Jahon | 06:26 / 25.02.2022
38619
5 daqiqa o‘qiladi

Rasmiy Kiyev: «Zelenskiy ketsa, hammadan keyin ketadi»

Ukraina prezidenti kerakli evakuatsiya marshruti tayyorlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, mamlakatni tark etishni rejalashtirmayapti. Bu haqda rasmiy Kiyev vakili, Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak ma’lum qildi.

Foto: Ukrainian Presidency/Handout/Anadolu Agency via Getty Images

Rasmiy Kiyev pozitsiyasini e’lon qilib boruvchi Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak 24 fevral kuni rossiyalik jurnalistlarni yig‘ib, sodir bo‘layotgan voqealar xronologiyasi bo‘yicha Kiyevning versiyasini taqdim etdi.

Uning aytishicha, mamlakatda ayovsiz jang ketmoqda, Kiyev yirik shaharlardan birini qamal qilishga urinishni kutmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Rossiya Ukraina shaharlariga, ijtimoiy obektlarga hujum qilmayapti. Kiyev esa boshqacha ma’lumot beryapti. Quyida Mixail Podolyakning brifingdagi asosiy gaplari keltiriladi.

– Kiyev vaqti bilan soat 03:40 da harbiy obektlariga zarba berildi. Kiyevga, Xarkovga, harbiy tuzilmalarga zarbalar berildi. Lvov, Ivano-Frankov, Lutsk kabi Ukrainadagi viloyat markazlariga ham zarbalar berildi. Bu aniq zarbalar aslida kutilganidek aniq bo‘lmadi.

– Kiyev vaqti bilan 05:30 da quruqlikdan operatsiya boshlandi. Sumi va Xarkov chegaralariga birinchi zarbalar berildi. Ayniqsa janubiy yo‘nalishda qiyin janglar ketmoqda. Ya’ni Odessa, Xerson va Sumida. U yerda nafaqat harbiy tuzilmalar, balki ko‘priklar, temiryo‘l, ijtimoiy obektlar yo‘q qilinmoqda.

– Rossiya harbiylarining keyingi vazifasi manzilli desantchilar yordamida harakatlanish bo‘ldi. Kiyevga ham desantchi tushirishga harakat qilishdi, Gostomel aeroporti uchun jiddiy janglar ketmoqda. Rossiya armiyasining asosiy maqsadi Ukraina hukumati rahbarlarini, xususan, prezidentni yo‘q qilish.

– Doimiy ravishda reaktiv snaryadlar va artilleriya ishlatilmoqda. Ularni ishlatishdan maqsad nafaqat zarba berish, balki odamlar orasida sarosima uyg‘otish.

– Bizda umummilliy armiyaga chaqiruv e’lon qilingan, hududiy mudofaa kuchlari ko‘ngillilarga qurol tarqatmoqda.

– Urush muzokara orqali tugaydi deb o‘ylamayman, chunki Rossiya hech qanday muzokaraga ko‘nadiganga o‘xshamaydi.

– Rossiya harbiylari ko‘plab yo‘nalishlarda harakatlanmoqda. Kolonna va armiya rezervistlari faqat Donetsk va Lugansk viloyatlariga yo‘naltirilgan. Bu hududlarda to‘laqonli armiya janglari ketmoqda.

– Qolgan hududlarda asosan desantchilar va vertolyot yordamida harakatlanishmoqda. Xerson va Odessada dengizdan hujum qilingan holatlarda kichik lokal guruhlar harakatlanyapti.

– Xarkov, Chernigovsk, Jitomir kabi avval urush bo‘lmagan yerlarda tank kolonnalari harakatlanmoqda. Ular bir necha km yurishadi-da, keyin jangga kirishadi. Masalan, 50-100 km yurgach. Ular quruqlikda yo‘qotishga uchramoqda, o‘nlab tanklar yoqib yuborildi, 6-7 samolyot, yana vertolyotlar urib tushirildi.

– Sumiga qarab eng yirik tank kolonnasi yuborilgan. Ular 300 ta tank yordamida Sumini o‘rab olmoqchi.

– Kechqurun biror yirik shaharni egallashga urinishni kutyapmiz.

– Belarus Rossiyaning harakatlarini faol qo‘llamoqda. Vaholanki ularning Ukrainaga bostirib kirishga huquqiy jihatdan hech qanday asosi yo‘q. Buni yevropalik hamkasblarimiz bilan muhokama qilyapmiz.

– Ukraina tomonidan Donetsk yoki Luganskning bosib olingan qismlarida hech qanday o‘q otilmadi. Bu borada berilayotgan barcha xabarlar rus propagandachilarining uydirmasi. Aynan shu yolg‘on safsatalar bugun butun Ukraina bo‘ylab harbiy harakatlar olib borishayotganiga sabab qilib ko‘rsatildi. Rossiya bilan chegara bo‘lmagan Ukraina shaharlarida ham.

– Rossiya hukumati OAVni feyk xabarlar bilan to‘ldirdi. Siz tarqatayotgan xabarlarning 90 foizi yolg‘on.

– Ukrainada talonchilik bo‘lmayapti va bu yolg‘onlaringizdan biri. Yollanma diversantlar yordamida alohida holatlar qayd etilgandir, lekin umuman olganda bunday holatlar urchigani yolg‘on.

– Rossiya armiyasi Luganskda gumanitar koridor berishdan bosh tortmoqda, vaholanki ayollar va bolalar otishmalar orasida qolib ketgan.

– Evakuatsiya marshrutlari tayyorlab qo‘yilganiga qaramay, prezident Zelenskiy ketsa, mamlakatni hammadan keyin tark etadi. Hukumat, Rada va vatan himoyasiga otlanganlar Kiyevda qoladi. Biz umummilliy mobilizatsiya e’lon qildik, odamlarga qurol tarqatyapmiz. Ular kerak bo‘lsa, Kiyev ko‘chalarida o‘lishga tayyor.

– Ukraina G‘arbdan o‘q-dorilar, maksimal moliyaviy ko‘mak va Rossiyaga optimal sanksiya ko‘rinishidagi bosim qilinishini kutadi, deb so‘zini yakunladi Zelenskiyning vakili.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid