O‘zbekiston | 09:46 / 19.03.2022
14699
5 daqiqa o‘qiladi

Quyoshli dashtda qurilayotgan fotoelektrstansiya: u 100 ming xonadonni tok bilan ta’minlaydi

Samarqand viloyati Nurobod tumanida Fransiya kompaniyasi investitsiyasi asosida 100 MW quvvatga ega quyosh elektrstansiyasi barpo etilmoqda. Xo‘sh u qanday shartlar asosida qurilmoqda va ishlash prinsipi qanaqa?

Kun.uz muxbiri ushbu maskanda bo‘lib, ishlarning ketishi va quyosh elektrstansiyasi qanday ishlashiga guvoh bo‘ldi.

Bu O‘zbekistonning quyosh nurlarini elektr energiyaga aylantirib beruvchi ikkinchi fotoelektrstansiyasidir. Yurtimizda ilk fotoelektrstansiya BAAning «Masdar» kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyatida qurib, foydalanishga topshirilgan edi.

Navoiydagi ilk xususiy fotoelektrstansiyaning ochilish marosimida prezident Sh.Mirziyoyev 2025 yilgacha O‘zbekistonda kamida 50 foiz elektr energiyasini xususiy elektrstansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishini aytgan edi.

Energetika vaziri Alisher Sultonov esa 2030 yilga qadar qo‘shimcha energiya quvvatlarini yaratish hisobiga umumiy ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi 25 foizga yetkazilishi, elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz sarfini 16,5 mlrd kub metrdan 12,1 mlrd kub metrgacha kamaytirish rejalashtirilayotganini ta’kidlagan edi.

Samarqanddagi fotoelektrstansiya ham prezident Sh.Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga qilgan rasmiy tashrifi samarasi o‘laroq yuzaga keldi. Fransiyaning «Total Eren» kompaniyasi 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritib, stansiyani barpo etmoqda.

Ikkinchi FES uchun tanlangan maskan Samarqand shahridan ko‘ra Navoiy va Koson shaharlariga yaqinroq — u Nurobod tumanining olis go‘shalarida qurilmoqda. Bu yer bejizga tanlanmagan. Cho‘l-dasht hududi nihoyatda tekis, yil bo‘yi quyoshli kunlari ham ko‘p bo‘ladi. Boz ustiga, tanlangan joy magistral elektr tarmoqlariga ham yaqin.

Fransiyalik mutaxassis Jorj Jozef Diab o‘zi boshchiligida mahalliy 400 dan ziyod ishchilar mehnati bilan barpo etilayotgan zamonaviy elektrstansiyaning o‘ziga xos jihatlari haqida shunday dedi:

Jorj Jozef Diab

«Ushbu stansiyamizdagi o‘rnatilayotgan modullar unikal hisoblanadi. Xitoyda ishlab chiqarilgan bu modullar ikki tomonli. Ularning ham old, ham orqa tarafi ishlaydi. Ya’ni har ikki tomoni ham bir vaqtning o‘zida energiyani jamg‘ara oladi.

Modullar trekerlarga o‘rnatilgan, ular osmondagi quyoshning harakatiga qarab buriladi. Panellar ertalab quyoshni sharqda kutib olib, har 15 daqiqada burilib, kechqurun g‘arbga kuzatib qo‘yadi.

Stansiyamizda 18 ta nimstansiya bor. Ular elektr energiyasini to‘playdi va bosh nimstansiyaga uzatadi. Bosh nimstansiya yuqorivoltli nimstansiyaga uzatadi. U yerda kuchlanish 220 kilovoltga aylantirilib, respublika magistral tarmog‘iga ulanadi», - dedi Jorj Jozef Diab.

Energetika vazirligi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari boshqarmasi boshlig‘i Abdullajon Otaboyev stansiya 350 gektar maydonda qurilayotganini aytdi. Energetika vazirligi «Total Eren» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 25 yil davomida xarid qilish kafolatini olgan.

Abdullajon Otaboyev

Taqqoslash uchun ushbu FESda bir yilda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi issiqlik elektrstansiyalarida ishlab chiqarilganida taxminan 75 million metr kub tabiiy gaz sarflangan bo‘lar edi. FES 100 mingta xonadonni kunlik elektr energiyasi bilan ta’minlay olish quvvatiga ega.

Darhaqiqat, ikki tomonlama panelning ishlash samaradorligi yuqori. Chunki panellarning quyoshga qaragan tarafi bilan bir qatorda, uning orqa tomoni ham yorug‘lik energiyasini elektr energiyasiga generatsiya qila oladi.

Fransiya kompaniyasi avval Qozog‘istonda ikkita mana shunday quyosh elektr stansiyasi barpo etgan. O‘zbekistondagi loyiha ular uchun birinchisi. Bu yerda qozog‘istonlik mutaxassislar ham ishlashmoqda.

100 foiz chet el investitsiyasi tikilib, 353 gektar maydonda barpo etilayotgan stansiyada panellar o‘rnatilmoqda. Bu yerda panellarning umumiy soni 295 mingdan ziyodni tashkil qiladi. Stansiyada elektr energiyasi to‘planmaydi, generatsiya qilingan zahoti darhol iste’molchilarga yetkazib beriladi. Ya’ni stansiya faqat kunduz kuni ishlaydi.

Nuroboddagi fotoelektrstansiya bitay deb qolgan va u yaqin kunlar ichida iste’molchilarga tok uzata boshlaydi.

Bu Samarqand viloyatida quriladigan quyosh elektr stansiyalarining birinchisi. 2023 yil yakuniga qadar Kattaqo‘rg‘on tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi tomonidan quvvati 220 MW bo‘lgan ikkinchi yirik quyosh fotoelektrstansiyasi qurilib, ishga tushiriladi.

Nurobodda qurilayotgan FESdan farqli o‘laroq, Kattaqo‘rg‘onda Amirliklar tomonidan quriladigan quyosh stansiyasi elektr energiyasini akkumulyatorlarga to‘plab, tunda ham iste’molchilarga uzata olish qobiliyatiga ega bo‘ladi.

Avvalroq 2023 yilning yakuniga qadar Surxondaryo, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida 4 ta quyosh fotoelektrstansiyalari ishga tushirilishi xabar qilingan edi. Loyihalarning uchtasi BAAning «Masdar», bittasi Niderlandiyaning «Phanes Energy Holding III B.V.» kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

002.jpg
003.jpg
004.jpg
001.jpg
005.jpg

Mavzuga oid

E`lonlar