O‘zbekiston | 15:02 / 29.03.2022
10779
2 daqiqa o‘qiladi

Orol dengizining suvi ko‘paygani ma’lum qilindi

Foto: KUN.UZ

Bu haqda Qozog‘iston ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligiga tayanib, xabar.uz ma’lumot berdi.

Qozog‘iston ekologiya vazirligi Orol dengizining shimoliy qismini saqlab qolishga qaratilgan «Asr loyihasi»ning birinchi bosqichi yakunlari bo‘yicha hisobot bergan.

Unda aytilishicha, Shimoliy Orol dengizi to‘g‘oni (Ko‘korol), Aytek inshootlar majmuasi, Sirdaryo himoya to‘g‘onlari, Qizilo‘rda shahri, Kazalinsk gidrouzellari, Shardara va Arnasoy suv omborlari to‘g‘onlarida katta hajmdagi qurilish ishlari bajarilgan.

Natijada Orol dengizi shimoliy qismiga oqib tushadigan suv hajmi oshdi, Orolbo‘yining ko‘plab biologik turlari tiklandi, qishloq xo‘jaligi yerlarining sug‘orma suvlar bilan ta’minlanishi yaxshilandi, deyiladi xabarda.

Sirdaryo o‘zanining suv o‘tkazuvchanligi 350dan 700 m³/s.gacha oshgan. Orol dengizining shimoliy qismi geografik iqlim hosil qiluvchi obekt sifatida saqlab qolinishiga erishilgan. Sug‘orish tizimlari va ko‘llarni suv bilan ta’minlash ko‘paygan.

Orolbo‘yining Qozog‘iston qismida bioxilma-xillik tiklangani aytilmoqda: mahalliy baliq turlari rivojlanishi va osyotrsimon baliq turlarini ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Baliq tutish hajmi 0,4 ming tonnadan 6,0 ming tonnaga ko‘paygan va kelgusida 11,0 ming tonnaga yetkazish kutilmoqda.

«Ko‘llarning tiklanishi baliqchilikni rivojlantirish imkonini berdi. Ilgari Orol dengizida yo‘qolib ketgan 13 turdagi baliq tiklandi, baliq ovlash hajmi 400 kilogrammdan 7 ming tonnaga ko‘paydi», — deyiladi Qozog‘iston ekologiya vazirligi hisobotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda Qozog‘iston prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, «Orol dengizining shimoliy qismini qayta tiklash» ikkinchi bosqich loyihasi tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid