Iqtisodiyot | 18:46 / 04.03.2022
72967
2 daqiqa o‘qiladi

«Bir shaxs tomonidan 35ta avtomobil xarid qilish uchun shartnoma tuzilgan» - UzAvto Motors

Shartnoma tuzish tiklangan kunning o‘zidayoq avtomobillarning 52 foizi qayta sotish ehtimoli bilan xarid qilingan bo‘lishi mumkin.

Sotuvning birinchi kunida jami 13 203ta avtomobilga tuzilgan shartnomalardan 6 836tasi (52 foiz) qayta sotish ehtimoli bilan xarid qilingan bo‘lishi mumkin.

«Qayd etish joizki, «tadbirkorlar»ning oson daromad topishga bo‘lgan yuqori qiziqishi, eng avvalo, o‘z ehtiyojlari uchun avtomobil sotib olmoqchi bo‘lgan iste’molchilar uchun noqulayliklarni yuzaga keltirib, ortiqcha talabni shakllantiradi. Avtomobillarni qayta sotish ehtimoli bilan tuzilgan shartnomalar aniqlangan taqdirda, kompaniya shartnoma shartlariga muvofiq (3.1.2 bandga muvofiq) avtomobilni yetkazib berish muddatini qo‘shimcha 120 kunga oshiradi. Shu munosabat bilan, xaridorlardan shartnomani imzolashdan oldin uning barcha bandlari bilan to‘liq tanishib chiqishlarini iltimos qilamiz», deyiladi kompaniya xabarida.

Avvalroq, «Avtomototransport vositalarini sotib olish jarayoniga axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilingandi. Belgilanishicha, 2022 yil 1 apreldan UzAvto Motors AJ tomonidan avtomototransportni xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan shaxsga avtomatik ravishda rasmiylashtiriladigan hisob-ma’lumotni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xizmatiga faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi. Bu birdaniga o‘ntalab mashinaga buyurtma berib qo‘yib, ular chiqqach mashinani «nol probeg» bilan boshqa odamga sotuvchilar bundan keyin notariusda oldi-sotdi shartnomasi qilishga majbur bo‘lishini anglatadi.

Mavzuga oid