Jahon | 12:35 / 17.02.2022
28552
10 daqiqa o‘qiladi

Ukraina inqirozi: G‘arb Rossiya chekinganiga ishonmayapti

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyans hozircha Moskvaning keskinlikni yumshatish tomon real qadam tashlagani tasdiqlanmagani - rossiyalik harbiylarning Ukraina chegaralaridan olib ketilganining nishonalari ko‘rinmaganini aytdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham shunday fikrda. Avvalroq Rossiya rahbariyati harbiylarning bir qismi mashg‘ulotlarni yakunlab, doimiy joylashuv manzillariga qaytayotganini ma’lum qilgandi, shuningdek, G‘arb bilan kelishmovchilikni diplomatik yo‘l bilan hal qilish borasidagi urinishlarni davom ettirish niyati bildirilgandi.

«Biz Moskvadan diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyorliklari haqidagi signallarni eshitdik, biroq hozircha voqealar joyida deeskalatsiyaning qandaydir belgilarini ko‘rmadik. Aksincha, aftidan, Rossiya o‘z harbiy salohiyatini oshirishda davom etmoqda.

Biz ular harbiylari sonini ko‘paytirayotgani va ko‘plab harbiylar yo‘lda kelayotganini kuzatmoqdamiz. Biz voqealarning har qanday rivojiga tayyormiz», dedi Stoltenberg chorshanba kuni alyans mudofaa vazirlari bilan uchrashuv oldidan.

Stoltenbergning bu so‘zlariga javoban Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday dedi: «Ehtimol, NATOda vaziyatni baholash tizimida gandikap mavjud. Bu esa NATO vakillariga vaziyatni hushyorlik bilan baholashga imkon bermayapti.

«Ochig‘ini aytganda, G‘arbdagilarning bunday jazavalari tabiati shuni ko‘rsatdiki, katta ehtimol bilan kulminatsiya hali oldinda. Remissiya (kasallik alomatlarining zaiflashuvi) darhol bo‘lmaydi, biz sabr qilishda davom etishimiz kerakka o‘xshaydi», degan Peskov va o‘tgan tunda Kremldagilar «xotirjam uxlashgani» haqida qo‘shimcha qilgan.

AQSh Davlat departamentidagilar ham chegaradagi vaziyat bo‘yicha xavotirlar kamaymaganini aytmoqda. «Biz aslida faqat eskalatsiya»ni ko‘rmoqdamiz», dedi idora matbuot kotibi Ned Prays va AQShdagi ma’lumotlarga ko‘ra, chegaraga yangi kuchlar olib kelinishi davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

Zelenskiyning BBC uchun intervyusi
Kiyevdagilar ham rus qo‘shinlarining olib ketilganining alomatlarini ko‘rmayapti. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiy BBC muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: Getty Images

«To‘g‘risini aytsam, biz bor voqelikka munosabat bildiramiz, hozircha esa hech qanday chekinishni ko‘rmadik. Biz bu haqda faqat eshitdik. O‘ylaymanki, barcha normal odamlar deeskalatsiyani kutishmoqda. Tahdidlarga keladigan bo‘lsak, men ko‘p bor aytdimki, biz har qanday tahdidga xotirjamlik bilan munosabatda bo‘lamiz, chunki biz barchasi kechagina boshlanmaganini bilamiz. Bu ko‘p yillardan buyon davom etib kelmoqda. [...] Qachonki harbiylar olib ketilsa, buni barcha ko‘radi. Faqatgina razvedka yoki harbiylar emas, biz barchamiz bunga guvoh bo‘lamiz. Ammo hozircha bular bari quruq bayonotlar», degan Zelenskiy.

Seshanba kuni Moskva Belarus harbiylari bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etgan G‘arbiy va Janubiy harbiy okruglarning harbiy bo‘linmalari o‘z harbiy garnizonlariga qayta boshlagani haqida xabar qilgandi. Mashg‘ulotlarning bir qismi yakunlanishi haqida Putin qabulida hisobot bergan mudofaa vaziri Sergey Shoygu qolgan mashg‘ulotlar ham tez orada yakunlanishini bildirgandi.

Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, harbiylar va texnikalar Qrimdan (2014 yilda Rossiya tomonidan bosib olingan) ortga qaytarilmoqda. Bu qismlar doimiy joylashuv manzillariga, jumladan Dog‘iston va Shimoliy Osetiyaga qaytadi.

Ammo Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi asoschisi Ruslan Leviyev tvitterida yozishicha, Rossiya mudofaa vazirligining bayonotida aytilgan qismlarning doimiy joylashuv manzillari Ukraina chegaralari yaqinida - ya’ni ular Qrimdan Ukraina chegarasi tomon qaytarilgan. «Bu kulgili, ularning bazalari aynan Ukraina bilan chegarada. Ya’ni qo‘shinlar Ukraina chegarasi tomon olib ketilgan», deya yozadi Leviyev.

Tahlil: siyosiy-harbiy teatr
Pol Adams, BBC diplomatik korrespondenti

Bu inqirozga teatr sahna ko‘rinishi sifatida qarash mumkin. Sahnaga turli aktyorlar chiqishadi. Monologlar va turli noaniq mulohazalar yangraydi, ularni turlicha talqin qilish mumkin bo‘ladi.

Biz barchamiz sehrlangandek rus qo‘shinlarining harakatlarini kuzatamiz va doimiy ravishda o‘zimizdan bu yoki u kadrlar nimani anglatishini so‘raymiz.

Bu teatr rejissyori Rossiya prezidenti Vladimir Putinga esa aynan shu kerak. U barchamiz jumboq ichida qolishimizni istaydi.

Katta ehtimol bilan, Qrim ko‘prigi orqali Kerch bo‘g‘ozini kesib o‘tayotgan rossiyaliklarning og‘ir texnikalari tasvirlari barcha umid qilayotgan deeskalatsiyadan nishondir.

Ammo, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg aytganidek, hozircha so‘nggi voqealar nimani anglatishi haqida ishonchli prognozlar qilishga erta.

Ukraina chegaralari atrofida hamon juda ko‘p rus harbiylari qolmoqda - ular shunday joylashtirilganki, G‘arb davlatlari razvedka xizmatlari sodir bo‘layotgan voqealarni bosqinga tayyorgarlik ko‘rish sifatida talqin qilishi mumkin bo‘ladi.

Bu shunday bosqin bo‘lishi aniq ekanini anglatmaydi. Ammo Kremldagilar qandaydir tajovuzkor niyat yo‘qligini takrorlashsa ham, Putinni atrofdagilarning barchasi bu spektaklda katta jang sahnasini kutish holatida bo‘lishi to‘la qanoatlantiradi.

Tan olinmagan respublikalarni tan olish masalasi
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin avvalroq Kommunistlar partiyasining bir guruh deputatlarining Davlat dumasiga Ukraina sharqidagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan rusparast respublikalarni tan olish masalasidagi murojaatini «ma’lumot uchun qabul qilgani»ni bildirdi. Voqealar rivoji qanday kechishiga Peskov aniqlik kiritmagan.

Foto: Getty Images

«Bu borada qandaydir aniq reglament mavjud emas. Murojaat prezidentga yetkazildi, u buni ma’lumot o‘rnida qabul qildi», degan u.

Peskov Rossiya tan olinmagan Lugansk xalq respublikasi va Donetsk xalq respublikasini tan olishi Minsk kelishuvlarini buzishi haqidagi fikrlarga qo‘shilishini bildirgan. Ammo shu bilan birga Putin uchun Donbassdagi vaziyatni tartibga solishdagi asosiy vazifa «Minsk chora-tadbirlar paketini amalga oshirish» ekanini eslatib o‘tgan.

Shu bilan birga u Kiyevning Donetsk va Lugansk aholisiga Rossiya pasportlarining berilishi kelishuvlarni buzishi haqidagi ayblovlarni rad etgan. «Ushbu amaliyot Minsk kelishuvlarini buzish hisoblanmaydi, shunchaki mazkur qisqa va yetarlicha aniq matnni bir marta o‘qib chiqish kifoya. Shu sababli ushbu ayblovlar asossiz», deydi u.

Kreml rasmiysi Rossiya Donbass aholisiga «gumanitar sabablarga ko‘ra» — «ularni o‘z vatani rad etgani uchun» pasport berayotganini qayd etgan.

Avvalroq Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba Moskva tomonidan o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarning tan olinishi Minsk kelishuvlaridan chiqish hisoblanishini aytgandi.

Minsk kelishuvlari so‘nggi bor o‘tgan haftada «Normand formati»da (Rossiya, Ukraina, Fransiya va Germaniya) siyosiy maslahatchilar darajasida muhokama qilingandi. Bu muzokaralar natijasiz yakunlangan.

Ukraina Birdamlik kunini nishonladi
Chorshanba kuni Ukrainada Birdamlik kuni nishonlandi - prezident Vladimir Zelenskiy ikki kun oldin Rossiya Ukrainaga bosqin boshlashi taxmin qilingan 16 fevral sanasini Birdamlik kuni sifatida e’lon qilgandi.

Foto: AP/TASS

U Rossiya bosqini yuz berishi taxmin qilingan kunda ukrainaliklarga murojaat yo‘lladi: «Buyuk Ukrainaning buyuk xalqi, xayrli tong! Bugun muhim kun — barchamiz birlashadigan kun. Hammamiz har xilmiz, yoshimiz, jinsimiz har xil, turli shaharlardanmiz, turli kasb egalarimiz, iste’dodimiz, bilimlarimiz, tilimiz, dinimiz turfa xil. Lekin bizni yagona istak — yashash istagi, tinch-totuv yashash, oila bag‘rida, farzandlar, ota-onalar bilan baxtli yashash istagi birlashtiradi. Va bularning barchasiga haqqimiz bor. Chunki biz o‘z uyimizdamiz, Ukrainadamiz. Hech kim uyimizni biz sevgandek sevmaydi. Faqat o‘zimiz birgalikda uyimizni himoya qila olamiz, boshqa hech kim. Birlik kuni bilan, ko‘k-sariq, Birlik kuni muborak, Ukraina! Sharq, G‘arb, Janub, Shimol faqat birga yangraydi, birga lekin kuchli yangraydi».

Shundan keyin Zelenskiy Donetsk oblastidagi Kiyev nazoratida qolgan Mariupol shahriga yo‘l oldi va bu yerdagi harbiylar bilan uchrashdi. Mamlakatning eng badavlat kishisi, OAVda u mamlakatdan qochib ketgani haqidagi xabarlardan keyin 16 fevral kuni qaytgan Rinat Axmetov ham shu yerda yashaydi.

Shu kuni ukrainlar ko‘chalar bo‘ylab ulkan milliy bayroqlarni ko‘tarib o‘tishdi.

Mavzuga oid