Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Vazirliklar uxlab o‘tiribdi” - SSV o‘rinbosari Senat raisidan dashnom eshitdi
Prezident qaroriga binoan, bu yil Jizzaxda Koreya bilan hamkorlikda tibbiyot universiteti ochilishi ko‘zda tutilgan. Senatdagi yig‘ilishda Tanzila Norboyeva sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Amrillo Inoyatovdan bu loyihaning borishi haqida so‘radi. Inoyatov bunaqa topshiriqdan xabari yo‘qligini aytdi.
28 fevral kuni Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasi ilk yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Majlisda Senat raisi 2021 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarni savolga tutdi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2022/23 o‘quv yilidan Jizzaxda Koreya bilan hamkorlikda Tibbiyot universiteti faoliyat boshlashi kerak. Biroq majlisda bu vazifaga mas’ul Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi sustkashlik qilgani ma’lum bo‘ldi.
Koreya tibbiyot universiteti haqida berilgan savolga javoban sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov Qozon federal universitetining filiali haqida gapirdi. Tanzila Norboyeva bundan norozi bo‘lib, mas’ullarga tanbeh berdi.
“Biz hozir Koreyani muhokama qilyapmiz. Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar haqida gapiryapmiz”, – dedi Tanzila Norboyeva.
Vazir o‘rinbosari esa Jizzaxda Koreya tibbiyot universitetini tashkil etish topshirig‘i haqida eshitmaganini bildirdi.
“Bu vazifa prezident qarorining 3-ilovasida bor. Men sizdan yo‘q narsani so‘ramayapman. Majlisga kelayotganda tayyorgarlik ko‘rib kelmaysizlarmi?” – deya yana savol berdi Tanzila Norboyeva.

“Vazirimiz: “Siz tez boring, qatnashib keling”, deganlari uchun keldim” – dedi Amrillo Inoyatov.
“Senat tomonidan yuborilgan so‘rovga ham shunday munosabat bo‘lgan-da. Bugun chora ko‘rasiz-da, chora ko‘rilgani to‘g‘risida ma’lumot berasiz.
Sizlar majlisga kelib ham hech narsani bilmayapsizlar. Yaxshiyam yig‘ilish qilibman-a? Bu qanaqasi? Men tushunmadim. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan prezident hujjatiga munosabat shumi?” – dedi Senat raisi.
Koreya tibbiyot universitetini ochish vazifasiga mas’ul ikkinchi vazirlik – Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakilining majlisga kechikib kelgani ham Tanzila Norboyevani asabiylashtirdi.

“Bu vazirliklar uxlab o‘tiribdi shekilli? Prezidentimiz u yoqda jon kuydirib boshqa davlatlar prezidentlari bilan kelishadi, “u ishni qilaylik, bu ishni qilaylik”, deydilar-da, bu yerda vazirliklar hali uxlab o‘tiribdi. Vaholanki, sizlar bizga ma’lumot berishingiz kerak edi. Hali ikkalangiz biror marta bir-biringiz bilan gaplashmapsizlar. Bu mutlaqo qoniqarsiz. Chora ko‘rish kerak”, – dedi Tanzila Norboyeva.
Mavzuga oid
20:44 / 21.05.2025
Tanzila Norboyeva Jizzaxda korrupsiya holatlari bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi
16:16 / 16.05.2025
Tanzila Norboyeva Buxoroda jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalarini muhokama qildi
12:20 / 29.04.2025
O‘zbekiston va Turkiya tadbirkor ayollarining biznes-forumlari o‘tkaziladi
19:32 / 25.04.2025