O‘zbekiston | 12:00 / 12.02.2022
4714
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Uglevodorod zaxiralarini o‘stirish hamda yangi konlarni ochish maqsadida “Sho‘rtan” hududida 3D seysmik-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021 yil 25 dekabr kuni “Uzbekistan GTL” zavodining tantanali ochilish marosimida Qashqadaryoda geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish borasida topshiriqlar berilgan edi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini amalda bajarish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida Ishchi guruh tuzilib, Davlat geologiya qo‘mitasi, “O‘zbekgeofizika” AJ bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Sho‘rtan” konining yangi istiqbollarini aniqlashga qaratilgan 3D seysmik-qidiruv ishlari boshlandi.

2022 yilda geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish 2 barobarga oshirilib, tabiiy gazni qayta ishlash zavodlarini xomashyo resurslari bilan ta’minlash borasida “Yo‘l xaritasi” tuzildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ mablag‘lari hisobidan “Sho‘rtan” hududida 2021 yilda 620 kv.km. maydonda 3D seysmik-qidiruv ishlari bajarilgan bo‘lsa, joriy yil yanvar oyining o‘zidayoq yana 90 km.kv maydonda ishlar bajarildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

3D seysmik-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun pudratchi sifatida “O‘zbekgeofizika” AJ jalb etilgan bo‘lib, AQShning “INOVA” kompaniyasida ishlab chiqarilgan seysmik uskunalar va jihozlar yordamida 400 dan ortiq mahalliy mutaxassislar hamda 50 dan ortiq maxsus texnikalar ishtirokida uzluksiz ish tashkil qilindi.

Amalga oshirilayotgan 3D seysmik-qidiruv ishlarining sifat ko‘rsatkichlari malakali mutaxassislardan iborat “Supervayzerlar guruhi” tomonidan doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda. Olingan ma’lumotlar esa “Ma’lumotlarni qayta ishlash” markazlariga yetkazib berilib, tezkor tartibda qayta ishlanmoqda.

3D seysmik-qidiruv ishlarining yakuniy ma’lumotlari “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufida mavjud bo‘lgan eng so‘nggi rusumdagi serverlar, zamonaviy kompyuter texnologiyalari va ilg‘or dasturiy ta’minotlardan foydalangan holda raqamli geologik modellashtirish orqali tahlil qilinmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ushbu ishlarni bajarish natijasida, “Sho‘rtan” hududidagi barcha konlarning yangi istiqbollari baholanib, tabiiy gazga to‘yingan yangi qatlamlar aniqlanmoqda. Neft va gazga istiqbolli bo‘lgan yangi maydonlar, uchastkalar hamda quduqlarni burg‘ilash nuqtalari belgilab olindi.

Olib borilgan ishlarning samarasi o‘laroq, “Sho‘rtan” koni hududida 1-sonli terrigen yura qudug‘ini burg‘ilash ishlari boshlandi va hozirda uning chuqurligi 1395 metrga yetdi. “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini samarali amalga oshirish, 2022 yil yakuni bo‘yicha belgilangan barcha prognoz ko‘rsatkichlarni to‘liq bajarishni ta’minlash maqsadida, ushbu tadbirlarga sohaning eng malakali geolog va geofizik mutaxassislari jalb etildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Respublikaning Ustyurt, Gazli, Muborak va Sho‘rtan hududlarining istiqbolli maydonlarida uglevodorod zaxiralarini o‘stirish hamda yangi neft va gaz konlarini ochishga yo‘naltirilgan geologiya-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid