Jahon | 19:07 / 13.03.2022
36597
4 daqiqa o‘qiladi

Iroq Kurdistoni poytaxtiga raketalar hujumi. Hujum uchun javobgarlikni Eron o‘z zimmasiga oldi

Yakshanbaga o‘tar kechasi Iroq chegaralaridan tashqaridan yo‘llangan o‘ndan ortiq ballistik raketalar kurdlarning Arbil shahrida portladi. Bu haqda kurd rasmiysi ma’lum qildi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida qurbonlar yo‘q.

AQSh hukumatidagi rasmiy o‘z shaxsini sir tutishni so‘ragan holda Reuters muxbiriga ma’lum qilishicha, raketalar Eron hududidan uchirilgan. U qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etmagan.

Iroq rasmiy shaxslarining ma’lum qilishicha, raketalarning bir nechtasi AQSh konsulxonasi hududiga kelib tushgan. «Assoshieyted press»ning yozishicha, konsullik binosi yangi qurilgan va hujum vaqtida bo‘sh bo‘lgan.

Pentagonning ismi sir tutilishini so‘ragan rasmiysi qancha raketa uchirilgani va ularning qanchasi shahar hududiga tushgani ma’lum emasligini aytgan.

Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IRGC) Arbilga qilingan raketalar hujumi uchun javobgarlikni zimmasiga oldi. Tashkilot bayonotiga ko‘ra, zarbalar nishoni Isroil razvedkasining ikki markazi edi.

«Sionist fitnachilarining strategik markazi kuchli raketa zarbalariga uchradi. Biz jinoyatchi sionistik rejimni yana bir bor ogohlantiramizki, dushmanlik harakatlarining takrorlanishi keskin, qat’iy va buzg‘unchi javoblarga sabab bo‘ladi», deyiladi bayonotda.

AQSh Davlat departamenti vakili buni «g‘azabni keltiruvchi hujum» deb atagan, shu bilan birga uning so‘zlariga ko‘ra, bu hujum oqibatida amerikaliklardan hech kim jabrlanmagan, shuningdek, AQShning Arbildagi obektlariga zarar yetmagan. Iroq davlat televideniyesi Kurdiston aksilterror kuchlaridagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Iroq tashqarisidan uchirilgan 12 raketa Arbil hududiga kelib tushgan.

Raketalar aynan qayerga tushganiga aniqlik kiritilmagan. OAVda raketalar Amerika konsulxonasi joylashgan hudud tomon uchirilgani aytilgandi.

Arbildagi xalqaro aeroportda joylashgan Amerika kuchlari avval ham raketa zarbalari va dronlar hujumiga uchragan, AQSh rasmiylari bu hujumlarda Eronga aloqador bo‘lgan guruhlarni ayblagan. Ammo so‘nggi oylarda bunday holatlar kuzatilmayotgandi. Amerika harbiylariga qarshi ballistik raketalar qo‘llanishi so‘nggi bor 2020 yil yanvarida, AQSh tomonidan Bag‘dod aeroportida harbiy qo‘mondon Qosim Sulaymoniy o‘ldirilishiga javoban amalga oshirilgandi. O‘sha hujum oqibatida amerikalik harbiy xizmatchilar orasida qurbonlar bo‘lmagan, ammo juda ko‘pchilik jarohatlangandi.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shia guruhlari ham avvalroq Suriyadagi amerikalik harbiylarga hujum qilgandi. Hafta boshida esa Isroil harbiy-havo kuchlarining Damashq yaqinidagi hujumi oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining ikki vakili halok bo‘lgandi. Bu haqda Eron davlat nashrlari orqali rasmiy ma’lumot berilgan, korpus javob chorasi ko‘rilishini va’da qilgandi.

Arbil aholisi bir necha kuchli portlashlar aks etgan videolarni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan. Portlashlar kuchi ayrim joylarda uylarni silkitib yuborgan.

Eron bilan aloqador bo‘lgan ayirmachi kuchlar doimiy ravishda AQShning Iroqdagi harbiy va diplomatik obektlariga hujum qilib turadi. Eron bunday hujumlarga aloqadorligini rad etadi.

Iroqdagi siyosiy partiyalar (ularning deyarli barchasi harbiy qanotlariga ega) oktabr oyidagi saylovlardan keyin hukumat tuzish bo‘yicha qizg‘in muzokaralar olib bormoqda. Reuters agentligi yozishicha, Eronga yaqin bo‘lgan shia ayirmachilari agar hukmron koalitsiyadan tashqarida qolishsa, kuch ishlatishga o‘tishlari haqida ogohlantirishgan.

Mavzuga oid