Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
4 viloyatda jarimadan tushgan 119 mlrd so‘m maqsadli ishlatilmagani ma’lum bo‘ldi
Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hokimliklari qoidabuzarliklar uchun undirilgan jarimalardan mahalliy budjetga tushirilgan jami 119,6 mlrd so‘mni belgilangan maqsadlarga sarflamagan, deya ma’lum qildi senator Qutbiddin Burhonov.
18 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda so‘z olgan senator Qutbiddin Burhonov yo‘l qoidalari buzilgani uchun undirilgan jarimalar masalasiga to‘xtaldi.
“Yo‘l harakati xavfsizligini tashkil etishda AKTdan yetarli darajada foydalanilmayapti. Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarining avvalgi ijobiy tajribalaridan kelib chiqib, yo‘l harakati qoidalarining buzilishini foto-videofiksatsiya qilish mobil moslamalari yordamida belgilangan jarima summasining 40 foizi ushbu viloyatlarning mahalliy budjetiga yo‘naltirilgan.
Mazkur mablag‘larni hududda qoidabuzarliklarni foto-video qayd etish qurilmalarini o‘rnatish bilan bog‘liq ishlarga yo‘naltirish belgilangan bo‘lishiga hamda o‘tgan davr mobaynida ushbu viloyatlar mahalliy budjetiga jami 119,6 mlrd so‘m kelib tushganiga qaramay, mahalliy hokimliklar tomonidan qurilmalarni o‘rnatish ishlariga sustkashlik bilan yondashilmoqda.
Masalan, foto-videofiksatsiya qilish mobil moslamalari yordamida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun Farg‘ona viloyati budjetiga 20,2 mlrd, Namangan viloyatiga 18,7 mlrd, Andijon viloyatiga 10,6 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushgan bo‘lsa-da, qoidabuzarliklarni aniqlaydigan obektlar qurilishiga Namangan viloyati hokimligi tomonidan 1,8 mlrd, Andijon viloyati hokimligi, 1,2 mlrd, Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan atigi 700 mln so‘m ajratilgan”, – deya Qutbiddin Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri..
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisiga ko‘ra, Toshkent viloyati mahalliy budjetiga tizim orqali 70,1 mlrd so‘m jarima puli kelib tushishiga qaramasdan, qurilmalarni o‘rnatish uchun 2021 yilda umuman mablag‘ ajratilmagan.
“Bugungi kunda transport vositalari oqimini sun’iy intellekt yordamida to‘liq nazorat qilish, tirbandliklarning oldini olish mavjud yo‘l uchastkalari va chorrahalarni 1491 ta aqlli (smart) svetofor, 4473 ta intellektual kamera hamda 720 ta tezlikni nazorat qilish qurilmalari bilan jihozlash talab etiladi”, – deydi Qutbiddin Burhonov.
Senatorning tanqididan so‘ng, 19 fevral kuni Namangan viloyati hokimligi antiradarlar aniqlay olmaydigan “aqlli” qurilmalarni o‘rnatish boshlanishi haqida xabar berdi.
“Toshkent shahar jamoat transport tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, Toshkentdagi barcha chorrahalarga kamera va fotoradarlar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.
Mavzuga oid
12:23 / 28.05.2025
Hayvonlarni identifikatsiya qilish jarayonlari tartibga solinadi
16:22 / 01.05.2025
Yerosti suvlaridan hisoblagichsiz foydalanganda soliq to‘lovi besh barobar oshiriladi
16:21 / 30.04.2025
Oliy sud tarkibiga o‘zgartirish kiritildi
13:00 / 30.04.2025