O‘zbekiston | 11:31 / 30.03.2022
16642
2 daqiqa o‘qiladi

DXX 7,7 mln dollarga teng kriptovaluta ishlab chiqargan noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘ydi

Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryoda noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘ydi. Bu haqda xizmat e’lon qilgan xabarda aytilgan.

Foto: Getty Images

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat binosida noqonuniy mayning ferma faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘lgan.

Aniqlanishicha, Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy korxona ushbu MChJ binosini ikki yil muddatga ijaraga olgan va u yerda 1 491 komplekt mayning qurilmalari hamda 9 280 dona videokartalardan foydalangan holda mayning ferma tashkil etgan.

Xabarda aytilishicha, 2020 yilning avgust oyidan buyon 7,7 mln AQSh dollariga teng kriptovaluta ishlab chiqarilgan. Buning uchun mas’uliyati cheklangan jamiyat va xorijiy korxona rahbarlari o‘zaro til biriktirib, elektr tarmog‘iga ulanish uchun tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan tuzilgan shartnomada faoliyat turiga quyonchilik fermasi tashkil etish mazmunida soxta ma’lumotlar kiritgan. 

Foydalanilgan katta hajmdagi elektr energiyasi uchun past narxda to‘lovni amalga oshirishlari oqibatida ular tomonidan davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid