O‘zbekiston | 07:44 / 05.03.2022
5396
4 daqiqa o‘qiladi

Tovarlarni hududlar bo‘yicha identifikatsiyalash tartibi belgilandi

Foto: Shutterstock

Prezident tomonidan “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonun imzolandi

Qonun normalari geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Qonun tovar kelib chiqqan joy nomlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qonun quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

geografik ko‘rsatkich tushunchasi. Bu tovarni muayyan geografik obekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari (bundan buyon matnda tovarning xususiyatlari deb yuritiladi) uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi;

geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organini belgilash. Bu Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidir;

geografik ko‘rsatkichni ro‘yxatdan o‘tkazish va uni bekor qilish tartibi. Geografik ko‘rsatkich muayyan geografik obektda joylashgan va ushbu obektning nomidan o‘zi ishlab chiqarayotgan tovarni belgilash uchun foydalanayotgan bir necha yuridik yoki jismoniy shaxsning (alohida hollarda, agar boshqa shaxslar mavjud bo‘lmasa yoxud ular talabnomani berishda ishtirok etish istagini bildirmasa, bitta shaxsning) talabnomasiga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. 

Geografik ko‘rsatkichning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi:

  • tovarni reyestrda ko‘rsatilgan xususiyatlar bilan ishlab chiqarishning imkoniyati yo‘qligi munosabati bilan;
  • chet el yuridik yoki jismoniy shaxslari tovar kelib chiqqan mamlakatda mazkur geografik ko‘rsatkichga doir huquqini yo‘qotganligi munosabati bilan Apellyatsiya kengashining qarori asosida bekor qilinadi;
  • geografik ko‘rsatkichlar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydigan belgilarni belgilash. 

Quyidagi belgilar geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi:

  • tovar qaysi geografik obekt chegarasida dastlab ishlab chiqarilgan yoki fuqarolik muomalasiga kiritilgan va ishlab chiqarilish joyi bilan bog‘liq bo‘lmagan muayyan turdagi tovarning belgisi sifatida O‘zbekistonda umumiy iste’molga kiritilgan bo‘lsa, o‘sha geografik obektning belgisi;
  • ayni bir turdagi tovarga nisbatan geografik ko‘rsatkich yoki tovar kelib chiqqan joy nomi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan belgi;
  • o‘simlik navining yoki hayvon zotining nomini ifodalovchi belgi, agar bunday geografik ko‘rsatkichdan foydalanish tovar xususida iste’molchini chalg‘itsa va boshqalar.

Qabul qilingan qonun geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomani berish, uning amal qilish muddati, guvohnomaga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, uni haqiqiy emas deb topish va tugatish tartibini belgilaydi. Guvohnoma geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqi reyestrda ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin uch ish kuni ichida agentlik tomonidan beriladi.

Guvohnomaning egasi geografik ko‘rsatkichdan qonunga zid bo‘lmagan har qanday usulda foydalanishga, shu jumladan:

  • ishlab chiqarilayotgan, sotuvga taqdim etilayotgan, sotilayotgan, ko‘rgazmalarda va yarmarkalarda namoyish etilayotgan yoki boshqacha tarzda O‘zbekiston hududida fuqarolik muomalasiga kiritilayotgan yoxud shu maqsadda saqlanayotgan yoki tashilayotgan yoxud respublika hududiga olib kirilayotgan tovarlarda, tovarlarning yorliqlarida, o‘rovlarida;
  • tovarlarni fuqarolik muomalasiga kiritish bilan bog‘liq bo‘lgan blankalarda, hisobvaraqlarda, boshqa hujjatlarda va bosma nashrlarda;
  • tovarlarni sotish to‘g‘risidagi takliflarda, shuningdek e’lonlarda, peshlavhalarda va reklamada foydalanishga haqli.

Mavzuga oid