O‘zbekiston | 07:31 / 11.03.2022
24219
3 daqiqa o‘qiladi

“Xodimlarning 90 foizi sinovdan a’lo darajada o‘tdi” – Nurafshonda ichki ishlar mansabdorlari o‘qotar qurolni yig‘a olmagani bo‘yicha izoh berildi

Ta’kidlanishicha, Toshkent viloyati IIBB tizimidagi xodimlarning 90 foizi qurolni to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish, yig‘ish, o‘q otish bo‘yicha sinovlardan a’lo darajada o‘tgan.

Videodan kadr

“Bugun internet orqali Nurafshon shahrida IIB xodimlari bilan o‘tkazilgan kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlar jarayonining bir qismi yashin tezligida tarqaldi.

Videoda shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i va IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sinov jarayonida AK-74 o‘qotar qurolini yig‘ishda xatoga yo‘l qo‘yganligi ko‘rinadi.

Afsuski, videoda faqatgina ushbu vazifani bajara olmaganlar namoyish etilgan. Real jarayonda esa, qurolni to‘liq va noto‘liq qismlarga ajratish, yig‘ish, o‘q otish vazifalarini maksimal va a’lo darajada bajargan xodimlar nisbati 90 foizni tashkil qilgan”, - deyiladi Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda.

Biroq rasmiy munosabatda video qanday qilib tarqab ketganiga aniqlik kiritilmagan. Jurnalist va blogerlarni noxolis va tekshirilmagan, ichki ishlar organi xodimlarini obro‘sizlantiradigan ma’lumot tarqatish oqibatlaridan ogohlantirishni xush ko‘radigan IIV matbuot kotibi negadir bu safar video tarqalishiga sabab bo‘lganlarga “aql o‘rgatish”dan tiyiladi.

Bayonotda Toshkent viloyati IIBB Kasbiy tayyorgarlik bo‘limi tomonidan 100 foiz shaxsiy tarkib o‘rtasida xodimlarning kasbiy bilim mahorati (test), jismoniy va jangovar tayyorgarligi hamda quroldan foydalanish (qismlarga ajratish yig‘ish va o‘q otish) bo‘yicha maxsus sinovlar o‘tkazilgani ta’kidlanadi. Qayd etilishicha, ushbu sinovlarni muvaffaqiyatli bajargan xodimlarning ko‘rsatkichi 95 foizni tashkil etadi.

“Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘ta olmagan 5 foiz xodimlarning 3 foizi qayta topshirish natijalariga ko‘ra vazifalarni bajargan. Ko‘p sonli shaxsiy tarkibning 2 foizi esa vazifalarni qayta o‘zlashtirish maqsadida maxsus malaka oshirish markaziga yuborilishi belgilangan”, - deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlarining jangovar shayligi tekshirilayotgani, internetda tarqalgan videolarda bir necha xodim qismlarga ajratilgan o‘qotar qurolni yig‘a olmagani aks etgan video tarqalgandi. Toshkent viloyati IIBB boshlig‘ining matbuot kotibi Bobur To‘laganov Kun.uz'ga sinovdan o‘tolmaganlar vazifasidan chetlashtirilmasligi, biroq malaka oshirishga yuborilishini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid