O‘zbekiston | 07:51 / 26.03.2022
8508
2 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda qurilishdagi baxsiz hodisalar oqibatida 84 nafar ishchi halok bo‘lgan

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasidagi tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish tizimini yanada kuchaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.

Loyihani qabul qilish zarurati qator omillar bilan asoslangan. Fevral oyida O‘zbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi to‘g‘risidagi 167-sonli konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. 

Konvensiya ratifikatsiya qilinishi munosabati bilan qurilish sohasidagi mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid qonunchilik va mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni hamda normativ-huquqiy hujjatlarni konvensiya talabidan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish zarur.

Bildirilishicha, mehnatni muhofaza qilish sohasida ish beruvchilar tomonidan, ayniqsa qurilish sohasida mehnatni muhofaza qilish talablariga e’tiborsizlik holatlari va qurilish maydonchalarda xodimlarga xavfsiz sharoitlar yaratilmagani kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, 2021 yil davomida respublikada sodir bo‘lgan va qayd etilgan 574 ta baxsiz hodisalarning 168 tasi, ya’ni 29 foizi qurilish sohasida sodir bo‘lgan baxsiz hodisalardir. Baxsiz hodisalar oqibatida 199 nafar xodim halok bo‘lgan, shuning 84 nafari (42 foizi) qurilish sohasida mehnat qilgan ishchilar. Bundan tashqari, ushbu sohada sodir bo‘lgan baxsiz hodisalar oqibatida 113 nafari og‘ir tan jarohati olgan.

Shuningdek, qurilish maydonlarida qurilish ishlariga jalb qilingan xodimlarning qurilish sohasiga oid bilim, malakasi yetarli bo‘lmagani, aksariyat ishchilar norasmiy holda ishlab kelayotgani amalga oshirilgan ishlarning sifati past bo‘layotganiga sabab sifatida keltirilgan.

Mavzuga oid