O‘zbekiston | 08:26 / 28.03.2022
5876
3 daqiqa o‘qiladi

Milliy gvardiya oilaviy bolalar uyi tashkil etmoqchi bo‘lganlarni tayyorlov kurslarida o‘qitadi

Foto: Milliy gvardiya

Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning oilaviy shakllarini keng joriy etish hamda oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oilaviy bolalar uylari ta’minoti quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi: davlat budjeti mablag‘lari; xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari, grantlar; jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari; qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilanishicha, 2022 yil 1 martdan boshlab:

a) Oilaviy bolalar uyi tashkil etish istagida bo‘lgan fuqarolar (talabgor) uchun tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetining “Harbiy vatanparvarlik, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi tomonidan tashkil etiladi;

talabgorlarga tayyorlov kurslarini tugatganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi;

tayyorlov kurslari mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun tegishli tarmoq vazirliklari, idoralar va tashkilotlarning ijtimoiy ishlar sohasidagi mutaxassislari hamda o‘quv-tarbiya muassasalarining ijtimoiy-psixologik-pedagogik ko‘maklashuv xizmati xodimlari jalb etilishi mumkin;

tayyorlov kurslarining faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

b) vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan fuqarolar (talabgor) tayyorlov kurslarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjati mavjud bo‘lgan fuqarolar orasidan tanlanadi;

2022 yil 1 martga qadar bolalarga vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan fuqarolardan (talabgor) tayyorlov kurslarini yakunlaganlik to‘g‘risidagi hujjat talab etilmaydi.

Belgilanishicha, yetim bolalarni vasiylikka yoki homiylikka olayotgan va tarbiya qilayotgan oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022 yil 1 iyundan yetim bolani vasiylikka va homiylikka olgan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan oilalarga ushbu bolalar 18 yoshga to‘lguniga qadar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har oy bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida moddiy yordam puli to‘lab boriladi.

Oilaviy bolalar uylarining kommunal xarajatlarini moliyalashtirish Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan miqdorda amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid