peshqadamlikni saqlab qolgandi. Umuman ushbu ikki jamoaning o‘yinlari doim murosasiz kechgan, masalan, oxirgi 11 uchrashuvda yo durang bo‘lgan yoki tomonlardan biri faqat bir to‘p farqi bilan g‘alaba qozongan xolos.

Foto: Getty Images

Mavsum boshiga nisbatan «Vilyarreal» ancha kuchaydi, kamida natijalar barqarorlashdi. Masalan oxirgi 8 o‘yinning 6tasini o‘z foydasiga hal qila olgan. Natijada, Emeri shogirdlari YeChL yo‘llanmasini beruvchi yo‘llanmalar uchun kurashga qo‘shildi. Hozirda jamoani top-4 dan atigi 3 ochko ajratib turibdi, xolos. «Real» esa «Granada» ustidan qiyin g‘alabadan so‘ng, peshqadamlikni mustahkamlab oldi va hozirda «Sevilya»dan bir o‘yin kam o‘tkazgan holda 3 ochko oldinda turibdi. Lekin yana shuni e’tirof qilish kerakki, Anchelotti jamoasi ayniqsa, ko‘pchilik bo‘lib himoyalanadigan jamoalarga qarshi qiyinchilikka duch kelmoqda – «Elche», «Granada», «Xetafe», «Kadis» kabi raqiblarga qarshi o‘yinlar shular jumlasidandir. «Vilyarreal» esa himoyadagi o‘yin borasida liga yetakchilaridan sanaladi. Jamoa mavsumda 10 uchrashuvda o‘z darvozasini daxlsiz saqlay olgan. Chempionatda uchinchi ko‘rsatkich. Bu o‘yinlar sirasiga aynan «Real»ga qarshi birinchi davradagi to‘qnashuvni ham qo‘shish mumkin. O‘sha o‘yinda hisob ochilmagandi.

Tarkiblar borasida mezbonlardan Koklen va Penya, shuningdek, hujumdagi yetakchi futbolchi Jyerar Moreno maydonga tusha olmaydi. Narigi tomondan ham eng sermahsul o‘yinchi Karim Benzemaning ham yo‘qligini inobatga olsak, yo‘qotishlar teng. «Real»da Karimdan tashqari, Mendining ham maydonga tushishi so‘roq ostida.

Yana bir e’tiborli jihat, «Real» oradan uch kun o‘tib, Parijda YeChLning muhim o‘yinida maydonga tushadi. «PSJ» Fransiyadagi o‘z o‘yinini bir kun oldin o‘tkazganini e’tiborga olsak, jismoniy holatda «Real»dan ustunlikka ega bo‘lishi turgan gap. Buni e’tiborga olgan holda, Anchelotti ham «Vilyarreal» bilan o‘yinda ba’zi shogirdlariga dam berishi mumkin.

A Seriya. 12 fevral (shanba)

NAPOLI – INTeR

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00

TV-translatsiya: Sport

Qiziq holat. Birinchi davrada «Inter» o‘sha paytdagi peshqadamlar bo‘lmish «Milan» va «Napoli»dan 7 ochko ortda borgan va ushbu farqni qisqartirib, chempionlik poygasiga qo‘shilish uchun o‘zaro o‘yinlarga ehtiyoj sezgandi. O‘shanda «Inter» ikki peshqadam bilan qatorasiga o‘yin o‘tkazib, bir g‘alaba va bir durangga erishgan. Natijada ularga yaqinlashib, keyinchalik o‘zib ham ketdi. Hozir vaziyat teskari, «Inter» har ikki jamoadan yetarlicha masofada o‘zib ketgan holda «Milan» va «Napoli» bilan qatorasiga maydonga tushmoqda. Va qizig‘i, bu safar endi hammasi «Inter»ning zarariga ishlashi va xuddi birinchi davrada bo‘lganidek, faqat teskari tomondan oradagi farq qisqarishi mumkin. «Inter» o‘tgan turda «Milan»ga yutqazib qo‘ydi, agar Neapol klubiga ham mag‘lub bo‘lsa, birato‘la uchinchi o‘ringa tushib ketish ehtimoli bor. To‘g‘ri, bu holdayam «Inter»da bir zaxira o‘yin bor, ammo Indzagi jamoasi yetarlicha bosim ostida qolishini tan olish kerak.

Foto: Getty Images

Buning ustiga, xuddi «Real» kabi muammo «Inter»da ham bor. Chorshanba kuni YeChLda «Liverpul»ga qarshi o‘ta muhim o‘yin milanliklarni kutib turibdi. To‘g‘ri, «Napoli» ham Yevropa Ligasida «Barselona»ga qarshi o‘ynaydi, ammo turnir e’tibori nuqtai nazaridan baribir YeChLning o‘rni kattaroq.

Xayriyatki, muhim o‘yin oldidan har ikki jamoada tarkib muammolari barham topdi. «Napoli»da Osimhen ham qaytdi va hatto «Venetsiya»ga qarshi o‘yinda gol urishga ham muvaffaq bo‘ldi. Mezbonlarga faqat bir necha oyga safdan chiqqan Irvin Losano yordam bera olmaydi, xolos. Mehmonlar safida esa Xoakin Korreaning jarohati bor. Alessandro Bastoni «Roma»ga qarshi kubok o‘yinida jarohat oldi, lekin shundoq ham u maydonga tusha olmasdi. Chunki himoyachi «Milan»ga qarshi o‘yinda hakam tomonidan maydondan chetlatilgandi.

Birinchi davra o‘yinida 3:2 hisobida «Inter»ning qo‘li baland kelgan. Umuman oxirgi 30 o‘yinning 11tasida «Napoli» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 9 o‘yinni «Inter «o‘z foydasiga hal qilgan. O‘yin shuningdek, mezbonlar murabbiyi Luchano Spaletti uchun ham alohida ahamiyatga ega, zero u 2017-2019 yillarda «Inter»da ham bosh murabbiylik qilgan.

A Seriya. 13 fevral (yakshanba)

ATALANTA – YuVeNTUS

O‘yin boshlanish vaqti: 00:45

TV-translatsiya: Sport

«Yuventus» mavsumda ilk marotaba kuchli to‘rtlikka kirdi. Turinliklarning yakunda bunga erishishlari vaqt masalasi edi, ammo asosiy savol to‘rtlikdan qaysi jamoa qoqinib, o‘z o‘rnini «Yuventus»ga bo‘shatib berishi edi. Kutilmaganda, «Kalyari»ga mag‘lubiyatga uchragan «Atalanta» bu vazifani sharaf bilan o‘z zimmasiga oldi. To‘g‘ri, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha hisoblaganda, «Atalanta» hamon to‘rtinchi o‘rinda turibdi, lekin bu o‘yinda agar mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, rasman Yevropa Ligasi zonasiga tushib qolishi mumkin.

Aslida «Atalanta»ning muvaffaqiyatsizligi «Kalyari» bilan o‘yindan emas, ancha oldin boshlandi. Jamoa oxirgi 6 o‘yindan faqat bir marta g‘alaba qozondi, u ham bo‘lsa, «Udineze»ga qarshi gollar shousida – 6:2. «Latsio», «Inter» va hatto «Jyenoa»ga qarshi o‘yinlarda hisob ochilmadi, buning ustiga Italiya kubogi chorak finalida ham «Fiorentina»ga boy berildi. «Yuventus» esa yuqorida aytilganidek, ancha barqarorlikka erishdi. Turinliklar oxirgi 14 o‘yinda atigi bir marta mag‘lubiyatga uchradi. U ham bo‘lsa, «Inter»ga qarshi Superkubok finalida. O‘sha o‘yinda ham milanliklar g‘alaba golini qo‘shimcha vaqtlarda urganini hisobga olsak, «Yuventus» 14 o‘yindan asosiy vaqtda mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Qizig‘i, jamoaning so‘nggi mag‘lubiyati 27 noyabrga to‘g‘ri kelgan va o‘sha o‘yinda raqib aynan «Atalanta» bo‘lgandi. Sapataning yagona goli o‘yin taqdirini hal qilgan.

Foto: Getty Images

O‘tgan o‘yin qahramoni bo‘lgan Duvan Sapata avvalgi turda jarohat oldi va katta ehtimol bilan kamida bir oy maydonga tusha olmaydi. Sapatadan tashqari, mezbonlar safida Palomino, Ilichich, hamda Miranchuk ham turli sabablarga ko‘ra qatnasha olmaydilar. Gasperini jamoasida har bir murvatning ta’siri katta ekanini e’tiborga olsak, bergamoliklarda muammo o‘yin boshlanmasdan mavjud.

