Jahon | 20:51 / 20.02.2022
77218
20 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirov atrofidagi shovqin. Bu haqda nimalar ma’lum?

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Rossiyaning eng ko‘p tilga olinadigan mansabdorlaridan biri hisoblanadi. Odamlar orasida ham, OAVda ham. Ammo bu gal uning atrofidagi voqealar tinchimayapti. Ish hatto Qodirovni ishdan ketkazish uchun petitsiya yig‘ishgacha bordi. Chechen yetakchisi atrofida nimalar bo‘lmoqda?

Yelena Afonina / TASS / Scanpix / LETA

«Boshingizni uzib tashlaymiz»

3 fevral kuni Chechenistonda o‘n minglab odamlar mamlakat poytaxti markazida yig‘ilib, bir oila vakillariga tegishli suratlarni yoqib tashlaganini ko‘pchilik ko‘rdi. O‘sha namoyishlarda odamlar chechenistonlik sobiq federal sudya Saydi Yangulbayev oilasiga la’natini bildirdi. Checheniston hukumat vakillari chechen tilida sudya va uning oilasiga tahdid qilishdi.

«Yangulbayevlarni yashirib o‘tirgan davlatlar, sizdan ularni Rossiyaga qaytarishni so‘raymiz. Ularning davlatingizda qolishi yaxshilikka olib kelmaydi. Yangulbayevlar terrorchidir, demak ularni yashirish terrorchilarga yordam berish bilan teng. Bundan buyon u oila har bir eshik taqillashidan xavotirga tushib yashaydi. Chechen xalqi ularning gapidan shunchalik xafa bo‘lganki, birinchi o‘ng kelgan chechen ular bilan «hisob-kitob qiladi». Ularni kechirmaymiz, bizning xalqimiz va dinimizga yog‘dirgan haqoratlari uchun jazo olishadi. Bu borada xotirjam bo‘lishingiz mumkin», dedi Qodirov sobiq sudya va qizini yashirgan davlatga murojaat qilar ekan.

Checheniston rahbari Yangulbayevlar oilasini yoki yerning ostida, yoki qamoqxonada qasos kutayotganini ham yozdi.

Saydi Yangulbayev xotini Zarema Musayevani olib ketib qamab qo‘yishganidan keyin qizi bilan mamlakatni tark etgan. Musayevani Nijniy Novgoroddagi uyidan zo‘rlik bilan go‘yoki firibgarlik ishi bo‘yicha so‘roq qilish uchun Chechenistonga olib ketishgan.

Qodirovdan keyin yana ko‘plab chechenistonlik davlat amaldorlari Yangulbayevlar oilasiga nisbatan murojaatlar qilib chiqishdi. Ularning aytishicha, oila a’zolari chechenlar hurmat qiladigan diniy rahnamoni haqorat qilib audioyozuv tarqatgan.

Chechenistonlik davlat odamlari orasida Rossiya davlat dumasi deputati Adam Delimxanovning murojaati ayniqsa dahshatli bo‘ldi. «Tun-u kun tinim bilmay, tanamiz, qalbimiz, bor-u yo‘g‘imiz, farzandlarimiz – hammasi sizni kuzatib turadi. Sizning boshingizni olib, o‘ldirish payidamiz. Ha, oramizda chindan qasos bor, qonli qasos. Bu gaplarni, aytayotganlarimni ruschaga tarjima qilib turganlar uchun ham aytyapman: sizlar bilan qasosimiz bo‘ladi, bolalarimizning ham qasosi bo‘ladi», dedi Delimxanov o‘zining Instagram’dagi sahifasida.

Adam Delimxanov.
​​​​Yelena Afonina / TASS / Scanpix / LETA

Qodirovning eng yaqin odamlaridan bo‘lmish Delimxanovning so‘zlariga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan munosabat so‘rashdi. Peskov esa bu gaplarga Davlat dumasi munosabat bildirishi kerakligini aytdi. Dumada esa bu prokuraturaning ishi ekanini ma’lum qilishdi. Ya’ni Rossiya rasmiy idoralaridan hech biri holatga munosabat bildirmadi. Bu vaqtda Checheniston rasmiylarining tahdidlari davom etdi.

Checheniston bosh vaziri o‘rinbosari Abuzayd Vismuradov Instagram’dagi sahifasida shunday murojaat qildi: «Seni o‘ldirib, kallangni va tilingni kesamiz-da, biror joyga osib ketamiz». Vismuradovning aytishicha, u va tarafdorlari shu vaqtgacha jim turishgan, lekin ustozlarining nomi tilga olinganiga ortiq toqat qila olishmaydi. Ustoz deb chechenlar qadrlaydigan diniy ulamo nazarda tutilgan.

Qodirov va tarafdorlari Yangulbayevlarga nisbatan nafratomuz chiqishlar qilayotganiga yaqinda tarqalgan audioyozuv sabab bo‘lgan. «Grozniy» telekanalining Instagram sahifasida e’lon qilingan audioyozuvda erkak kishi chechenistonlik diniy rahnamo Kunta-Hoji Kishiyevni tanqid qilgan. Bu rahnamoni Shimoliy Kavkaz dindorlari hurmat qilishi ma’lum. Audiodagi ovoz barcha ustozlarni haqorat qilib, ularning barchasini butun umr Rossiya foydasiga ishlab, kelishmovchilik keltirib chiqarishda ayblagan.

Audioni e’lon qilgan «Grozniy» telekanali sahifasida yozilishicha, ovoz Saydi Yangulbayevning o‘g‘li Ibragim Yangulbayevga tegishli.

Yangulbayevlar ishi

20 yanvar kuni chechenistonlik politsiyachilar Checheniston Oliy sudining sobiq sudyasi Saydi Yangulbayevning Nijniy Novgoroddagi kvartirasiga boradi. Uyda sudyaning o‘zi bo‘lmagan va politsiyachilar Yangulbayevning xotini Zarema Musayevani zo‘rlik bilan olib ketgan. Ayolni Chechenistonga rasman firibgarlik ishi bo‘yicha so‘roq berish uchun olib ketishgan.

Saydi Yangulbayev va Zarema Musayeva
Qiynoqlarga qarshi qo‘mita/Facebook

Bu voqealardan bir oy avval sobiq sudyaning o‘g‘li Abubakr Yangulbayevning uyida ham tintuv o‘tkazilib, o‘zini tergov qilishgandi. Abubakr Rossiyada xorijiy agent deb topilgan «Qiynoqlarga qarshi qo‘mita»da yurist bo‘lib ishlaydi. Uyida tintuv o‘tkazishlaridan bir oy avval Abubakr Yangulbayev Chechenistonda bir necha yaqin qarindoshlari yo‘qolib qolganini xabar qilgandi.

So‘roqqa olib kelingach, Musayeva 15 sutka ma’muriy qamoqqa hukm qilingan. Ramzon Qodirovning aytishicha, qo‘lga olish jarayonida politsiyachiga hujum qilgan ayol uning «ko‘zini sug‘urib olishi»ga bir baxya qolgan. Qodirov Yangulbayevlarni qo‘lga olib jazolash, agar qarshilik ko‘rsatilsa, terrorchilarning tarafdori kabi yo‘q qilish kerakligini ta’kidladi.

Saydi Yangulbayev qizi Aliya bilan 22 yanvar kuni Rossiyani tark etgan. 31 yanvar kuni Checheniston ichki ishlar vazirligi Ibragim Yangulbayevga nisbatan terrorchilik harakatiga chorlash ishi bo‘yicha federal qidiruv e’lon qilgan. Shuningdek, Zarema Musayevga nisbatan ham hukumat vakiliga kuch ishlatish ayblovi bilan jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi. Grozniy sudi ayolga nisbatan ish ochilib, unga ehtiyot chorasi sifatida ikki oylik qamoq muddati tayinlanganini tasdiqlagan.

Saydi Yangulbayev va uning oila a’zolari Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning ashaddiy tanqidchilari hisoblanadi. Bu oilaga nisbatan harakatlar 2017 yilda boshlangan. O‘shanda Ibragim Yangulbayev ekstremizmda ayblanib, qamoqqa yuborilgan.

Grozniydagi namoyish. Unda 400 ming kishi qatnashgani aytildi

Foto: Grozniy-Inform

Ramzon Qodirovning tarafdorlari 3 fevral kuni Grozniy markazida yig‘ilib, Saydi Yangulbayev va oila a’zolariga qarshi miting o‘tkazishdi. Uning ishtirokchilari Yangulbayevlar oila a’zolarining suratlariga o‘t qo‘yishdi, oyoqosti qilishdi. Checheniston hukumati ma’lumotiga ko‘ra, mitinglarda 400 ming kishi ishtirok etgan. Bu respublikadagi erkak fuqarolarning yarmidan ko‘pi degani. Chechenistonda jami 1,5 million odam istiqomat qiladi.

«Grozniy markazidagi mitingda 400 mingdan ortiq odam to‘plandi. Ularning hammasi erkaklar edi. Ya’ni Checheniston Respublikasidagi erkaklarning 80 foizi mitingga chiqdi. Ular Yangulbayevlar oilasi a’zolarining barcha avliyo va ustozlarni haqorat qilgani sabab keskin norozilik bildirib, ularning mamlakatga ekstraditsiyasini talab qilishdi», degan namoyish haqida «Grozniy» telekanali matbuot xizmati.

Eng qizig‘i, Grozniydagi namoyishlar Rossiyada bo‘ladigan boshqa mitinglar kabi taqiqlanmagan, koronavirus cheklovlari joriy qilinmagan, tashkilotchilar ham aniqlanmagan. Ramzon Qodirov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida barcha miting ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirib, ularning barchasi islom kurashchilari ekanini aytdi.

Namoyishlar hukumat bilan kelishilgani e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, politsiya namoyishchilarga qarshilik qilmagan. Mitingda Qodirovning yaqin odamlaridan bo‘lmish parlament spikeri Magomed Daudov va jamoatchilik palatasi rahbari Ismoil Denilxanov ham ishtirok etgan.

Muhokama uchun Putin qabulida

Grozniyda voqealar tinchiyvermagach, Checheniston rahbari Ramzon Qodirov muhokama uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin qabulida bo‘ldi. Uchrashuv haqida odatda birinchi bo‘lib Kreml xabar berishi kerak edi, ammo bu gal Qodirovning matbuot kotibi xabarni birinchi bo‘lib e’lon qildi, buning ustiga 3 fevralga o‘tar kechasi yarim tunda.

Tabiiyki, Qodirov axborot xizmati e’lon qilgan xabarda mamlakatda sodir bo‘lgan voqealar haqida gapirilmagan. Xabarga ko‘ra, bu shunchaki ishchi tashrif bo‘lgan. Qodirov Chechenistondagi koronavirusga qarshi tadbirlar, vaksinatsiya jarayoni, ishsizlik ko‘rsatkichlari pasaygani, respublika budjetining dotatsionligi haqida ma’lumot bergan.

Shu o‘rinda Chechenistonning dotatsiyada «o‘tirishi» haqida alohida to‘xtalish kerak, chunki bu ham yaxshigina muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qodirov yanvar oyida Rossiya Chechenistonning xarajatlari uchun 300 milliard rubl sarflashini aytgandi. «Rossiyasiz yashay olmaymiz», deb qo‘shimcha qilgandi Qodirov.

Putin bilan uchrashuvdan keyin Qodirov Instagram’dagi sahifasida video joyladi. Unda Checheniston rahbari Putin o‘zini to‘liq qo‘llashini aytdi: «Qiyin vaqtlarda prezident Putin doim bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Millatimga va prezidentimga xizmat qilaman, 100 foiz», dedi Qodirov.

Checheniston hukumati rasmiy saytida Putin bilan uchrashuv haqida xabar berilgach, Kreml xam bu borada xabar berishga majbur bo‘ldi. Xabar tezlikda tayyorlangan ko‘rinadi, unga TASS fotomuxbirining 5 yil avval olgan surati ishlatilgan.

Putin va Qodirovning 2017 yilgi uchrashuvida olingan surat Checheniston hukumatining 2022 yil fevralidagi uchrashuv haqidagi relizida illyustrativ surat sifatida ishlatildi. Foto: ChR hukumati matbuot xizmati

Putin va Qodirov uchrashuvidan keyin Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov savollarga ko‘mildi. Undan Putin Chechenistondagi vaziyatga to‘xtalgan-to‘xtalmagani ham so‘raldi. «Uchrashuvda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati ham muhokama qilindi. Aytishim mumkin bo‘lgan hammasi shu gap», dedi Peskov.

Brifing davomida Peskovdan «Chechenistondagi vaziyat nazoratdan chiqib ketdimi?» deb so‘rashdi. «U yerda vaziyat izdan chiqdi deb o‘ylamayman. Bu Rossiya hududiy qismlaridan biri, aytishim mumkin bo‘lgan gap shu», dedi Peskov.

Ammo savollarning eng og‘iri hali oldinda edi. Jurnalistlardan biri «Oddiy savolga javob bering: Putin Qodirovdan qo‘rqadimi?» deb so‘radi. Peskov esa shunday dedi: «Savolingizni tushunmadim, nega Putin Rossiyadagi hudud rahbarlarining biridan qo‘rqishi kerak?»

Oilaga nega bosim qilinmoqda?

Sudya Yangulbayevning oilasi mahalliy diniy rahnamolarni haqorat qilgani haqida gaplar keyinroq chiqdi. Aftidan, gap jiddiyroq faktlar haqida ketmoqda. Sobiq sudyaning o‘g‘li Ibragim Chechenistonda ekstremistik deb topilgan 1 ADAT Telegram-kanaliga aloqasi bor deb hisoblanadi. Ekspertiza bu kanal Chechenistonda faoliyati qoralanadigan Doku Umarov va Shamil Basayevning shaxsiyatini oqlagan deb topgan.

Security Turkey Telegram-kanali

Yangulbayevlar oilasi va Checheniston hukumati vakillari haqida gapirganda ko‘pchilik namoyishlar va Qodirov atrofidagilarning chiqishlarini gapirmoqda. Aslida boshqa jiddiyroq narsa ham bor. Rossiyadagi muxolif kayfiyatidagi «Novaya gazeta» nashri Qodirovning asabiylashishiga sabab bo‘ladigan o‘sha jiddiy sabab haqida yozdi.

Keyinchalik Qodirovning tahdididan keyin Rossiyani tark etishga majbur bo‘lgan gazeta jurnalisti Yelena Milashinaning yozishicha, Security Turkey nomli Telegram-kanal qisqa muddat ichida Qodirovga yoqmaydigan ko‘plab xabarlar tarqatish orqali mashhurlikka erishgan. Kanal asoschilari chechenlarning Turkiyadagi qotilliklariga qarshilik qilishni va qodirovchilarga qarshi chiqishini ma’lum qilgan. Kanal moderatorlari chechenistonlik harbiylarning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini kuzatib, ularning geolokatsiyasi orqali Turkiyaga kelishlari, bu mamlakatdagi uylari, biznesi haqida ma’lumot to‘playdi, ularni uzatib boradi.

Chechenistonlik harbiylar orasida Turkiya mashhur yo‘nalish hisoblanadi. Ular faoliyatini tugatgach, dam olish va yashagani tez-tez borib turishadi. Yelena Milashinaning aytishicha, kanal chechenistonlik muxolif blogerlar bilan birlashgan holda harakat qilish orqali respublika ichida Qodirovga qarshi sulolalar qarshiligini paydo qilgan. «Ramzon Qodirov ilk marta o‘zi boshqara olmaydigan kuch bilan to‘qnashdi», deb yozdi Milashina.

Ramzon Qodirov sobiq sudya Yangulbayevning oilasi Turkiyada chechenistonlik sobiq harbiyga hujum uyushtirib, bundan xursand bo‘lib yurganini aytgandi. Aftidan Qodirov Security Turkey kanalida do‘pposlangani tasvirlangan video tarqalgan Axmat Qodirovni qo‘riqlash xizmatining 42 yoshli sobiq xodimi Abdurahmonni nazarda tutgan. Kanal ushbu videoni 2021 yil 5 sentyabrda e’lon qilgan edi.

Videoni Axmat Qodirovning 70 yilligi munosabati bilan joylaganini aytgan mualliflarning ta’kidlashicha, Abdurahmon ismli sobiq harbiy 2004-19 yillarda Qodirov polkida xizmat qilib, keyin Turkiyaga ketib qolgan. Sobiq harbiy Turkiyada Qodirovga kerak bo‘lgan odamlarni Chechenistonga qaytarish bilan shug‘ullangani aytiladi. «Novaya gazeta»ning Qodirov polkidagi manbasi bu odam oddiy haydovchi bo‘lganini aytgan, lekin familiyasini eslay olmagan.

Keyinroq yana bir chechenistonlik sobiq politsiyachi Axmed Arsanukayev hayotiga tahdid qilingani haqida xabar berdi. Uning aytishicha, Turkiyada yashovchi chechen bloger Xasan Xalitov unga tahdid qilgan. Security Turkey kanali Arsanukayev hamda Xalitovning telefon suhbatini e’lon qilgan. Unda sobiq politsiyachi vaziyat haqida mahalliy chechenlarga xabar bermasligini aytib, kafolat sifatida Ramzon Qodirov va uning atrofidagilarni haqorat qilgan. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay Arsanukayev Chechenistonga qaytib, Xalitovning yaqinlariga qarshi qasos da’vosini e’lon qilgan.

«Novaya gazeta»ning yozishicha, Turkiyadagi chechenlar Turkiya razvedkasi bilan bir vaqtda faollashmaganda, qodirovchilar hozirgidek qo‘rqib ketmagan bo‘lardi. 2021 yil oktyabr oyida Turkiya maxsus kuchlari chechenistonlik muxolifatchini o‘ldirishga tayyorlangan olti kishini qo‘lga oladi. Ulardan to‘rt nafari rossiyalik edi.

Aniqlanishicha, suiqasd chechenistonlik Rustam Ajiyevga nisbatan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Uning rahbarligidagi «Adjanad al Kavkaz» guruhi Suriyada Bashar Asad kuchlari bilan jang qilgani ma’lum. Turkiya nashrlarida tarqalgan ma’lumotga ko‘ra, qo‘lga olinganlar Checheniston rahbari Ramzon Qodirov hamda deputat Adam Delimxanovning topshiriqlarini bajargan.

Security Turkey Telegram-kanali gumonlanuvchilarning suratini tarqatgan birinchi manba bo‘ldi. Bu suratlarni ular Istanbulga kelgan vaqtda o‘zlari olgan. Yelena Milashinaning aytishicha, bu voqealardan keyin chechenistonlik harbiylar Turkiyaga borishdan bir muddat tiyilgan. Keyinroq ular Turkiyaga safarini davom ettirgan, lekin safar haqidagi suratlarni o‘z sahifasiga ortga qaytgandan keyin joylashni odat qilgan. Hatto Ramzon Qodirov ham Turkiyaga borib kelgach suratlarni joylagan.

«Novaya gazeta»ning tusmol qilishicha, bularning barchasi 2021 yil dekabr hamda 2022 yil yanvarda Qodirovni tanqid qilganlarning yaqinlari yoppasiga yo‘qolib qolgani bilan bog‘liq. Xususan, yuqorida nomi tilga olingan bloger Xasan Xalitov hamda Zarema Musayevaning yaqinlari. Sobiq sudya Yangulbayevlarning ham Security Turkey Telegram-kanaliga aloqasi borligi taxmin qilingani uchun ularga qarshi shunchalik katta nafrat bildirayotgan bo‘lishlari mumkin.

Ushbu mavzuni ko‘tarib chiqqan «Novaya gazeta» jurnalisti Yelena Milashina Ramzon Qodirovning tahdididan keyin mamlakatni tark etajakini ma’lum qildi. «Bu shunchaki gaplar emas, haqiqiy tahdid. Vaziyatdan xabardor tanishim hayotimga tahdid jiddiy ekanini aytdi. Bosh muharririm ham mamlakatni tark etishimni so‘radi. Janob Delimxanov juda xavfli inson. Bilmadim, o‘zi kim xavfliroq, Qodirovmi yoki Delimxanovmi?» degan jurnalist.

