O‘zbekiston | 11:28 / 03.04.2022
35863
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘rikdan ayrildik hisob” - bog‘bonlar martdagi yog‘ingarchilik ta’siri haqida

Mart oyidagi tinimsiz yomg‘irlar ayrim daraxtlar gulini to‘kib yuborgan. O‘tgan yili aprel oyi boshlaridagi kutilmagan sovuq sabab ham xuddi shunday holat ro‘y bergandi. Kun.uz turli hududlarda yashaydigan bog‘bonlar bilan mart oyidagi sovuq va yomg‘irli ob-havo mevali daraxtlarga qanday ta’sir qilgani haqida suhbatlashdi.

Foto: Kun.uz

Mart oyida kuzatilgan anomal yomg‘irlar va sovuq harorat mevali daraxtlar, ayniqsa, o‘rik guliga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. Gidrometeorolog Erkin Abdulahatovga ko‘ra, oxirgi 70 yillikda daraxtlarning vegetatsiyaga kirish davrida mart oyida kuzatilganidek ko‘p yog‘in yog‘magan. Shu sabab dov-daraxtlarda zararlanish holatini baholash biroz qiyin va kechroq to‘liq ma’lumotlar olinadi.

Biz suhbatlashgan aksar bog‘bonlar bu yil xam o‘rikdan umid uzganini aytmoqda.

O‘tkirbek Mirzaobidov, bog‘bon. Farg‘ona, Oltiariq

– Oltiariqning qir-adirli joyida 15–16 yoshli 10 gektar o‘riklarimiz bor. Rossiya va o‘zimizning boshqa viloyatlarga chiqarardik. O‘rik rosa gullaganda yomg‘ir yog‘ishni boshladi va 1 hafta quyosh umuman ko‘rinmadi. O‘zi bu paytdagi yomg‘ir daraxt gullariga ziyon qiladi. Oldingi yillarda ham 1-2 kun yomg‘ir yog‘ib, o‘rik gullarining 10–20 foizini chiritib qo‘yardi. O‘rik guli tepaga qaragan bo‘ladi va gulining tagida meva, g‘o‘ra bo‘ladigan joyida kosacha bo‘ladi, shu joyiga suv kirib qolsa, chiqib ketmaydi. Gullar chirib qoladi. Gilos, qashg‘ar giloslarning guli yerga qaragan bo‘ladi va ularga suv kirmaydi. Yog‘ingarchilikda ular hali gullamagandi ham.

Yomg‘ir yog‘ib, mart oyida arilar umuman chiqmadi. Arilar chiqmagach changlash ham yo‘q. Hozir daraxtlar qorayib, gulini to‘kib yubordi. Yeyish uchun o‘rik qolganiga umid bor, lekin sotish uchun yo‘q. Kechki yoki tog‘ hududlaridagi o‘riklarning hali uyg‘onib ulgurmaganlari bor. Ular endi gullagan. Biz o‘rikdan ayrildik hisob. Bizning o‘riklarni sovuqqacha yomg‘ir chiritib bo‘lgandi, sovuqqa yetib bormadi. Shaftoli, giloslar yomg‘irdan keyin gulladi. Ularning mevasi yaxshi bo‘ladi. 10–25 sotixli 2-3ta uzum bog‘larimiz ham bor. Uzumlarimiz endi kurtak yozyapti. Ularni sovuq urmagan.

Bahodir Qayumov, bog‘bon. Qashqadaryo, Qarshi

– Bog‘imda 150 tup bodom va 50–60 tup o‘rik bor. Bodomlarimizning 10 foizini sovuq urdi, qolgani yaxshi. O‘zim har birini tekshirib qarab chiqdim. O‘rikning 70 foizini sovuq urib ketdi. Ancha erta gullagan va kech gullagan o‘riklarniki qoldi, aynan qor yog‘ganda gullab turgan o‘riklarning 90 foizdan ko‘pini sovuq urib ketdi. Qashqadaryoning boshqa joyini bilmadim-ku, lekin Qarshi shahrida shunday holat.

Mardonbek Akramov, mevachilik va ko‘chatchilik sohasi mutaxassisi

– Sovuq o‘rik guliga ta’sir qildi, yon-atrofimizda qolgan daraxtlarga unchalik ta’sir qilmadi. O‘rik guliniyam oq qandak navlarini sovuq urdi. Bodom guliniyam to‘liq deya olmayman-u, ayrim hududlarda sovuq urdi, ayrim joylarda yaxshi turibdi.

Abduvoris Rahmonov, ko‘chat yetishtirish bo‘yicha mutaxassis. Andijon, Paxtaobod

– Biz O‘zbekistonning sharqiy chegara hududida yashaymiz. Mart oyidagi noqulay ob-havo o‘rik hosiliga juda katta ta’sir qildi. O‘rik daraxtlarimiz 90 foiz, bodomlarimiz 30 foiz gulini to‘kdi. Bilishim bo‘yicha, Andijon viloyati yarmida shunday holat.

To‘xtamurod Hojibolayev, bog‘bon, Farg‘ona, Quva

– O‘riklarni 90–95 foiz sovuq urdi. Bodomlarga sovuq unchalik ta’sir qilmagan. Qolgan mevali narsalar yaxshi, yangi ekilgan nihollarga ziyoni yo‘q.

G‘ayrat Matsapayev. Surxondaryo, Amudaryo

– Bizda hammasi joyida. Chunki sovuq urushidan oldin mevalar vegetatsiyaga kirishmagandi. Hozir o‘riklar odatdagidek gullab turibdi. Boshqa mevalar endi uyg‘onmoqda. Lekin keyingi sovuq havo massalari kirib kelsa, aniq sovuq ursa kerak.

Erkabayev Zohidjon. Qoraqalpog‘iston, Beruniy

– Beruniy tumanida 28-29 mart kunlarigacha gullagan o‘riklarni sovuq urdi, ochilmay qolganlari yaqinda gulladi. Faqat o‘rik daraxtlariga ziyon tegdi, ularning 50–60 foizini sovuq urdi, deb o‘ylayapman. Lekin Nukus shahrida o‘riklarni sovuq urmadi. Bu hududdagi o‘rik gullari 28 martgacha ochilmagan edi, endi yoppasiga gullayapti.

Islombek Sultonov, xandon pista bo‘yicha mutaxassis. Namangan, Namangan tumani, “Qo‘rg‘oncha” MFY

– O‘riklarimizning hammasini sovuq urdi. Bizda kech gullaydigan ozarboyjon bodom navi bor. U hozircha yaxshi turibdi, changlanishi yaxshi. Shaftolilar endi uyg‘ongan. Ularga sovuq ta’sir qilmagan. O‘tgan yili ham shunaqa bo‘lgandi. Bodom, o‘rik va shaftolini qisman sovuq urgandi. Chunki o‘tgan yili 3 aprelda harorat -0 darajagacha tushib ketgandi.

Muhriddin Saidmahmudov, Toshkent viloyati, Parkent

– Qishning iliq kelishi natijasida daraxtlar barvaqt uyg‘onyapti va bahordagi ob-havo sovishi erta gullagan daraxtlar gulini to‘kyapti. Bu yil ham shunday bo‘ldi. Muttasil yog‘gan yog‘inlar fevral oyi oxirida qiyg‘os gullash sikliga o‘tgan daraxtlar, gullarning changlanishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lsa, mart oyidagi ketma-ket sovuq bodom, o‘rik gullarini nobud qildi. Ularning 5–10 foiz atrofida gullari sovuqdan omon qolgan.

Bu muammoga soha mutaxassislari yechim topishlarini istardik. Balki erta gullaydigan o‘rik va bodomning yangi navlarini ekish kerakdir. Bu yilni ham qo‘shib hisoblasak, Parkentda 4 yildan beri o‘rik va bodomni sovuq urishi kuzatilmoqda, ko‘pchilik daraxtlarini kesib boshqa mevali daraxtlarni ekishni afzal ko‘ryapti. Mutaxassislardan oddiy uy xo‘jaliklari uchun tavsiya va yechimlarni kutib qolamiz.

Bundan tashqari, biz murojaat qilgan Samarqand, Navoiy, Buxoro hududidagi bog‘bonlar ham o‘riklarning guli eng ko‘p nobud bo‘lganini aytmoqda.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid