«Haqiqiy emas deb topilgan hokim qarorlari soni qariyb 2 barobar oshdi» - Xorazm viloyati ma’muriy sudi
2021 yilda hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha jami 719 ta ariza ko‘rilgan bo‘lib, 430 ta qaror haqiqiy emas deb topilgan. Bu oldingi yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘pdir.
Xorazm viloyati va Urganch tumanlararo ma’muriy sudining 2021 yil davomida fuqarolar huquq va erkinliklari, shuningdek, korxona, muassasa va tashkilotlar huquqi hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishni amalga oshirishga doir faoliyati yuzasidan viloyat ma’muriy sudining raisi Jamila Sultanova xalq deputatlari Kengashida axborot berdi.
Qayd qilinishicha, 2021 yilda viloyat ma’muriy sudlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan jami 1633 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.
Ularning 727 tasi bo‘yicha arizalar qanoatlantirilib, mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari va xatti-harakatlari oqibatida fuqarolarning buzilgan huquqlari sud yo‘li bilan tiklangan, 749 ta ariza rad etilgan, 82 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan va 75 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.
Hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha jami 719 ta (2020 yilda 377 ta edi) arizalar ko‘rib tamomlangan bo‘lib, 430 (230) ta qaror haqiqiy emas deb topilgan, 242 (134) ta ariza rad qilingan bo‘lsa, 25 (3) tasi ko‘rmasdan qoldirilgan va 22 (10) tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.
Haqiqiy emas deb topilgan 430 ta qarorning 163 tasi Urganch shahri, 72 tasi Urganch tumani, 67 tasi Hazorasp tumani, 25 tasi Qo‘shko‘pir tumani, 23 tasi Xonqa tumani, 22 tasi Tuproqqal’a tumani, Gurlan va Yangiariq tumanida 15 tadan, 7 tasi Xiva shahri, Shovot va Xiva tumanida 6 tadan, 4 tasi Yangibozor tumani, 3 tasi Bog‘ot tumani, 2 tasi viloyat hokimi tomonidan qabul qilingan qarorlardir.
Shuningdek, haqiqiy emas deb topilgan 430 ta hokim qarorlarining 211 tasi turar joyga nisbatan egalik huquqini belgilash yoxud ilgari belgilangan egalik huquqini bekor qilish, 129 tasi yer maydoni ajratish, 49 tasi fermer xo‘jaliklari yer maydonlarini olib qo‘yish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etgan bo‘lsa, 41 tasi noturar binoga nisbatan egalik huquqini belgilashga oid ishlardir.
2021 yil davomida ma’muriy ishlarning 600 tasi, ya’ni 36,7 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.
Ishlarni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha sudyalar tomonidan 458 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan. Ularning 298 tasi tuman va shahar hokimliklari, 129 tasi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlariga, 31 tasi boshqa tashkilotlarga chiqarilgan.