Ramzon Qodirov Yelena Milashina hamda huquq faoli Igor Kalyapinni terrorchi va terrorchilarning sherigi deb atagandi. Shuningdek, «Novaya gazeta» va «Dojd» nashrlarini ham terrorchilar deb atagan.

«Rossiyada shunchaki davlat yo‘q»

Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning tarafdori Lyubov Sobol Qodirov atrofida bo‘layotgan voqealar fonida video e’lon qildi. Unda Sobol Qodirov yana bir marta Rossiyada shunchaki davlatchilik yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yganini aytgan. Rolik «Qodirov. Putin propagandasining qotili» deb nomlangan.

«Qodirov yana bir marta Putin rejimining afsonalari shunchaki safsata ekanini eslatdi: Putin kuchli va qo‘rqmas yetakchi, hamma narsa qo‘lidan keladigan maxsus kuchlar mamlakatda tartibni ta’minlaydi kabi gaplar shunchaki safsata ekani ayon bo‘ldi. Ramzon Axmatovich Rossiyada shunchaki davlatchilikning o‘zi yo‘qligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Qodirov Putin rejimida hech narsaning qadri yo‘qligini yana bir bor isbotladi, hatto Rossiya Qahramoni unvonining ham. Qodirovgacha rus askarini o‘ldirgani bilan maqtangan odam bu mukofotni olishini tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Ammo Putinning Rossiyasi imkoniyatlar mamlakati. Shu sabab bu mamlakatda Qodirov – Rossiya Qahramoni, akademik, men esa terrorchiman. Qodirov hammaning oldida odamlarni o‘ldirishi bilan tahdid qiladi, lekin Putinning matbuot kotibi bu gaplardan qo‘rqib ko‘zini yashiradi.

Ramzon Qodirov va uning qonxo‘r mulozimlari ishdan ketishi va oxirgi o‘n yillikda qilgan jinoyatlari uchun qamoqqa tashlanishi kerak», degan Sobol murojaatida.

Oldinroq yana bir muxolif siyosatchi Ilya Yashin Change.org portalida Vladimir Putindan Ramzon Qodirovni ishdan ketkazishni talab qilib petitsiya joylashtirdi. Uni hozirgacha 185 mingdan ortiq odam imzolagan. Kerakli 100 ming imzoni petitsiya bir sutkaning o‘zida zabt etgandi.

Petitsiya matnida aytilishicha, Checheniston Ramzon Qodirov davrida alohida davlatga aylanib qoldi, Rossiya hukumati esa respublika rahbarlariga jurnalist va huquq faollariga ochiqchasiga tahdid qilishga qo‘yib beryapti. Shuningdek, hududning iqtisodiy holati ham haminqadarligi aytilgan. Bunga misol sifatida Qodirovning «Checheniston federal dotatsiyasiz uch oy ham yasholmaydi» degan gapi keltirilgan.

Shu o‘rinda Ramzon Qodirovning Turkiya bilan munosabatlarida ham murakkabliklar borligini unutmaslik kerak. 2021 yil 10 dekabr kuni Turkiyaning Ko‘rfaz shahrida Joxar Dudayev nomli xiyobon ochildi. Dudayev SSSR armiyasi general-mayori, harbiy havo kuchlari vakili bo‘lgan. Chechen ayirmachilari yetakchisi bo‘lgan Dudayev 1996 yilda Rossiya maxsus kuchlari tomonidan yo‘q qilingan. Turkiyada uning nomiga ochilgan xiyobonda Dudayevni «erkinlik uchun kurash ramzi» deb atashgan.

Bu voqeadan jahli chiqqan Ramzon Qodirov Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga murojaat qilib, banditlarni farqlab olishni maslahat bergandi. Qodirov bu harakatning javob chorasi sifatida Chechenistonda Turkiya terrorchi tashkilot deb topgan Kurdiston ishchi partiyasi asoschisi Abdulloh O‘jalan nomini abadiylashtirishni taklif qilgandi.

Mavzuga oid