O‘zbekiston | 11:48 / 19.03.2022
19051
3 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchi tumani ikkiga bo‘lindi

Yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumanining markazi etib Yettitom shaharchasi belgilandi.

Foto: Kun.uz

Senat axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 17 mart kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida senatorlar Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini o‘zgartirish va Ko‘kdala tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqqan.

Majlisda Ko‘kdala tumani tashkil etilishiga sabab bo‘lgan asosiy omillar alohida aytib o‘tilgan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Chiroqchi tumaniga 1926 yilda asos solingan bo‘lib, aholisi 420 ming kishini, umumiy yer maydoni 2,8 ming kilometr kvadratni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda tuman markazidan eng chekka qishloqqacha bo‘lgan masofa 65-100 kilometrni, jumladan, Toshli qishlog‘i – 100 kilometr, Sarson qishlog‘i – 93 kilometr va Quruqsoy qishlog‘i – 65 kilometrni tashkil etadi. Masofa uzoqligi aholi tuman markaziga borib-kelishi uchun 2-3 ta yo‘lovchi transportidan foydalanishiga va bir kun yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda.

Garchi Chiroqchi tumanida aholi soni va imkoniyatlar katta bo‘lishiga qaramasdan 2021 yilda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,8 million so‘m (viloyatda 5,5 million so‘m), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 8,2 million so‘m (viloyatda 8,7 million so‘m), xizmatlar hajmi esa 1,8 million so‘m (viloyatda 3,9 million so‘m)ni tashkil qilib, viloyat bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda joylashgan.

Shunga ko‘ra, Chiroqchi tumanida yashayotgan aholiga ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratish hamda viloyatda rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar, urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, ayniqsa aholi bandligini ta’minlash maqsadida, ushbu tumanning bir qismida Ko‘kdala tumanini tashkil etish hamda uning markazini Yettitom shaharchasi etib belgilash nazarda tutilgan.

Bunda Chiroqchi tumanida istiqomat qilayotgan 420 ming nafar aholining 176,3 ming nafari, ya’ni 32 ta mahallada yashayotgan qismini Ko‘kdala tumani tarkibiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Ko‘kdala tumani tarkibiga 162 ta sanoat korxonasi va 1 ta kichik sanoat zonasi (Ayritom) o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, Chiroqchi tumani maktablar soni bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi o‘rinda turadi. Bu tumanda 234 ta maktab bo‘lib, ularda 93 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim oladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil oktyabr oyida prezident Qashqadaryo viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashuvda Chiroqchi tumanining aholisi ko‘pligi va hududi kattaligini inobatga olib, tumanni ikkiga bo‘lish va uning bir qismida Ko‘kdala tumanini tashkil etish taklifini bildirgandi.

Mavzuga oid