Jahon | 10:01 / 04.04.2022
14184
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Buchadagi voqealar tufayli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritadi

Yangi sanksiyalar, xususan, Rossiya kemalari tomonidan YeI portlaridan foydalanishni taqiqlash, eksport cheklovlari va energiya tashuvchilarga embargo qo‘yishni o‘z ichiga oladi, deb yozadi FT. Elchilar ularni 6 aprel kuni ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

Foto: RIA Novosti/Vladimir Sergeev

Yevropa ittifoqi Kiyev viloyatidagi Bucha shahridan olingan qurbonlar suratlari va videolari e’lon qilinganidan so‘ng Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga tayyorlanmoqda, cheklov choralari YeI elchilari tomonidan 6 aprel, chorshanba kuni ko‘rib chiqilishi kutilmoqda, deb xabar berdi FT ushbu rejalar bilan tanish diplomatga tayanib.

Nashrning yozishicha, ba’zi a’zo davlatlar tomonidan taklif qilingan yangi cheklovlar ko‘proq shaxsiy sanksiyalarni, Rossiya kemalarining Yevroittifoq portlaridan foydalanishini taqiqlashni, qo‘shimcha eksport cheklovlarini va energiya tashuvchilar: ko‘mir, neft yoki gazga embargo qo‘yishni qamrab oladi.

Bir kun avval Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish rejalari borligini ma’lum qilgan edi. Moliya vaziri Kristian Lindner, o‘z navbatida, Germaniya 4 aprel, dushanba kunidan hamkorlar bilan chora-tadbirlarni muhokama qilishni boshlash niyatida ekanini bildirdi.

Germaniya vitse-kansleri Robert Habekning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaga nisbatan beshinchi cheklovlar to‘plami kelasi haftadayoq qabul qilinishi mumkin, ular moliyaviy sektor va texnologiya mahsulotlariga tegishli bo‘ladi. Shu bilan birga, Habek yaqin kelajakda Rossiyadan neft, gaz va ko‘mir yetkazib berishga embargo qo‘yilishini istisno etdi. 

Prezident Vladimir Putin va Rossiyaning yuqori rahbariyati, rossiyalik ishbilarmonlar, amaldorlar, davlat kanallari, kompaniyalar, banklar xodimlari allaqachon YeI sanksiyalariga tushgan. Rossiyaga qimmatbaho avtomobillar, soatlar va kiyim-kechaklarni eksport qilish taqiqlangan.

Rossiya Mudofaa vazirligi «Bucha aholi punktida tinch aholining o‘ldirilishi»ga aloqadorlik haqidagi ayblovlarni rad etdi. 

Vazirlik, xususan, Reuters va AFP kabi ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak tomonidan e’lon qilingan jasadlar fotosuratlari va videolarni «yana bir provokatsiya» deb atadi. Rossiya harbiylari 30 mart kuni qo‘shinlar Buchani tark etganini da’vo qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid