O‘zbekiston | 08:00 / 22.02.2022
2576
5 daqiqa o‘qiladi

Madaniy yodgorliklar hududida ruxsatsiz rekonstruksiya boshlash ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi – huquqshunos

Huquqshunos Razzoq Altiyev yaqinda Kosmonavtlar maydonida madaniy meros obektlarini muhofaza qilish qoidalarining buzilganiga munosabat bildirdi.

Foto: Telegram / “Vostok i vokrug”

2022 yil 13-14 fevral kunlari Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Kosmonavtlar maydonidagi kosmonavt Vladimir Jonibekov byusti (“Koinot” yodgorligi) atrofidagi granit plitalari ko‘chirib tashlandi.

Madaniy meros agentligi “Koinot” yodgorligi hududi Toshkent shahar hokimligi tomonidan demontaj qilinayotganda agentlik xulosasi olinmaganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari tomonidan obekt joyiga chiqqan holda o‘rganilganda, Toshkent shahar hokimligi tomonidan obektning atrofiga yotqizilgan marmar (bruschatkalar)ning almashtirilishi rejalashtirilgani hamda madaniy meros obektiga asossiz ziyon yetkazilmagani aniqlangan. Qurilish ishlarini ruxsatsiz boshlagani uchun esa “MIMAR GROUP” MChJga ogohlantirish xati berilgan va jarayon to‘xtatilgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayevdan bu haqda so‘ralganida u aslida bu ishlarni Madaniy meros agentligining o‘zi qilishi kerakligini bildirdi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ham ta’mirlash ishlari agentlik bilan kelishmasdan boshlanganini tan oldi.

“Lekin haqiqatan ham, ta’kidlash kerakki, bu joy madaniy meros obekti ekani tufayli o‘z talablari bor. Ya’ni avval loyiha qilinishi, u esa barcha bosqichlardan o‘tishi kerak. Shundan keyingina bunday ishlarni boshlash mumkin”, – dedi Abduhakimov.

Yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, huquqshunos, Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra dotsenti v.b. Razzoq Altiyevning Kun.uz’ga bildirishicha, mazkur holatda madaniy meros yodgorliklarini muhofaza qilish sohasida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan.

“Koinot” yodgorligi hukumat qaroriga asosan madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgan.

“Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, madaniy meros obektlari joylashgan yerlarda hamda ularga tutash hududlarda madaniy meros obektlarini asrash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma talab etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 martdagi 265-sonli qaroriga binoan moddiy-madaniy meros obektlarida olib borilishi ko‘zda tutilgan barcha qurilish, ta’mirlash ishlariga Ilmiy-ekspert kengash xulosasiga asosan ruxsatnoma berilgandan so‘ng amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.

Prezident qaroriga binoan Madaniy meros agentligi loyiha tashkilotlari tomonidan ta’mirlash ishlarining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi, uning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va Agentlikdagi Ilmiy-ekspert kengashining xulosasi olinishini tashkil qiladi. Kengash loyihani o‘rganib chiqib, ijobiy xulosa bergan taqdirda, Agentlik loyihani amalga oshiruvchi tegishli pudrat tashkiloti bilan shartnoma tuzadi.

“Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 36-moddasida madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishlari belgilangan.

Ko‘rinib turibdiki, “Koinot” yodgorligi hududida ta’mirlash ishlarini olib borishda yuqoridagi qonunchilik talablari buzilgan.

MJtK 64-moddasiga ko‘ra, moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish fuqarolarga BHMning 30 baravari (8 mln 100 ming so‘m)dan 50 baravari (13,5 mln so‘m)gacha, mansabdor shaxslarga esa — 50 baravari (13,5 mln so‘m)dan 100 baravari (27 mln so‘m)gacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddadan kelib chiqilsa, “Koinot” yodgorligi hududida ruxsatsiz demontaj ishlarini tashkil etgani uchun Toshkent shahar hokimligi va “MIMAR GROUP” MChJ mansabdorlariga nisbatan MJtK 64-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma tuzilishi kerak bo‘ladi.

Garchi, Madaniy meros agentligi Kosmonavtlar maydonini obodonlashtirish loyihasi 15 fevral kuni ilmiy-ekspert kengashida ma’qullanganini bildirgan bo‘lsa-da, bu huquqbuzarlarni javobgarlikdan ozod etmaydi. Zero, ta’mirlash ishlari ruxsatnoma olishdan avval boshlangani o‘z isbotini topib bo‘lgan.

MJtK 268-3-moddasiga ko‘ra, MJtKning 64-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, Madaniy meros departamenti (hozirda Madaniy meros agentligi) va uning hududiy boshqarmalari mansabdor shaxslari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab bir sutkadan kechiktirmay jinoyat ishlari bo‘yicha sudga ko‘rib chiqish uchun yuborilishi lozim”, – deydi huquqshunos.

Mavzuga oid