«Yuventus» tarkibida so‘nggi o‘yinlarda qatnashayotgan barcha futbolchilar o‘z o‘rnida. Faqat Jorjo Kellini o‘tgan turda «Verona» bilan o‘yinda jarohat tufayli maydonni erta tark etgandi. Bernardeski va Keza esa ancha oldinroq safdan chiqishgan va yana uzoq vaqt sheriklariga yordam bera olishmaydi.

O‘zaro o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Atalanta» «Yuventus» uchun uzoq payt qulay raqib bo‘lib kelgandi. Masalan, oxirgi 30 o‘yinda bergamoliklar atigi 3 marotaba g‘alaba qozonishgan. Mana shu uch g‘alaba ham oxirgi uch yilga to‘g‘ri keladi.

13 fevral (yakshanba)

ESPANOL – BARSeLONA

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

«Barselona»ning «Atletiko»ga qarshi o‘yini bayramga aylanib ketdi. Kataloniyaliklar La Ligada qariyb bir yarim yildan beri ilk marotaba katta o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. Xavi shogirdlari shunchaki, g‘alaba qozonibgina qolmasdan, ancha ishonchli, hujumkor o‘yin namoyish qildilar ham. Yanvarda transfer qilingan Traore, «Kamp Nou»ga qaytgan Alvesh ham juda kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Tabiiyki, bunday o‘yindan keyin muxlislar «Barselona»ning navbatdagi uchrashuvini intizorlik bilan kutishlari tabiiy. Buning ustiga bu o‘yin derbi bo‘lsa.

Yuqorida tilga olingan o‘tgan tur qahramonlaridan biri Dani Alvesh maydonga tusha olmaydi. Veteran futbolchi «Atletiko» bilan o‘yinda gol va assist amalga oshirish bilan birga o‘z nomiga qizil kartochkani ham yozib qo‘ydi. Uning o‘ng qanotdagi faolligi, Traore bilan birgalikda harakatlari «Barselona»ga juda katta ustunlik taqdim etayotgandi. Alveshdan tashqari mehmonlar safida Fati, Langle, Roberto, Umtiti va Depaylar ham turli ko‘rinishdagi jarohatlar tufayli derbida qatnasha olmaydilar. «Espanol» safida esa Keydi Bareda kovid aniqlangan.

Foto: Getty Images

«Espanol» «Barselona»dan farqli ravishda, o‘zining eng yomon davrini o‘tkazmoqda. Jamoa ma’lum vaqt yevrokuboklar o‘rnida ham yurgandi, ammo oxirgi to‘rt o‘yindan uchtasini mag‘lubiyat bilan tamomladi. Bir durang. Hatto «Elche»dan mag‘lubiyat qabul qilingani, kubok o‘yinida esa «Malorka»ni keyingi bosqichga kuzatib yuborganini e’tiborga olsak, vaziyat jiddiy. To‘g‘ri, hozirda «Espanol» xavotir olmasa bo‘ladi, «xavfli zona» bilan masofa 9 ochkoni tashkil qilayotgan bo‘lsa-da, jamoaning keyingi taqvimi og‘ir. «Barselona», «Sevilya» va «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinlar Visente Moreno shogirdlarini yanayam qiyin holatga solib qo‘yishi mumkin.

Oxirgi 30 derbining atigi 3tasida «Espanol» g‘alaba qozongan. Ustunlik sezilarli bo‘lsa-da, aksariyat derbilar, ayniqsa «Espanol» maydonida shiddatli kechganini ta’kidlash lozim. O‘tgan safargisi 2:2 durang bo‘lgan va mezbonlar so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirgandilar. Jamoalar o‘rtasidagi oxirgi ikki derbi esa «Kamp Nou»da bir xil 1:0 hisobida «Barselona» foydasiga yakunlangan. Noyabrdagi o‘yin Xavi uchun Barselonadagi murabbiylik debyuti bo‘lgan va Depayning penaltidan urgan goli o‘yin taqdirini hal qilgandi.

BOShQA O‘YINLAR

12 fevral. MANCheSTeR YuNAYTeD – Sauthempton (17:30), Boxum – BAVARIYa (19:30), Norvich – MANCheSTeR SITI (22:30), ATLeTIKO – Xetafe (13 fevralga o‘tar kechasi, 01:00).

13 fevral. MILAN – Sampdoriya (16:30), Byornli – LIVeRPUL (19:00), TOTTeNHEM – Vulverhempton (19:00), Union Berlin – BORUSSIYa D (19:30), Sassuolo – ROMA (22:00).

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid