O‘zbekiston | 14:11 / 21.02.2022
101001
5 daqiqa o‘qiladi

«Credit Suisse sirlari»: Shveytsariya bankida yirik miqdorda mablag‘ saqlagan o‘zbekistonliklar

Shveytsariyaning kreditlar bo‘yicha ikkinchi yirik Credit Suisse bankidan sizib chiqqan hisob ma’lumotlarida 4 nafar o‘zbekistonlik nomi ham tilga olingan. Bank mijozlari orasida Ochilboy Ramatovning rafiqasi, tennis federatsiyasining sobiq bosh kotibi, Timur Tillayevning qarindoshi va Alisher Usmonovning singlisi bor.

Credit Suisse bankining MDH mamlakatlaridagi ayrim shaxslar hisobraqamlariga oid ma’lumotlar ommaviy axborot vositalariga sizdirildi. Ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor.

Xususan, Saodat Narziyeva nomiga 2004 yildan beri umumiy hisobda 6ta hisob raqam ochilgan. Shulardan 2tasi yopilgan, 4tasi esa hozir ham mavjud bo‘lishi mumkin. Muayyan davrda hisobraqamlardan biridagi mablag‘ miqdori maksimal 1 mlrd 855 mln Shveytsariya franki (2 milliard 22 million dollar)gacha yetgan.

Narziyeva tibbiyot sohasida 30 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan akusher-ginekolog. Uning bank hisoblaridagi pullar biznes tarixi bilan izohlanmagan.

Uning akasi rossiyalik, etnik o‘zbek multimilliarderi Alisher Usmonov bo‘lib, uning kompaniyalari telekommunikatsiya, tog‘-kon sanoati va media sohalarida faoliyat olib boradi.

Bir qancha amerikalik senatorlar Tramp ma’muriyatini Usmonovni Rossiyaning 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashuvi haqidagi hisobotga kiritishni talab qilib, uni «Rossiyadagi eng nufuzli oligarxlardan biri, Kreml bilan yaqin aloqada» deya ta’riflagandi.

Gulrux Tillayeva — O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimovaning eri Timur Tillayevning ammasi. 2009 yildan keyingi davrda uning hisobida maksimal 2,22 mln Shveytsariya franki (2 ,42 mln dollar)gacha pul bo‘lgan. Surishtiruvga ko‘ra, Tillayeva ushbu mablag‘larga Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lgan «Abu Saxiy»ning boshqaruvchisi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Nikita Kalinichenko bilan birgalikda egalik qilgan.

O‘zbekistonlik ekani ko‘rsatilgan Ra’no Ramatova (u O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning turmush o‘rtog‘i hisoblanadi) hisobida ham  2010-2015 yillar oralig‘ida maksimal 954 ming Shveytsariya franki (1 mln dollar) miqdorida pul bo‘lgan. Bu mablag‘lardan foydalanish uchun Ramatovaning qizi va Orient Group konglomeratining asoschilaridan biriga ishonchnoma berilgan. Ra’no Ramatova, ofshor shirkati pul yuvishda gumon qilinib tekshirila boshlangach, Credit Suisse bankidagi hisobraqamini 2015 yilda yopgan. 

Igor Shepelov — sobiq MXX zobiti. O‘zbekiston Tennis federatsiyasining uzoq yillik bosh kotibi bo‘lgan.

2005 yilda Shepelov milliy manfaatlarni jasurlik bilan himoya qilgani uchun birinchi prezident Islom Karimov tomonidan «Do‘stlik ordeni» bilan taqdirlangan. Ushbu buyruqda u Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimi sifatida qayd etilgan. Uning MXXda qanday vazifa bajargani ma’lum emas, ammo bir necha bor inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzganlikda ayblangan. Shepelovning 2014 yilda yopilgan hisobraqamida maksimal 2 million 817 ming Shveytsariya franki (3 mln dollar) miqdorida pul bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 1999 yildan 2020 yilgacha tennis federatsiyasi prezidenti sobiq MXX raisi Rustam Inoyatov bo‘lgan.

Shuningdek, Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning katta qizi Darig‘a Nazarboyeva hisobida maksimal 21,6 mln Shveytsariya franki (23,5 mln dollar) miqdorida mablag‘ bo‘lgani qayd etilgan.

Elboshining o‘rtancha kuyovi Timur Kuliboyev hisobida esa maksimal 843,9 mln Shveytsariya franki (919,9 mln dollar) miqdorida pul bo‘lgani keltirilgan.

Qozog‘istonning amaldagi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning sobiq rafiqasi Nadejda To‘qayeva hisobraqamida maksimal 1,52 mln Shveytsariya franki (1,66 mln dollar) miqdorida mablag‘ mavjud bo‘lgan. U hech qanday biznes egasi sifatida omma oldida tanilmagani qayd etilgan. Ushbu hisobraqam 2011 yilda yopilgan.

Ma’lumot uchun, «Credit Suisse sirlari» – dunyodagi eng taniqli va eng boy banklardan biri haqidagi transchegaraviy jurnalistik tadqiqot loyihasi.

39 mamlakatdagi 48 nashrning 163 nafar jurnalisti bir necha oy davomida Shveytsariyaning kreditlar bo‘yicha ikkinchi yirik banki Credit Suisse’dan sizib chiqqan hisob ma’lumotlarini o‘rganishgan. Sizdirilgan ma’lumotlarda 18 mingdan ortiq hisob qaydnomalari mavjud bo‘lib, ularning umumiy miqdori 100 milliard dollardan oshgan.

Bu Shveytsariya bankidan mijozlar ma’lumotlarining sizishi bilan bog‘liq birinchi yirik holat.

Mavzuga oid