Jahon | 20:04 / 14.02.2022
15216
2 daqiqa o‘qiladi

Berdimuhamedovning o‘g‘li Turkmaniston prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatildi

Serdar Berdimuhamedov 2021 yil fevraldan buyon mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Foto: Asia Plus

Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov bo‘lajak saylovlarda mamlakat prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatildi. Bu haqda Salam News nashri xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 14 fevral kuni Turkmaniston demokratik partiyasining navbatdan tashqari IX s’yezdi bo‘lib o‘tgan.

«Kun tartibiga ko‘ra, Turkmaniston prezidenti lavozimiga Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovning nomzodi ilgari surildi. S’yezd qatnashchilari Serdar Berdimuhamedovning nutqini tingladi va uni qo‘llab-quvvatladi», — deyiladi xabarda.

Serdar Berdimuhamedov 1981 yilda tug‘ilgan. U Turkmaniston qishloq xo‘jalik universitetini bitirgan. 2008-2011 yillarda Rossiya TIV diplomatiya akademiyasida, 2011-2013 yillarda Jyenevadagi xavfsizlik siyosati markazida tahsil olgan.

Serdar Berdimuhamedov 2018 yilda mamlakat tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan. 2020 yilda sanoat va qurilish vaziri lavozimini egallagan Serdar 2021 yil fevraldan buyon bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovi shu yilning 12 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Avvalroq, Turkmaniston prezidenti hokimiyatni o‘g‘liga topshirishga qaror qilgandi.

Mavzuga oid