O‘zbekiston | 22:40 / 04.04.2022
9305
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning yirik shaharlarida chorrahalar to‘liq raqamli boshqaruvga o‘tkaziladi

Prezident qaroriga ko‘ra, markaziy shaharlardagi chorrahalar to‘liq raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkaziladi. Bu bo‘yicha hokimliklar javobgar deb belgilandi.

Foto: IIB axborot xizmati

2023 yil oxiriga qadar Toshkent shahrining barcha chorrahalarida, shuningdek, Nukus shahri va viloyatlar markazlarining yirik asosiy serqatnov chorrahalarida, 2024 yil yakuniga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarining barcha chorrahalarida raqamli boshqaruv tizimi joriy qilinadi.

Bu – prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 4 aprel kuni imzolangan “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilandi.

Chorrahalarni to‘liq raqamli boshqaruv tizimiga o‘tkazish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklandi.

Shaharlarda yo‘l belgilari, ko‘rsatkichlari va svetoforlarni o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini chizish, piyodalar o‘tish joylarini belgilash orqali yo‘l harakati vositalarini tartibga solishga ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari mas’ul deb belgilandi.

Transport va piyodalar oqimi, piyodalar bilan bog‘liq sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining tahlili asosida tumanlar va shaharlardagi aholi gavjum hududlarda piyodalar o‘tish joylariga piyodalar boshqaradigan svetoforlarni 2023 yil yakuniga qadar o‘rnatilishi nazarda tutilmoqda.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid