Jamiyat | 14:35 / 18.03.2022
12533
2 daqiqa o‘qiladi

“Kichkinagina joni besh yildan beri azobda”: to‘yib nafas olish orzusida yashayotgan xasta qizaloq

Ominaxon to‘yib nafas olish orzusi bilan yashaydi. O‘pka fibrozi tashxisi qo‘yilgan qizaloqning ahvoli kun sayin og‘irlashmoqda. Doimiy kislorod apparatidan nafas olib yashayotgan bolaning hayotini saqlab qolish uchun o‘pka ko‘chirish operatsiyasi zarur.

Biz kattalarning orzularimiz ko‘p: uy qurish, to‘y qilish, sayohatga chiqish. 6,5 yoshli Ominaxonning yagona orzusi esa o‘pkasini to‘ldirib nafas olish. Besh yildan beri dard changalida yashayotgan qizaloqning ahvoli kun sayin og‘irlashmoqda. Unga o‘pka fibrozi tashxisi qo‘yilgan. Qizaloqning o‘pkasida chandiqlar bor va o‘pka ko‘chirish operatsiyasi orqali uning hayotini saqlab qolish mumkin.

“O‘pkadagi chandiqlar hisobiga saturatsiya tushib ketayotgani uchun qizim muntazam kislorod apparatida nafas olyapti. Endi yuragiga ham ta’sir qilib, yurak urishi tezlashgan.

Bolam judayam qiynalib ketdi. Kichkinagina joni besh yildan beri shu kasallik bilan kurashib keladi. Shuncha vaqtdan beri ko‘rsatmagan shifokorimiz qolmadi, lekin hammasi o‘pka ko‘chirish operatsiyasini tavsiya qilishdi”, - deydi Ominaxonning onasi Umida Karimberdiyeva.

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi oilaning boshlig‘i qizini davolatish uchun tinimsiz mehnat qiladi. Qizaloqning onasi hamshira, ammo hozir bemor farzandi parvarishi bilan bandligi sabab ishlamayapti.

Qizaloqning sog‘ayishi uchun o‘tkaziladigan operatsiya uchun katta mablag‘ zarur. Besh yildan beri dardmand bolasi bilan sarson ota-onada bunga imkoniyat yo‘q.

Suyukli bandalarning dard bilan sinalishini doim ta’kidlaymiz. Ammo biz – zamondoshlar ham ular bilan birga sinovdamiz. Xastalar dardini yengillatish orqali bu sinovdan o‘tish mumkin.

Ominaxon Vahobovaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0423 9983 4505 onasi Umida Karimberdiyeva nomida

Mavzuga oid