O‘zbekiston | 14:17 / 24.02.2022
7096
2 daqiqa o‘qiladi

Xivada «Deshon qal’a» devorining bir qismi qulab tushdi

Xiva shahridagi 180 yillik tarixga ega obektning qulab tushishi oqibatida 1 kishi jarohat olgan. 

Foto: UzA

23 fevral kuni tunda Xiva shahridagi «Deshon qal’a» devori madaniy meros obektining Qumyasqa mahallasi hududidan o‘tgan 8 metr qismi qulab tushgan. Oqibatda, devorga tutash bo‘lgan xonadonda yashovchi ayol jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli qoniqarli. 

Devorning qulab tushishiga eskirish va tabiiy jarayonlar, qor-yomg‘ir ta’sirida nurash sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: UzA

«Deshon qal’a» devori 1842 yilda Xiva xoni Olloqulixon buyrug‘i bilan tashqi himoya vositasi sifatida barpo qilingan. Uning uzunligi 6614 metr bo‘lib, 10 ta darvozasi bo‘lgan. 

Devorning bir qismi 1873 yili general fon Kaufman boshchiligidagi rus harbiy qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilib, vayron etilgan. Sho‘rolar davrida qal’a devoridan g‘isht ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida foydalanilgan. 

Foto: UzA

2019 yilda «Deshon qal’a» devori madaniy meros obekti Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan «Moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari» milliy ro‘yxatiga kiritilgan.

Hozirgi kunda qal’aning taxminan 1,5 km qismi turli darajada saqlanib qolgan. Ularni konservatsiya qilish maqsadida yog‘och ustunlar bilan vaqtincha mustahkamlash va asrab qolish choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid