Jahon | 19:30 / 15.02.2022
52835
7 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda hokimiyat tranziti. Kichik Berdimuhamedov prezidentlikka nomzod bo‘ldi

Turkmaniston markaziy saylov komissiyasi navbatdan tashqari saylovlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mamlakatni 2007 yildan buyon boshqarib kelgan prezident Gurbanguli Berdimuhamedov lavozimini tark etish niyatini bildirdi. Uning o‘rnini katta ehtimol bilan o‘g‘li Serdar egallaydi.

Foto: Aleksandr Astafev / TASS / Scanpix / LETA

Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov bo‘lajak saylovlarda mamlakat prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatildi. «Turkmenistan segodnya» davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu boradagi qaror Turkmaniston Demokratik partiyasining 14 fevral kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari IX s’yezdida qabul qilingan.

«Kun tartibiga ko‘ra, Turkmaniston prezidenti lavozimiga Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovning nomzodi ilgari surildi. S’yezd qatnashchilari Serdar Berdimuhamedovning nutqini tingladi va uni qo‘llab-quvvatladi», deyiladi xabarda.

Arqadag‘ nafaqaga chiqmoqchi

Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmaniston prezidenti lavozimini bo‘shatmoqchi ekanini ma’lum qilgan. U 2021 yil yakunlari va kelgusi 30 yilga mo‘ljallangan davlat siyosatining «ustuvor vazifalari» muhokama qilingan Xalq Maslahati (mamlakat parlamentining yuqori palatasi) yig‘ilishida shu haqda gapirdi. Bu 11 fevral kuni — uning davlat rahbari etib saylanganiga 15 yil to‘lgan kunda ro‘y berdi.

Berdimuhammedov 2021 yil kuzida Toshkentga tashrifi chog‘ida / Kun.uz

Turkmaniston prezidenti mamlakatda to‘liq hokimiyatga ega, konstitutsiyaga ko‘ra, uning vakolati muddati cheklanmagan.

Ammo juma kuni  64 yoshli arkadag‘ kutilmaganda o‘zining «yosh yetakchilarga yo‘l ochish» haqidagi «murakkab» qarori haqida e’lon qildi va buni ikki yil avval «payg‘ambarlik yoshiga yetgani» bilan izohladi.

«Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat boshqaruvi sari yo‘lni ma’naviy muhitda va zamonning yuksak talablari asosida tarbiyalangan yosh yetakchilarga berish kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatlayman. Men Xalq maslahati raisi sifatida katta hayotiy va siyosiy tajribamni bundan buyon ham shu sohaga yo‘naltirish niyatidaman», — dedi Gurbanguli Berdimuhammedov.

U parlament yuqori palatasi raisligini o‘zida saqlab qolmoqchi. Davlat rahbari boshqa vakolatlar haqida gapirmagan.

Berdimuhamedovning bayonotidan keyingi kuni Majlis (parlamentning quyi palatasi) navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari sanasi sifatida 2022 yil 12 martni belgiladi. Mustaqil Turkmaniston tarixida atigi ikki prezident bo‘lgan: Berdimuhamedov va uning o‘tmishdoshi — Saparmurod Niyozov.

Voris o‘g‘il

Rasman Arqadag‘ (Homiy) maqomiga ega bo‘lgan Turkmanistonning amaldagi prezidenti o‘zining vorisi haqida e’lon qilmagan, mahalliy nashrlar uning o‘rnini yagona o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov egallashiga shubha qilmayapti. Prezident so‘nggi yillarda o‘z o‘g‘lini vorislikka tayyorlab kelgan, 2021 yil sentyabrida kichik Berdimuhamedov 40 yoshga to‘lgan va prezidentlikka nomzod uchun zarur yosh chegarasidan o‘tgandi.

Serdar Berdimuhamedov 2022 yil yanvarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingandi

Ekspertlar fikricha, hokimiyat katta Berdimuhamedovdan kichigiga o‘tkazilishi jarayoni bir necha yil davom etgan va bir yil oldin «finishga yetib kelingan», bunga faqat iqtisodiy holat yomonlashuvi va mamlakat aholisi noroziligi o‘sishi xalal berishi mumkin.

«Xronika Turkmenistana»ning qayd etishicha, 2016 yil kuziga qadar Berdimuhamedovning o‘g‘li haqida deyarli hech narsa ma’lum bo‘lmagan. Uning nomi OAVda ilk bor 2012 yilgi prezidentlik saylovlarida tilga olingan, o‘shanda u otasi bilan birga saylov uchastkasiga kelgandi.

Kichik Berdimuhamedov haqida nisbatan batafsil ma’lumotlar u 2016 yilda ilk bor Turkmaniston parlamenti deputatligiga saylangach, paydo bo‘ldi, 2018 yilgi parlament saylovlari arafasida esa davlat nashrlari uning to‘liq biografiyasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Serdar Berdimuhamedov 1981 yil 22 sentyabrida tug‘ilgan, u uylangan va to‘rt farzandi bor. Dastlabki ma’lumoti bo‘yicha texnologik muhandis (Turkmaniston qishloq xo‘jalik universitetini bitirgan), bir necha yil oziq-ovqat sanoati va neft-gaz sektorida ishlagan.

Serdar Berdimuhamedov 2008-2011 yillarda, siyosiy faoliyatini boshlashdan oldin Rossiya TIV diplomatiya akademiyasida o‘qigan. Shuningdek, 2011-2013 yillarda Jyenevadagi xavfsizlik siyosati markazida o‘qib, Yevropa va xalqaro xavfsizlik bo‘yicha magistrlik darajasini olgan. U o‘qish davomida Moskvadagi Turkmaniston elchisi maslahatchisi va Jyenevada Turkmanistonning BMTdagi doimiy vakili lavozimlarida ishlagan.

Davlat xizmati mobaynida kichik Berdimuhamedov TIVda ishlashga, sanoat vazirligiga rahbarlik qilishga, shuningdek Axal viloyati (oblasti) gubernatori bo‘lishga ulgurgan. Bu viloyatda u bilan ishlagan sobiq xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, qo‘l ostidagilar bilan muloqotda prezident o‘g‘lining sevimli iborasi «Bo‘yningni uzaman!» bo‘lgan. Bundan tashqari, ularga o‘z kabinetlarini zaruratsiz tark etish taqiqlangan, xonadan chiqadigan bo‘lsa — kichik Berdimuhammedov binoda bo‘lganida shovqin qilmaslik talab etilgan.

Serdar Berdimuhamedov 2018 yilda mamlakat tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lgan, 2020 yilda sanoat va qurilish vaziri lavozimini egallagan. 2021 yil fevralida u yangi ta’sis etilgan bosh vazir o‘rinbosarligi lavozimiga tayinlanadi. O‘shanda u amalda o‘z otasining o‘rinbosariga aylangandi — Turkmanistonda bosh vazirlik lavozimi yo‘q, hukumatni esa prezidentning o‘zi boshqaradi. Shu bilan bir vaqtda prezidentning o‘g‘li Turkmaniston Oliy nazorat palatasiga rais ham bo‘ladi va mamlakat xavfsizlik kengashi tarkibiga kiradi.

2014 yilda Serdar Berdimuhamedov Turkmaniston fanlar akademiyasida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan, bir yil o‘tmay texnika fanlari doktori darajasini olgan. U shuningdek Milliy jang san’ati federatsiyasini ham boshqaradi va «Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy» faxriy unvoniga ega.

«Xronika Turkmenistana»ning yozishicha, kichik Berdimuhamedovning sevimli mashg‘ulotlari otasiniki bilan o‘xshash — sport, avtomobillar va tulporlarga muhabbat. Davlat nashrlari ota va o‘g‘il birgalikda sayrlarga chiqqani, sport musobaqalari va avtorallida qatnashgani aks etgan lavhalarni namoyish etib turadi.

Turkmanistonda saylovoldi kampaniyasi rasman 14 fevral kuni start oldi. Saylovlar va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiya ma’lumotiga ko‘ra, shu kundan prezidentlik uchun nomzodlarni ilgari surish mumkin bo‘ladi. Hozircha faqat Serdar Berdimuhamedovning nomzodi ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid