O‘zbekiston | 21:04 / 30.03.2022
29367
2 daqiqa o‘qiladi

Zangiota tumani hokimining sobiq o‘rinbosari qidiruvga berildi

2022 yil 10 yanvargacha Zangiota hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan ayblov e’lon qilinib, sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan va qidiruv e’lon qilingan.

Foto: Kun.uz

Zangiota tumani hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, jinoyat ishi doirasida Zangiota tumani hokimining sobiq o‘rinbosariga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan ayblov e’lon qilinib, sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda qidiruv e’lon qilingan.

Kun.uz'ning aniqlashicha, jinoyat ishi tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari J.U.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan. U 2022 yil 10 yanvardan o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilgan.

Qayd etish lozim, mazkur ish Kun.uz surishtiruv o‘tkazgan holat: Zangiotada maktab qurilishi uchun mo‘ljallangan yer tadbirkorga auksionsiz, nol qiymatda berib yuborilgani va u yerda turar joylar qurilgani bilan bog‘liq emas. Dekabr oyida mazkur holat bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Mavzuga oid