Qibrayda maktab o‘quvchilari yupun kiyimda mehmon kutishga chiqarildi
Toshkent viloyati XTB boshlig‘ining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, tadbirni maktab emas, “Oltin meros” jamg‘armasi o‘tkazgan. “Kimdir maktabdan o‘quvchi so‘ragan bo‘lsa, maktabdagilar ham o‘ylab o‘tirmay o‘quvchi ajratib bergan bo‘lsa kerak”, – deydi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolov.
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi maktablardan birida mehmonlarni kutib olish marosimiga yupun kiyingan o‘quvchi qizlar chiqarilgani aks etgan surat tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 14 fevral kuni Qibray tumanidagi 29-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lgan.
Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Qibraydagi 29-sonli maktabda 14 fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kuni munosabati bilan tadbir tashkil etilgan.
Tadbir maktabda tashkil etilgan bo‘lsa-da, tashkilotchilari va mehmonlarning maktabga aloqasi bo‘lmagan.
“Unday tadbirlarni qish tugul, yozda ham qilmayapmiz. Bu tadbirni maktab rahbariyati tashkil etmagan. Ushbu tadbirni “Oltin meros” jamg‘armasi tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. E’tibor berib qaralsa, suratdagi erkaklardan biri – “Oltin meros” jamg‘armasining rahbari Amirqul Karimov, ayollardan biri – “Oltin meros” jamg‘armasining viloyat bo‘limi boshlig‘i Zarifa Eshmirzayeva ekanini ko‘rish mumkin.
Jamg‘arma vakillari Boburning yigirma nechinchidir avlodini olib kelishgan ekan. Aslida mahallada bo‘lishi kerak bo‘lgan tadbir joy topilmagani sababli maktab zalida tashkil etilgan ekan.
Tumandagi ba’zi jamoat tashkilotlari maktablarda tadbir o‘tkazib turishadi. Kechagi holatda ham kimdir maktabdan o‘quvchi so‘ragan bo‘lsa, maktabdagilar ham o‘ylab o‘tirmay o‘quvchi ajratib bergan bo‘lsa kerak”, – deydi boshqarma boshlig‘i.
Uning bildirishicha, XTB yosh o‘quvchi qizlarning turli tadbirlarga jalb etilishiga, sovuqda qoldirilishiga qarshi hamda kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun tushuntirish ishlarini olib boradi.
Internetdan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2022 yil 14 fevral Qibray tumanida yomg‘irli kun bo‘lgan, havoning o‘rtacha harorati +4 darajani tashkil qilgan. Rasmdan ham ko‘rinib turibdiki, tadbirga kelganlarning barchasi qalin kiyimlarda bo‘lgan.
Avvalroq, Andijonda o‘quvchilar tadbirda ishtirok etish uchun yupun kiyimda sovuqqa olib chiqilgani oqibatida maktab rahbarlari ishdan olingandi. Baxmal tumanidagi kutubxona ochilish marosimida ham yosh qizchalar sovuqda dildiratib qo‘yilgandi.
Mavzuga oid
16:01 / 28.10.2024
Qibrayda bepul tibbiy ko‘rik uchun o‘qituvchilardan pul olinayotgani aytilmoqda
13:37 / 01.10.2024
Toshkent viloyatida “Jiguli” yonib ketdi
11:30 / 01.10.2024
Agrar universitet hududidagi yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
17:40 / 23.09.2024